Saralangan satrlar
Samolyotga o‘tirgan odam dastavval nima haqida o‘ylaydi: bepoyon osmon manzaralari, bulutlar uzra kezayotgan havo kemasi, ekranlarda aks etgan qoidayu me’yorlar… Kamdan-kam odamgina ana shu ulkan temir qanotlarni boshqarayotgan uchuvchilar haqida o‘ylashi mumkin. Yuzlab kishilarni eson-omon ko‘zlagan manziliga eltib qo‘yayotganlar kim? Dardu tashvishlari, quvonchu qayg‘ulari nima? Qay tariqa bu sohaga kirib kelishgan? Ularni o‘qitadigan o‘quv dargohlaridagi dars jarayonlari qay tarzda kechadi? Ular uchib borganu bormagan mamlakatlar soni qancha?
Aynan uchuvchilar yo‘nalishi adabiyotimizda ham deyarli qalam tekkizilmagan mavzulardan sanaladi. Yozuvchi Xayriddin Sultonovning yaqinda “Adabiyot” nashriyotida chop etilgan “Osmoni falaklarda” nomli kitobida uchuvchilar hayoti haqidagi uch hikoyani o‘qish mumkin.
Mazkur to‘plamga Erkin A’zam “Mavzu jihatidan ham, voqelikka dalil yondashuv va shaklu ifoda jihatidan ham tamomila yangi, ohorli asarlar…” deya ta’rif bergan bo‘lsa, Sultonmurod Olim “Bu g‘amgin muhabbat qissasini o‘qir ekansiz, hazrat Navoiyning “Alloh, Alloh, ishq aro mundoq balolalar bor emish” degan misrasi beixtiyor xotirga keladi”, deb yozgan.
Qizig‘i, mazkur kitobni aynan samolyotda o‘qib chiqishga to‘g‘ri keldi va uchuvchilar bilan bog‘liq kechmishlar o‘ta tabiiy, yonma-yon yuz berayotganday tuyuldi. Oddiy mutolaago‘y – kamina shu kitob bilan uzoq yo‘lni birpasda bosib qo‘ydiki, siz ham vaqtingizni mazmunli o‘tkazishingizga ishonchimiz bor.
* * *
O‘shanda Kamol ertalab Toshkentdan “Boing-757”da uchib, yonilg‘i quyish uchun Angliyaga, Birmingem ayeroportiga qo‘nib o‘tadi. Yarim kechasi samolyot Nyu-Yorkka yaqinlashib qolganida kutilmaganda Jon Kennedi nomidagi mahalliy ayeroport dispetcheri yo‘nalishni keskin o‘zgartirib, Kanadaning Nyu-Faundlend orolidagi Gander shaharchasi yaqinidagi xalqaro ayeroportga qo‘nishni buyuradi. Eng qizig‘i, hech qanday izoh bermaydi.
Shu orada osmonda AQShning harbiy-qiruvchi samolyotlari paydo bo‘ladi. Ular faqat Kamolning emas, osmondagi barcha samolyotlarni ta’qib qilib, ortga qaytishga majbur qiladi.
Xo‘sh, nima qilish kerak? Toshkent uzoq, Nyu-York yopiq.
* * *
“Men kema komandiri Otaboyev, eshitaman”, desam, qo‘lini paxsa qilib, rus tilida “Siz kimdan so‘rab boshqa joyga qo‘ndingiz? Bu qanaqa o‘zboshimchalik?! Men Nyu-Yorkka bilet olganman, tushunyapsizmi, Nyu-Yorkka!” deb do‘q ura boshladi.
Qarasam, o‘zimizning o‘zbeklardan, yuzi ham tanish ko‘rinadi, Chorsu atroflarida tursa kerak.
“Oka, o‘zingizni bosing, Nyu-York yopiq, qabul qilmayapti”, desam ham tushunmaydi, battar baqirib: “Hech nimani bilmayman, bilishni ham istamayman! Hoziroq Nyu-Yorkka uchasan! Qani uchmay ko‘rgin-chi, bitta qo‘ng‘iroq qilib, joyingdan uchirvoraman!” deydi. Kulasizmi, o‘lasizmi bu gapga? Tirik qolganimizga shukur qilib, adi-badi aytishib o‘tirmadim…
* * *
Kitelimning ichki cho‘ntagida “qora kunga” deb olib yuradigan dorilarim bor, ketma-ket uchtasini ichdim.
Qop-qora bepoyon osmonga tikilib uzoq o‘yladim.
Endi men hamma narsani, avvalo, yurak-bag‘rimni kuydirayotgan alam, qasos tuyg‘usini unutishim kerak! Unutishga majburman!
Kemaga tushganning joni bir. Men mana shu uch yuzta odamni, shular qatorida anavi ikkita yuvuqsizni ham manzilga eson-omon eltib qo‘yishim shart. Majburman! Boshqa yo‘lim yo‘q mening…
* * *
Aksel Karlovich indamasdan qop-qora, qadimiy stolining tortmasini ochdi-da, ikki varaq qog‘oz olib, arzgo‘yga uzatdi. Tepasiga “DSP” tamg‘asi bosilgan rus tilidagi bu hujjat “Estoniya Respublikasi fuqarosi bo‘lmagan shaxslar egallashi man etilgan lavozimlar ro‘yxati” deb atalardi.
Satrlar orasiga qil ham sig‘maydigan qilib mayda harfda bitilgan matnni o‘qib, Badalovning aqli shoshib qoldi: unga muvofiq, Estoniya hududida oz emas, ko‘p emas, naqd yetmish oltita kasb begonalar uchun taqiqlangan edi!
Ro‘yxatda parlament, hukumat, armiya, polisiya, soliq idorasi xodimligidan tortib tibbiy hamshirayu bog‘cha tarbiyachisi lavozimigacha qayd etilgan edi.
– E, tavba, santexnik ham bor ekan! – deb yubordi Badalov beixtiyor.
– Santexnik… agar fuqaro bo‘lmasa, suvni zaharlashi mumkin, – dedi Aksel Karlovich ko‘zoynagini yaltiratib. – Biz – kamsonli, kichkina millatmiz. Boz ustiga, demografiya chatoq. Binobarin, biz uchun har bir eston – oltinga teng.
* * *
Puling bo‘lmasa, shahri azimda pishirib qo‘yibdimi senga? Hozir nainki Moskva, balki Toshkent ham ko‘zyoshiga ishonmaydi, bildingmi?
* * *
– Nahotki aviatsiyaga pora berib ishga kirsa?
Bu savolni u ichida, o‘ziga o‘zi bermoqchi edi, ammo ne quloq bilan eshitsinki, dilidagi lop etib tiliga chiqib turibdi-da!
– Ha, ashula aytib kiradimi bo‘lmasa? – dedi Shamshetov shang‘illab. – Nima, bu yer senga konservatoriyami?
* * *
Bilib qo‘y, bunaqangi qing‘ir ishlarni yer ko‘tarsa ko‘tarar, ammo osmon ko‘tarmaydi. Osmon haromni ham, haromini ham qabul qilmaydi, uqdingmi?
* * *
Aytishlaricha, to‘qsoninchi yillar boshida aviakompaniyada Moskalenko degan bosh direktor o‘rinbosari ishlagan ekan. U Vetnam urushida qatnashgan, qiruvchi samolyotdan qulab, kontuziya bo‘lgan qo‘rs, badjahl odam ekan. Bir yig‘ilishda oldinroq qatorda o‘tirib qolgan Shamshetovning basharasimi, nimadir qilig‘i yoqmaganmi, ishqilib, Moskalenko unga qarab: “Nega kresloga yalpayib yotib olding? Nima, sen graf Sheremetevmisan?” deb o‘shqiribdi. Buning ham jini tutibdi-da: “Yo‘q, men graf Sheremetev emas, graf Shamshetovman!” deb shartta majlisdan chiqib ketibdi. Moskalenko hay-haylaganicha qolaveribdi. Shu-shu, uning laqabi Graf bo‘lib ketgan ekan.
* * *
Ilgari uchuvchilar tarkibining yetmish-sakson foizini tashkil etgan rus va rusiyzabon xodimlar mustaqillikdan keyin birov mushugini “pisht” demasa ham, serquyosh O‘zbekistonni tark etib, bepoyon Rossiya hududlariga yo‘l olgan edi. Albatta, bunga ularni nafaqat tarixiy vatanga bo‘lgan otashin muhabbat, balki mo‘may daromad ham chorlagani sir emas.
* * *
Haqiqat o‘zi achchiq narsa bo‘lsa, uni aytgan til ham, xohlasangiz-xohlamasangiz, achchiq bo‘ladi-da.
* * *
O‘rmalashga tug‘ilgan – parvoz qilolmas.
* * *
Osmoni falaklarda sarlochin singari parvoz qiladigan, bulutlar va yulduzlar, shamol va bo‘ronlar bilan xuddiki tirik odam kabi gaplashadigan bu inson yerdagi jo‘ngina maishiy muammolar qarshisida nochoru notavon edi. Masalan, JEK yoki poliklinikadan qandaydir ma’lumotnoma olish, soliq idorasiga borib deklaratsiya topshirish – Graf uchun o‘lim bilan barobar va shunday kezlarda faqat Badalov uning joniga ora kirardi.
* * *
Ikki ming o‘ninchi yilning Navro‘z bayrami arafasida aviakompaniya yo‘laklarini to‘ldirib, shivir-shivir ovoza tarqalib qoldi: nima deysan, Shamshetov liter (davlat rahbari uchadigan samolyot)ga kema komandiri etib ishga olinayotgan emish…
Bu gapni eshitib kimlardir, Xudoga shukur, nihoyat, g‘urbatdan qutular ekanmiz, deb yengil nafas olgan bo‘lsa, ayrimlarini g‘am bosdi: bu badbaxt ko‘tarilib ketsa, kim bilsin, battar quturib, hammadan o‘ch olishga o‘tmasmikan?
Shamshetovning o‘zi esa, go‘yo hech narsa bilmagandek bu to‘g‘rida og‘iz ochmadi, Badalov ham so‘ramadi. Oradan bir-ikki oy o‘tib, mish-mishlar qanday chiqqan bo‘lsa, xuddi shunday – imi-jimida yo‘q bo‘lib ketdi. Chamasi, qaysidir yuksak dargohda, ikkita fe’li og‘ir odamni bitta samolyot ko‘tara olmasa kerak, degan oqilona fikr tug‘ilgan bo‘lsa, ajab emas.
* * *
Aerodinamika qonunlarini suv qilib ichgan bo‘lsa-da, u o‘zi boshqaradigan samolyotning – mana shu bahaybat, tog‘dek ulkan temir mavjudotning tonna-tonna yuk bilan qanday qilib yerdan uzilib, osmoni falakka erkin qushdek parvoz qilishini omi bir kimsa kabi umuman aqliga sig‘dirolmas, inson tafakkurining bu beqiyos mo‘jizasiga boqib, har safar qalbida hayrat ham g‘urur tuyar edi.
* * *
– Sadaf Murodovna, kechirasiz, lekin bu ingliz tili dunyodagi eng rasvo til ekan-ku! – deb “bayonot” berdi.
– Nega? – dedi Sadaf, quralay ko‘zlari katta-katta ochilib.
– Bularingizning yozgani bilan o‘qiydigani bir-biriga umuman to‘g‘ri kelmaydi-ku.
– Masalan?
– Masalan, “qarg‘a” deb yozadi, “qor” deb o‘qiydi…
Sadaf kulib yubordi, keyin jiddiy tortib:
– Inglizlarning buyukligi ham, zo‘rligi ham konvervatorligida, – deya izoh berdi. – Sen aytayotgan shu kamchiliklarni, nima o‘ylaysanki, ular o‘zi bilmaydimi? Biladi, albatta. Lekin avlodlar o‘rtasida uzilish bo‘lmasin deb buni tuzatmaydi. Shuning uchun bugungi ingliz o‘ninchi asr tarixiy xronikalarini ham, Bayronning she’rlarini ham bemalol o‘qib tushunadi. Sen, masalan, Navoiyning yozganlarini tushunasanmi?
* * *
Nega endi masalani Hamletga o‘xshab darrov “Yo hayot, yo mamot!” deb qo‘yish kerak? Boshqa variantlar bo‘lishi mumkin emasmi?..
* * *
“Qo‘rqma, bizni osmon emas, yer o‘ldiradi, – deb faylasuflik qilardi Iskandar. – Qolaversa, sen sevgan Ekzyuperi nima degan: “Hayotga ma’no bergan narsa o‘limga ham ma’no beradi”.
B.SAYFIYEV tayyorladi.