Qashqadaryo gazetasi Olam “Rahbariyat bilan kelishilgan” o‘g‘irlik
Olam

“Rahbariyat bilan kelishilgan” o‘g‘irlik

Germaniyada ikki yil davomida fermadan umumiy qiymati 22 ming 417 yevro bo‘lgan qariyb 120 ming dona tuxumni o‘g‘irlagan 46 yoshli erkak Quyi Saksoniya federal yerining Fexta shahri sudi tomonidan jazoga tortildi. Bu haqda Bild nashri xabar tarqatgan.

U har hafta Dinklage shahrida joylashgan ulgurji savdo fermasiga kelib, har safar oltita katta quti, ya’ni 1000 donadan ortiq tuxumni olib ketgan. Firibgar ferma xodimiga bu ish «rahbariyat bilan kelishilgan» deb aytgan va dastlab hech kimda shubha uyg‘otmagan.

Biroq vaqt o‘tishi bilan ishlab chiqarilgan va mijozlarga jo‘natilgan mahsulot hajmi o‘rtasidagi farq ko‘zga tashlana boshlagach,  erkak tijorat firibgarligida  ayblangan.

Sud jarayonida ayblanuvchi sukut saqlab, o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga javob bermagan. Uning advokati esa mijozi o‘zini «fermerning qurboni» deb hisoblashini aytgan va oqlov hukmi chiqarilishini talab qilgan.

Prokuror erkak avval ham firibgarlikka urinish va o‘g‘irlik uchun sudlanganini ta’kidlab, unga uch yillik qamoq jazosi berilishini so‘ragan. Sud esa ikki yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilagan.

Exit mobile version