Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanida og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 125 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlab yopish uchun Qashqadaryoda homiylik asosida yig‘ilgan 1,5 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ yo‘naltirilmoqda.
Orolbo‘yi mintaqasiga yordam
Viloyat hokimining joriy yil 9-iyuldagi qarorida ko‘rsatib o‘tilganidek, bu pullar «Mahalla» xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi hisob raqamida homiylik asosida shakllangan mablag‘ hisobidan to‘rt tomonlama shartnoma tuzgan holda ajratilayapti. Ularning taxminan uchdan bir qismi, ya’ni 530 million so‘mi Qo‘ng‘irot tumanidagi sharoiti og‘ir oilalar uchun 10 ming dona shifer xarid qilish, yana 993,5 million so‘mi esa yog‘och va yog‘och mahsulotlari, sim va mix sotib olib berish bilan bog‘liq xarajatlarga sarflanadi. Mablag‘ va qurilish materiallarining maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan viloyatimizdagi tegishli mutasaddilar tomonidan nazorat o‘rnatilishi zarur.
Hujjatda qayd etilishicha, mablag‘ ajratish respublika Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevraldagi «Qoraqalpog‘iston Respublikasida aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori hamda o‘tgan yilning avgust oyida viloyatimiz hokimi Murotjon Azimov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi Farhod Ermanov tomonidan imzolangan chora-tadbirlar rejasiga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ilgari xabar berganimizdek, hukumatning mazkur qaroriga asosan viloyatimiz hokimligi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumaniga biriktirilgan. Orolbo‘yi mintaqasidagi ushbu hududda o‘tkazilgan xatlovda og‘ir turmush sharoitidagi oilalarga tegishli 889 ta uy-joyning tom qismini ta’mirlash (yopish) hamda 45 ta yashash uchun yaroqsiz va avariya holatidagi uy-joylarni yangidan qurish zarurligi, buning uchun jami 14,1 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ talab etilishi aniqlangan.