Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat QAYTADAN, YANGITDAN HAYOT BOSHLAMOQ KERAK: XATOLARSIZ, GUNOHLARSIZ; OLIJANOBROQ BO‘LIB!..
Ma’naviyat

QAYTADAN, YANGITDAN HAYOT BOSHLAMOQ KERAK: XATOLARSIZ, GUNOHLARSIZ; OLIJANOBROQ BO‘LIB!..

Shunday asarlar bo‘ladiki, tuzumlaru dunyoqarashlar o‘zgarishi ularning yashab qolishiga zig‘ircha ta’sir etmaydi. Yuksak mahorat bilan yozilgani, badiiy saviyasi, asar markazida Inson va uning dardu tashvishlari turgani, kimgadir yoqish, kimgadir yaxshi ko‘rinish ilinji bo‘lmagani sabab bu asarlarni barcha davr o‘quvchilari yaxshi ko‘rib o‘qiydi, ta’sirlanadi.

Xayriddin Sultonov “Yozning yolg‘iz yodgori” qissasini yoza boshlaganda, endigina 24 yoshda bo‘lgan ekan. Asar dunyo yuzini ko‘rgach, xudosizlik tuzumi davrida e’tiqodda sobitqadam inson kechinmalarini qalamga olgani uchun ishdan mosuvo bo‘lgani va kitoblari yig‘ishtirib olingani, bir muddat do‘stlarining madadi bilan kitoblar tahriri bilan kun kechirganiga nima deysiz?!

Ayni shu qissa asosida o‘zbekning katta rejissyori Sobir Nazarmuhammedov “Yolg‘iz yodgorim” filmini suratga olgan. Ayni yigit yoshida qatag‘onga uchrab, surgun qilingan va qartayib qolganda qamoqdan qaytgan Adash Karvonga naq ellik yoshi ostonasida Xudo farzand beradi. Ana shu tilab olingan dilbandi bo‘y cho‘zib, er yoshiga yetganda, otib qo‘yishadi. Farzand dog‘ini ko‘tarolmagan kampiri yorug‘ olamni tark etadi. Adash Karvon iztiroblari ko‘ksida yurak bor har qanday kishini sel qilib yuboradi…

Asarda iztirob va umid ichidagi Inson qiyofasini ko‘ramiz. Mo‘minlik va mutelik, xokisorlik va xorlik o‘rtasidagi chegarani aniqlab olamiz. O‘zga e’tiqoddagilar aytganidek, inson o‘ng yuziga urishganda, chapini ham tutib berishi kerakmi, yo “salom”ga yarasha “alik” darkormi? Qay biri inson tabiatiga xos? Yolg‘iz yodgorini otib qo‘ygan odamni kechirish, gunohidan o‘tish kerakmi, yo qasosni qiyomatga qoldirgan ma’qulmi? Har holda “Kechirmagan kechirilmaydi” degan gaplar ham bejiz aytilmagan.

Qissadan olinadigan xulosalar, zavqqa esh etadigan lavhalar ko‘p. Keling, siz ham bebahra qolmang.

Saralangan satrlar

*  *  *

To‘satdan kelgan g‘am yomon bo‘larkan.

*  *  *

Azim qayrag‘ochlar shoxida ilinib qolgan bitta-yarimta qahrabo barglar o‘tgan bahoriga alvido aytib, kuzak shamolida ojizgina titraydi, dov-daraxtlarning ohista shovullashi abadiy sukunatga raxna solib, yolg‘iz tabiatgina o‘lim bilmasligini ta’kidlamoqchidek, bir zum tinmaydi.

***

Yuqorida, tepa bag‘rida past-baland do‘mpaygan qabrlar ko‘zga chalinardi.

“Mana, chin uying. Yelib-yugurib, aylanib-o‘rgilib, oxir bir kun yog‘och ot minib shu yerga kelasan. Kelasanu ichkari kirasan. Kirmoq bor-u, chiqmoq yo‘q”.

*  *  *

Musibat kishini to‘satdan ulg‘aytirib qo‘yadi.

*  *  *

Buvisi o‘lganda qaro yerga ko‘mishgani unga behad adolatsizlik bo‘lib tuyulgan edi. Nainki inson ilon-chayonga, qurt-qumursqaga yem bo‘lgani dunyoga kelsa! Keyinchalik, oq-qorani tanigach, bu odat zamiridagi teran bir hikmatni angladi: go‘rning sovuq tuprog‘i alamzada dilda yongan alangai otash hovurini bosar ekan. Marhum qabrga qo‘yilgach, motamdorlarning alam-armoni xiyol sovishi shundan ekan. Ammo bunga ham chidagan odam chidarkan.

***

Bandasi peshonasida ne borligini bilmay o‘tadi.

*  *  *

U Yaratgandan o‘g‘liga – ko‘zining oqu qorasi bo‘lmish yolg‘iz jigarbandiga “tansihatlik, mehr-oqibat, insofu tavfiq, ko‘zdan, suqdan, dushmanning qasdidan, o‘t balosidan, suv balosidan, quruq tuhmatdan, bemahal o‘limdan” – o‘zi bu dunyoda sitam chekkan jamiki ofatlardan omonlik tilar edi. O‘zi bilan kampiriga bu yorug‘ jahonda endi hech narsa kerak emasligini yaxshi bilar, Xalloqi olamdan faqat imonining salomatligini, farzand dog‘ini ko‘rsatmaslikni, nevara-chevaralarning diydor-u quvonchini so‘rar edi. U salqin saharlarda yana yurtu elga tinchlik, shiftga boqib yotgan bemorlarga shifo, ota-onasining bag‘ridan uzoqda yurgan askarlarga bexatar safar, jamiki mardum ustida hukm yurgizib turganlarga adolat, dini islomga quvvat, bevatanlarga vatan, farzandtalablarga farzand ato qilishini tilardi.

Biror kimsaga yomonlik sog‘inmagan edi-ku? Nega biror tilagi yuzaga chiqmadi? Nega iltijolari sohibi karam qulog‘iga yetmadi?

Ko‘p narsa so‘raganmidi u?!

Ozmidi so‘ragan narsalari?!

*  *  *

Odamzodda iymon bo‘lmasa, unda sadoqat bo‘lmaydi; bunday odam Nikalay podshoga ham, Sho‘ro hukumatiga ham birdek ixlos bilan xizmat qilaveradi.

*  *  *

Yaratgan egam o‘zi har kimning ajrini olib beradi, faqat ungacha bandasi shoshadi, xolos.

*  *  *

O‘sha kezlarda o‘zi o‘ziga dunyodagi eng baxtiqaro kimsa bo‘lib tuyulardi. Vaholanki, u paytlar umrining eng baxtiyor, eng mas’ud damlari ekan – yuragida dunyoga, odamlarga mehr, qahr yashagan damlar… ko‘ksida chalajon umid tipirchilagan o‘sha oqshomlarda u bextiyor baxtiyor bo‘lgan ekan.

*  *  *

Har bir komil inson, to tirik ekan, bola-chaqalari, xesh-aqrabolarini to‘plab, bu yorug‘ olamda qilgan ishlari, dunyoga nima olib kelib, nima olib ketayotgani, hayoti davomida sodir etgan gunohu savoblari, bo‘ynidagi qarz-havolalari haqida sarhisob berib, vijdoni neki buyursa, vasiyat qilmog‘i farz, deydilar.

*  *  *

Odamzodning ko‘ngli ham tubsiz ummondek gap.

*  *  *

Ochiq-sochiq dasturxoning bo‘lsa; dasturxonda bir burda noning bo‘lsa; ko‘zingga nur, qalbingga shuur bergan ota-onang barhayot bo‘lsa; ular bilan suhbat qursang – tirikchilik, ro‘zg‘or haqida, o‘zingni ular bag‘rida sezsang – hamisha, har vaqt; mehr oshkor aylasang – o‘zingni unutsang, yuragingda qolmasa na qayg‘u, na hasrat…

Shuning o‘zi baxt emasmi, ey baxt izlab darbadar kezgan kimsa?!

Shuning o‘zi saodat emasmi, ey saodat istagan inson?!

*  *  *

Oh, qani edi, Adash Karvonning uyi kuygan, kuyib kul bo‘lgan, kuli ko‘kka sovrilgan, ninalab yiqqan ro‘zg‘oridan birorta cho‘p qolmagan, taxmon to‘la ko‘rpalaru qo‘ra to‘la qo‘ylar – bari yonib bitgan bo‘lsa! Qani edi, bularning hammasi xoki turobga aylangan bo‘lsa-yu, evaziga faqat Nasibbek, ko‘zining oqu qorasi, suyangan tog‘i, yuragining malhami, jismidagi joni – Nasibbegi omon qolgan bo‘lsa!..

Ming bor taassufki, Adash Karvonning uyi kuymadi.

Adash Karvonning yuragi kuydi, xolos.

Adash Karvonning kuygan yuragi hamon gurillab yonmoqda.

Uni kim o‘chiradi?.. O‘chira oladimi?!

…nahot azob bordir qismatda faqat?

*  *  *

Bu yurtda agar bo‘y yetgan yigit bevaqt qazo topsa, qadrdon do‘stlari, jo‘ralari marhumning boshiga to‘planib, yig‘i o‘rniga… “yor-yor” aytar edilar…

Bu g‘aroyib udum zamirida o‘zbekning bolasi dunyoga ko‘z ochganidan so‘ng – azon, nikohdan so‘ng – “yor-yor”, jon taslim qilganidan so‘ng – janoza tovushini eshitmog‘i farz, degan bir aqida mujassam bo‘lsa ehtimol…

***

Asli yodgoru yodgorlik deganimiz nima? Bir yurakning ikkinchi yurakda qoldirguvchi aziz, ardoqli armoni emasmi?

Har kimsa tirikligida qilgan savob ishlari bilan o‘ziga o‘zi xotira qo‘yib ketadi. Qachondir, qaydadir imoratga qo‘yilgan bir dona g‘isht, qaysidir bog‘da o‘tqazilgan bir tup nihol, jabrdiyda ko‘zidan aritilgan bir tomchi yosh, ko‘ngli yarim g‘aribga aytilgan bir og‘iz shirin so‘z, beminnat topilgan bir burda non – odamzod o‘zi uchun o‘zi bunyod etajak yolg‘iz va asl yodgorlik mana shu.

*  *  *

Mana, uning xotiralari – ham tiniq, ham qayg‘uli; ham sovuq, ham qaynoq – qalbidagi tuganmas iztirobdek, toshu qum qatlamlari orasidan to‘xtovsiz sizib yotibdi…

“Hammasi” – bu neki ko‘ngilga qadrdon bo‘lsa, neki yuragini qachondir aqalli bir marta jazillatgan bo‘lsa – bari; bu – ixtiyorsiz jinoyat azobi va ixtiyoriy jazo tazarrusi bilan yo‘g‘rilgan kunlar, ishqning yorug‘ yodi bilan munavvar tunlar… uning o‘tmishi, buguni, ertasi – butun umri-ku!

Shularning barchasidan biryo‘la voz kechib bo‘ladimi? Shularning barchasiga biryo‘la qo‘l siltab bo‘ladimi?!

Butun bir umrga-ya?!

***

Qaytadan, yangitdan hayot boshlamoq kerak! Yangitdan – xatolarsiz, gunohlarsiz; olijanobroq bo‘lib!..

O‘shanday hayot boshladi ham deylik, lekin ana shunday yashab o‘tishga qudrati yetarmikan? Hadsiz uqubatlar so‘ngida unga nihoyat, horg‘in bir quvonch nasib etarmikan?..

Ammo… Nimadan boshlamoq kerak?

Ha! O‘tmish bilan xayrlashuvdan! Neki o‘tmishni eslatsa, u rutubatli kunlar iztirobini yodiga solgudek bo‘lsa, baridan voz kechmoq kerak!

*  *  *

“Ha, Alloh sobirlar bilan! Lekin… E, pok Parvardigoro! Nega meni buncha sho‘rpeshona qilib yaratding?! Axir, men sobir edim-ku! Axir, umr bo‘yi buyrug‘ingga bo‘yin egib o‘tdim-ku! tanu jonimni, bor-yo‘g‘imni yo‘lingga bag‘ishladim-ku! Baloyu ofatlarga duchor bo‘lgan chog‘larimda ham, qorong‘i yo‘llarda qoqilgan paytlarimda ham nomingni dilimdan qo‘ymadim, hech qachon shikva-shikoyat qilmadim, boshimga neki ko‘rgilik tushsa, sening irodang deb bildim, hamisha o‘zingga shukrona aytdim. Lekin endi sendan so‘rayman, ayt, anglat menga: manglayi qora bu bandangning gunohi ne edi? Nega men ham odamlarga o‘xshab bir ro‘shnolik kun ko‘rmadim? Nega menga faqat sitamni ravo ko‘rding?! Yozug‘im ne edi, Xalloqi olam?!”

Tuyqusdan… tip-tiniq, bulutsiz ko‘kda chaqmoq chaqnadi, yeru osmonga qudratli larza tushdi, jamiki jonzot seskanib ketdi, daryolar o‘zanidan chiqib toshdi, tog‘u toshlar uzra guldurak yangradi, daraxtlar qalt-qalt qaltiradi.

Va banogoh… olis-olislardan guldurab bir sado keldi:

“EY AZIZ BANDAM, IQRORMAN, MEN SENGA “MO‘MIN BO‘L!” DEGAN EDIM – “MUTE BO‘L!”, DEGANIM YO‘Q EDI; “TUPROQDAY XOKSOR BO‘L!” DEGAN EDIM – “TUPROQDAY XOR BO‘L!” DEGANIM YO‘Q EDI…”

Adash Karvon cho‘chib ko‘z ochdi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version