Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat QAYSIDIR OLIS-YIROQLARDA QO‘L VA QALB YETMAS MUHTASHAM NIMADIR BOR
Ma’naviyat

QAYSIDIR OLIS-YIROQLARDA QO‘L VA QALB YETMAS MUHTASHAM NIMADIR BOR

Saralangan satrlar

Rus adabiyoti deganda, Pushkin, Lermontov, Gogol, Dostoyevskiy, Tolstoy, Chexov, Turgenev kabi gigantlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Bu muhtasham adabiyot vakillari shu qadar ko‘pki, “oltin” va “kumush” davrlarga bo‘lib tadqiqu talqin etiladi. Andrey Platonov nomi esa u qadar mashhur emas. Uning ko‘plab asarlari o‘z davrida e’tiborsiz qolgan bo‘lsa-da, bugungi kunda jahon adabiyotining durdonalari qatorida e’tirof etiladi.

Platonov asarlari Stalin davrida taqiqlangan. Sababi, “Chevengur”da kommunizm qurmoqchi bo‘lgan odamlarni antiutopik shaklda gavdalantirgan bo‘lsa, “Xandaq”da baxtli hayot (go‘yo kommunizm) uchun ulkan uy qurish istagida bo‘lgan, biroq chuqur qazishdan nariga o‘tolmagan korandalar kechmishi hikoya qilinadi. Binobarin, Platonov o‘sha davrlarda yagona siyosiy maqsad bo‘lgan sosializmga nisbatan shubha bilan qaray olgan ilk yalovbardor adib edi.

1931-yilda Andrey Platonov qalamiga mansub “Shubhalangan Makar” qissasini o‘qigan Stalin “Talantli yozuvchi, ammo ablah” deb baho beradi. Shundan keyin barcha gazeta va jurnallar Platonovning har qanday asarini qabul qilishdan bosh tortadi. Yozuvchi asarlari o‘tgan asrning 80-90-yillarida nashr etila boshlagan.

Iosif Brodskiy Andrey Platonovni Jeyms Joys, Robert Muzil va Frans Kafka kabi adiblar bilan bir qatorga qo‘yadi.

Voronej universiteti binolaridan biri oldida yozuvchiga haykal o‘rnatilgan bo‘lib, lavhada “Mensiz xalq to‘kis bo‘lolmaydi” deb yozilgani ham e’tiborga molik.

Murakkab til, “syurrealistik uslub”, o‘ziga xos falsafa sabab Brodsiy Andrey Platonov asarlarini boshqa tilga o‘girish imkonsiz, deb aytgan. Niderlandiyada yashayotgan o‘zbek adibi va tarjimon Sharifjon Ahmedov ayni shu murakkab ishga qo‘l urdi: bir necha yil ilgari “Jon”ni, 2024-yilda “Xandaq”ni o‘zbek tiliga tarjima qildi. Asarni originali bilan solishtirganlar tarjimon mahorati va jur’atiga tasanno aytishayotgani ham bor gap. Siz ham o‘qib ko‘-ring-chi…

* * *

Uyqu uchun aql-u hush oromi, atrofda kechayotgan hayotga ishonch-u e’tiqod, boshdan kechirilgan musibatga kechirim kerak bo‘ladi.

* * *

Baxt keltiradigan nimadir ixtiro qilish lozim, shunda odamlarning qalbida yaxshilik barq uradi.

* * *

O‘tinch murojaati uchun ham kimsada ehtirom bo‘lmog‘i lozim.

* * *

Ommadan ortga qolishga qo‘rqasizlar-u, ammo boshlariga chiqib olganingizni bilmaysizlar!

* * *

Fikrsiz va o‘ysiz kaslarning mehnati ham bema’nodir!

* * *

Tiriklikda tirik neki bo‘lsa, bu zayl hayotiga qanoatda anglamsiz va beshuur yashashda bardavom. Baayni yolg‘iz birov va yo bir hovuch saylanma mumsiklar ichlarimizni obdan titkilab, bor e’tiqodimizni sug‘urib olgan va uni yolg‘iz o‘zlarining saodatli iqbollari uchun batamom musodara etgandi.

* * *

Qaydadir olisda jildiragan jilg‘a-yu erinib esayotgan shamol bu zulmat yaydoqligini to‘latib turar, to‘latilgan ushbu buzruk nimarsa anduhini esa alhol yolg‘iz qushlargina tarannum etarki, illo, urdun balandlarda parvoz etganlar uchun quyi olamning qayg‘usi begona edi va shundanmi, qo‘shiqlarini baralla aytib, dillari hech dog‘lanmasdi.

* * *

Tiriklik sababi-yu hayot mazmunini, balki, o‘z shuuringda yaratganing durustdir – shunda mahzun tuyg‘ular orqali o‘sha mazmunlarga bexos duch kelish ham mumkindir, ehtimol.

* * *

Mana bu odamlarga boq, tug‘ildingmi, nolimay yashayver!

* * *

Butun olamni changalida tutishgan-u, yana qorin qappaytirishga ko‘ngil qo‘yishibdi.

* * *

Yolg‘iz daraxt chuqurlik uzra bosh eggan ko‘yi tavalludining ilk ibtidosimi va yo intihosining so‘nggi ishoratlarini izlab quyiga ko‘z tikib turardi.

* * *

“Agar rostdan ham kalamushlar urchigan bo‘lsa, Osoviaxim to‘garagini tuzib, istagan maxluqni ko‘nglingiz tusaganicha qirib, malaka to‘plang. Burjuaziya bilan kurashda hali ko‘p asqatadi bu hunar!..”

* * *

Inson bir tosh emas, illo, unga yashamoq ravodir.

* * *

Har birimizga jonsiz muayyan sohalarni o‘rgatishgan. Men, masalan, tuproq tarkibini, vazn og‘irligi va sokinlik mexanikasini bilaman, ammo mashina tuzilishi-yu tirik jonzotlar yuragi urishining sabablari borasida uquvsizman. Umumiy butunlik va bu butunlik ichidagi narsalarni bizga anglatishmagan.

* * *

Bir paysa hukmronlik har qanday odamning xotirini jam qilib, odobini durustlamaydimi axir?..

* * *

Navnihol yoshida tuyg‘ulariga andarmonning aqli keyin tez to‘lishadi.

* * *

Ishchilar sinfi Nikolay poshsho emaski, har turli unsurlar isyonidan qo‘rqsa.

* * *

Odamdan biron narsa qolsin deyman – o‘liklarni ko‘rib, tiriklikda yashashim sababini bilolmay qiynalaman!

* * *

O‘liklar ham odam, ayniqsa, ular odam.

* * *

Ko‘kning qay bir yeridan bir maromda ezgin to‘kilayotgan tomchilar daraxt yaproqlari, chetan devorlar-u sokin kulbalar poxol tomida mahzun kuyini chalmoqda edi. Ulkan bo‘shliqdan loqayd quyilayotgan samo suvlari daqiqa sayin tabiatning sillasini quritib borayotgan kabi tuyular, yomg‘ir qo‘shig‘iga quloq tutgan loaqal bir shu odamning anduhi bo‘lmasaydi, butun sharbatini isrof etib shu zayl o‘zini pajmurda etayotgan borliqning jonnisor ishtiyoqi behuda ketardi…

* * *

Masala oxirgi xo‘rozni kim yeganida emas, aksincha, birinchisini kim yeganida.

* * *

Ketganning kelishi bor, bir narsa ko‘yida allaqaysi yiroqlarda tentirab yurgandan ko‘ra shu yerda tosh qotganing afzal.

* * *

O‘zim ham bilmayman buning nima ekanini. Qaysidir olis-yiroqlarda qo‘l va qalb yetmas muhtasham nimadir bor-u, ammo bundan benasib mening umrim g‘urbatlarda guzaron yurganday tuyuladi.

* * *

Dehqon qo‘lida bir dona taka ham yana qayta kapitalizm bosh ko‘tarishiga dastak bo‘lishi qo‘rqinchi bor…

* * *

Chetan to‘siq bilan ihotalangan katta chorbog‘da boshqa kulba bo‘lib, bo‘sh tobut ichida boshqa mujik yotar va qitir degan har sasdan cho‘chib, ko‘zlarini o‘likday chirt yumib olgandi. Uning bosh tarafida necha haftadirki jinchiroq lipillab yonar, tobutda yotganning o‘zi vaqti-vaqti bilan unga moy quyib turardi.

* * *

Toshday qattiq qandni matonat bilan g‘ajib, yarmigacha kelsa hamki, kutgan mazasini topmagan bola muz parchasi kabi yiltiroq konfet orasiga ajablanib qaradi – sirti kabi ichi ham birday qattiq edi. Bola qandning qolganini zarda bilan aktivist qo‘liga tutqazdi:

– Qolgani o‘zingga siylov, murabbosi yo‘q ekan: xuddi kolxozlashtirishga o‘xshaydi – tishing singuday g‘ajiysan-u, ammo mazasini topmaysan!

* * *

Bu yorug‘ olamda baribir haqiqat yo‘q, bo‘lgan bo‘lsa ham, balki, biror o‘simtami nihol bag‘rida va yo serg‘ayrat qaysidir maxluq ichida bo‘lgan, biroq darbadar qay bir yo‘qsil yo‘l chetida o‘sgan o‘sha haqiqatni yeb bitirgan, o‘rmalagan mazlum o‘sha jonivorni ham toptab o‘tgandir-u shundan so‘ng ovloqlarda joni uzilgan bu yo‘qsilning o‘zini esa kuzak shamollari tilka-pora qilib, yo‘qlik taraf ravona qilgandir, ehtimol.

* * *

Birlashgan odamlar fahm-farosatsiz yashashlari aslo mumkin emas.

* * *

Butun mamlakatni kolxozga aylantirmoqchisizlar, faqat bir narsani biling – ulkan bir kolxozga aylangan mamlakat oxir-oqibat faqat bir shaxsning mulkiga aylanadi, o‘shanda meni eslarsiz.

* * *

“Avval bir oilam tashvishi boshimda edi, endi bo‘lsa, hammani boqish uchun ishlashim kerak. Buncha boqimandani boqishning o‘zi bo‘larkanmi, hash-pash deguncha go‘rga kirib ketamiz-ku bunaqada!”

* * *

Tafakkur barcha tuyg‘ularning yakuniy manzili va intiho hosilasi ekan va xavotirli mayllarning jo‘shqin silsilasi bari aynan bunda tushovlanib orom topar ekan, muttasil tahlika va betinim intilishlar boisi nedan unda?

* * *

Haqiqat hech vaqt mudramas…

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version