So‘nggi 30 yil ichida dunyoda ruhiy kasalliklardan aziyat chekayotganlar soni 95,5 foizga oshib, 1,17 milliard kishiga yetgan. Bu haqdagi tadqiqot natijalarini The Lancet jurnali e’lon qilgan.
Olimlardan iborat xalqaro guruh dunyoning 204 mamlakatida erkaklar va ayollar o‘rtasida uchraydigan 12 turdagi ruhiy kasallikni tahlil qilgan. Bunda 1990-yildan 2023-yilgacha bo‘lgan davr qamrab olingan.
Mualliflar xulosasiga ko‘ra, 2023-yilga kelib ruhiy kasalliklar, davlatlar taraqqiyot darajasidan qat’i nazar, butun dunyo sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy muammoga aylangan. Ayniqsa xavotir, depressiya, distimiya, nerv anoreksiyasi, bulimiya, shizofreniya, xulq-atvor buzilishi kasalliklari tez sur’atlarda ko‘payib borayapti.
Ularning qayd etishicha, 2023-yilda ruhiy kasalliklar eng ko‘p 15-19 yoshli qizlar orasida aniqlangan. Mavjud vaziyat, ayniqsa daromadi past va o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarda epidemiologik kuzatuv tizimlarini kuchaytirishni taqozo etadi. Shuningdek, profilaktika va erta davolash choralarini samaraliroq tashkil etish zarurligi ta’kidlangan.