Shayx Fariduddin Attor o‘zining bebaho asari – “Mantiq ut-tayr” haqida yozarkan, “Uni qiyomat kunigacha esdalik bo‘ladigan qilib yozdim, shuning o‘zi yetarlidir. Agar bu to‘qqiz falak uqalanib tushsa ham, ammo mening asarim kam bo‘lmaydi, ziyon ko‘rmaydi. Bu kitob kimga yo‘l ko‘rsatsa, u odam ko‘zi oldidan pardalarni ketkazadi”, degan edi. Doston ko‘p buyuk ijodkorlar qatori hazrat Alisher Navoiyni ham bolalikdanoq maftun etgani bejiz emasdi. Unda ilgari surilgan ramz-g‘oyalar shu qadar mahobatliki, istalgan davr o‘quvchisini, fikr egalarini hayratga sola oladi.
So‘z mulkining sultoni ushbu asar ta’sirida “Lison ut-tayr” dostonini yozganini bilasiz. Bu doston ham ulug‘vorlikda avvalgisidan qolishmaydi. Binobarin, bugun taqdim etilayotgan lavhalar shu kitobdan. Saralanganlarni va kitobning to‘lig‘ini o‘qing: inson va Xoliq, inson va borliq, inson va jamiyat borasidagi qarashlaringiz mumtoz g‘oyalar bilan ziynatlanadi…
Saralangan satrlar
* * *
Shunday bir naql bor: xaloyiqqa saodat yulduzi bo‘lgan payg‘ambar bir kuni eldan farog‘at istab, bir xilvatga kirib, bir oyog‘ini uzatib o‘ltirib edi. Uning huzuriga ba’zi zodagon suhbatdoshlardan, ba’zi aziz va ayrim sharif do‘stlaridan kirib borishdi. Payg‘ambar avzoida o‘zgarish bo‘lmadi. U bemalol yaxshi xayollar bilan tin olib o‘tirdi. Biroq xonaga Usmon kirgach, millat shami uzatgan oyog‘ini yig‘ib oldi. Chunki Usmon juda hayoli kishi bo‘lib, Rasulning u holidan ahvoli o‘zgarishi mumkin edi. Shunday Payg‘ambar hurmatini joyiga qo‘ygan zot haqida har qanday kimsalar har nima desalar behudadir.
* * *
Sen o‘zingni zo‘rlab oshiq sifatida ko‘rsatib, ishq aro har xil g‘avg‘olar ko‘tarding. Yilda bor-yo‘g‘i besh kun chamanda ochilib turadigan, o‘n kun o‘tmay tuproq uzra xazon bo‘lib sochiladigan vafosiz va umr bog‘ida baqosiz bir chechak uchun shunchalik g‘avg‘omi?! Kishi bu xil go‘zallikka oshiq bo‘lmagani yaxshi, chunki u oshiq bo‘lishga loyiq emasdir. Shunday narsani ma’shuq deb bilki, yuz xastahol o‘lsa va yo‘qolib ketsa ham u zavol nimaligini bilmasin. Garchi sening bu ishqing shaydolik bo‘lib ko‘rinsa ham, baribir oxiri rasvolik bilan tugaydi.
* * *
Xalq orasida bir ishyoqmas, tanbal kishi bor edi. Odamlar uning beg‘ayratligidan hayron qolar edilar. U odamlardan musht, shapaloq yoki tepki yer, buning evaziga ulardan bir burda non yoki taom olib, kun ko‘rardi. Kishilar uni quvib yuborsalar ham, hech qayerga ketmay, o‘zining yomon qiliqlarini tark etmasdi. U tortadigan jafolarga ma’lum bir narx to‘g‘rilab qo‘ygan edi. Qaysi bir kishi uni bir tepsa yoki ursa, u o‘sha kishidan buning haqini talab qilib olar, qo‘liga tushgan narsani darhol og‘ziga solar edi. Kunlardan bir kuni kimdir uning qo‘liga bir parcha non berib, shunday musht tushirdiki, natijada tanbal yer tishlab qoldi. Garchand u shapaloqlar yeb, qornini to‘yg‘azib yurgan bo‘lsa-da, bir musht bilan endi qayta o‘rnidan turmaydigan bo‘ldi.
* * *
Ko‘pgina zangilar aslida qop-qora bo‘lgani holda xalq orasida ular “kofur” (oq) deb ataladilar. Darvoqe, nomlar orasida “sulton” va “shoh” tushunchalari keng tarqalgan, ularni hatto past, tuban kishilar ham o‘zlariga nisbatan qo‘llaydilar. Ammo har bir kishi o‘zini er degani bilan er bo‘laveradimi?!
* * *
Bir zo‘r pahlavon bo‘lib, u hunarsizlikda yagona edi. Choshgohda o‘n botmon, kechqurun ham xuddi shuncha ovqat yer edi. Bu ikki payt mobaynida yana shuncha ovqatlanib olardi. U shunchalik kuchli ediki, hatto mast filga ham shikast yetkaza olardi. Ittifoqo, hayot hodisalari tufayli mamlakatda xarobalik yuz berdi. Shu sababli u yerning aholisi o‘z joyini tark etib, o‘zga tomon ketishga majbur bo‘ldi. Yo‘l qiyinchiliklaridan bexabar pahlavon ham ularga hamroh bo‘ldi. Yo‘l uzoq bo‘lib unda badnafs kishilar nafsini to‘q tutadigan obod joylar yo‘q edi.
Taom yemagan pahlavon birinchi kundanoq o‘z holiga aza tutishga kirishdi. Ikkinchi kun esa uning jismida madori qolmadi. Ammo uchinchi kun u boyaqish biyobonda jonini topshirishga majbur bo‘ldi.
Yana ikki-uch kun mashaqqat tortgach, yosh bolalar ham, hatto ikki bukilgan qariyalar ham sabr-toqat bilan yo‘lni oxiriga yetkazishdi va obod bir manzilga yetib kelib, maqsadlariga erishdi. Pahlavon esa bu azobga bardosh bera olmay, ajal yo‘lida nobud bo‘ldi.
* * *
Ko‘zgu qanchalik ravshan bo‘lsa, aks ham shunchalik benuqson namoyon bo‘ladi.
* * *
Agar sen jahon mulkida ming yil umr ko‘rsang ham oxir-oqibatda bir kun dardu hasrat bilan o‘lib ketasan. Demak, o‘limdan qochib qutula olmas ekansan, birato‘la bu istak bilan o‘lganing yaxshiroq emasmi?! Agar umid yor yo‘lida o‘lish bo‘lsa, shuni bilgilki, bu abadiy hayotning naq o‘zidir!
* * *
Aqlli kishilar oldida johil ekansan. Qilgan gunohlaringdan forig‘ bo‘lishni orzu qilding, ey havasmand, bu ancha oson ishdir. Undan qutulish iloji faqat tavba qilishdir. Isyon zulmati aro faqat ugina chiroq bo‘lib nur sochadi.
Gunoh balchig‘idan toza kishi topilmaydi, bu xil begunoh kishi hali hech kimga ma’lum bo‘lgan emas. Haq Odam avlodini gunohsiz qilib yaratgan emas. Ey bexabar kishi, agar sen gunoh ish qilmasang, Alloh afvu rahmat bilan kimning gunohidan o‘tadi? Agar kimning yuzi gunohdan sariq bo‘lsa, tavba uni bu sariqlikdan xalos etadi. Rahmat dengizi mavjlangan paytda sen ham xuddi men kabi yuz ming marta pok bo‘lasan.
* * *
Nafsingni biror xil ranj chekishga qo‘y, buning evaziga xazinani qo‘lga kiritasan. Aks holda o‘zingni halok bo‘ldim deb hisobla va o‘zgaruvchanlik do‘zaxida o‘ldim deb sanayver.
* * *
Toki nafsing mavjud ekan, unda iblis yashirinib, shogirdlik qiladi. Nafs ko‘nglingga shunchalik g‘urur soladiki, undan dilingga putur yetadi. Hatto uni ko‘rgan shayton ham hayron qolib, hayrat vodiysida sargardon kezadi. Qaysi bir ishdan nafsing o‘z istagiga erishsa, undan shayton ham o‘z maqsadiga yetadi. Agar sen o‘z nafsing hukmi bilan biron ish qilsang, buni ko‘rgan shayton irjayadi. Sen o‘zingni shaytonga xor bo‘ldim deb atama, balki u sening nafsingni o‘ziga vakil qilib olgandir. Dunyoga taalluqli bo‘lgan barcha ishlar va voqealarning boshdan-oyoq shaytonga daxli bor. Haq nafsingni shunday yaratganki, unga yuzta shayton hunari jo bo‘lgan. Nafsing shunchalik makr-hiylalar ko‘rsatadiki, undan hatto yuzta iblis ham sharmanda bo‘ladi. Sen bu yanglig‘ nafsga oshno bo‘la turib, yana nima uchun shaytondan gina qilasan?!
* * *
Kimki o‘zining qilgan ishlarini ro‘kach qilmasdan, uning oldida boru yo‘g‘ini teng tutsa va manmanlikka berilmasa hamda qilgan toatlarini bir qora chaqadek deb bilsa, u kishi baxt-saodat ko‘chasiga kiradi va o‘z taqvo hamda ibodatlaridan naf topadi. Bunday kishi o‘z toat va taqvodorligi mevasini totib, bu ish ma’nosidan bahramand bo‘ladi.
* * *
Past himmatli baland baxt topsa ham, u tog‘lik tole’i past kishidek qadrli bo‘la olmaydi. Yollanma cho‘pon mingta qo‘yni boqqani uchun ma’lum haq olib, qo‘ylarga posbonlik qiladi. Agar bo‘ridan bu qo‘ylarga xavf-xatar yetishsa, bunday holda u cho‘pondan bir it yaxshiroqdir! Xazinasi boru himmati yo‘q kishiga ana shu cho‘pon va qo‘y hodisasi misol bo‘la oladi. Uning xazina qorovuli va qo‘yga qo‘yilgan cho‘pondan farqi yo‘qdir. Oqibatda bir rind tabiatli himmatli kishi bu boylikni qo‘lga kiritib, ularni bir gadoga hadya qilib yuboradi. Agar rind haqiqiy himmat va karam egasi bo‘lsa, uning uchun butun bir xazinani hadya etish bir pulni xarj etishdek oddiy bir ishdir.
* * *
Kimningki insofi yo‘q ekan, u inson sanalmaydi. Kishining fe’l-atvorida insofsizlikdan ortiq nuqson bo‘lmaydi. Bu sifat haqiqiy mardlarning ishidir, har qanday kishi ham unga yetavermaydi. Noinsof kishi – odam emas. Odam insof istamaydi, ammo beradi. Haqiqat ahli kishilardan insof talab qilmaydi, chunki ularning o‘zi insof egasidir. Agar kimki o‘zi insofli bo‘lmasdan, o‘zgadan insof talab qilsa, u haqiqiy noinsofning o‘zginasidir.
* * *
Nuqsonli kishigina o‘zini komil deb hisoblaydi. O‘z nuqsonini isbot qila olgan kishi esa haqiqiy komil sanaladi.
* * *
Ishq bilan o‘ynashib bo‘lmaydi. Jismingga o‘t tushsa, u seni quyundek sargardon qiladi. Ishq aro faqat o‘rtanib yonish lozim, o‘t aro kuymasdan o‘zga chora yo‘q. Ishq osmonidan qaysi yoqqa chaqin tushsa, u shu ondayoq jonni shu’la selobiga g‘arq qilib yuboradi. Ishq chaqmog‘i xonumonni kuydirib yuboradi, xonumon nima degan gap, butun jahonga o‘t qo‘yadi!
* * *
Ma’rifat ahli shuni isbotlaganki, bu jonli hayot oxir o‘lim bilan tugaydi. Faqat orif bo‘lmagan beaql kishilargina har bir kishi boshida muqarrar sodir bo‘luvchi bu voqeadan bexabardir. Agar jahonda ming yil yashasang yoki bir zum umr ko‘rsang, baribir ajal senga omonlik bermaydi. Avliyo ham bu girdobdan qochib qutulmaydi, payg‘ambar ham bu aylanishdan xalos bo‘lmaydi. Kishi qanchalik vahimaga tushmasin, qanchalik qayg‘urmasin, baribir ozod bo‘la olmaydi. Unga chap berib qutulish yo‘q; pora berib ham xalos bo‘la olmaysan, ajal tig‘i o‘z jallodligini qiladi. Yig‘lasang ham, yolvorsang ham bu yo‘ldan bormaslikdan o‘zga ilojing yo‘qdir. Zohid va yaramas kishi ham, shohu gado ham bu yo‘lni ado etadi. Shuning uchun undan qo‘rqish kishiga hech bir foyda keltirmaydi, balki ortiqcha tashvish chekkani qoladi. O‘lmoqlikdan boshqa iloj yo‘q ekan, uning farmoniga quloq solmoq yaxshiroqdir.
* * *
Shunchalik bunyodkorlik, maydon, o‘zaro dushmanlik qilish va urush olib borishlar – hamma-hammasi, – agar o‘yinchi donalarni yig‘ishtirishga ahd qilsa va shaxmat taxtasining bir chetini ko‘tarsa, – bularning barchasi o‘rtadan ko‘tarilib, yo‘qqa chiqadi! Shunda na bu urush va na dushmanlikdan, na jang olib borish tartib-qoidalaridan asar qoladi. Ro‘y bergan barcha holat va rusumlar, ya’ni jang maydonida ikki tomonning bir-biriga hujum qilishlari, agar chuqur o‘ylab ko‘rilsa, o‘tkir fikrli kishi oldida bularning barchasi hech narsa hisoblanadi. Go‘yo yuzga kirgan xasta bir kanizak kabi ular hechlikdan boshqa narsaga arzimaydilar. Ularni hatto bir parcha bo‘zga bog‘lab, o‘tga ham, suvga ham tashlab yuborish mumkin.
Chunki holat o‘zgarib, uni o‘ynaguvchi ustod uchun o‘yin tugagach, ular hech qanday tafovutga ega bo‘lmaydi. Shaxmat donalari xalta ichiga solingan, “shoh” quyi tushishi, “piyoda” esa yuqori ko‘tarilishi mumkin!
B.SAYFIYEV tayyorladi.