Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Sabr va shukr bilan bosib o‘tilgan asr
Jamiyat

Sabr va shukr bilan bosib o‘tilgan asr

1-oktabr – Xalqaro qariyalar kuni

Keksalik – hayot maktabi saboqlari mohiyati to‘la ochilgan, kishida «Qari bilganni pari bilmas» naqlining ifodasi namoyon bo‘ladigan palla. Bunday yosh martabasiga erishganlar yaqin o‘tmishga guvoh, katta hayotiy tajriba sohibi sifatida yosh avlodga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadi, pand-nasihatlari bilan tarbiya ishida faol ishtirok etadi. O‘z o‘rnida, ular ham ardoqda bo‘lishadi.

Shahrisabz tumani Xalqabod mahallasi Qatag‘on qishlog‘ida istiqomat qilayotgan Maxmadali bobo Shirnazarov 103 yoshda. U bir asrdan ziyod umri davomida ko‘pni ko‘rdi, ko‘pni kechirdi. Ikkinchi jahon urushi yillarida «sovxoz»da tinmay ishladi – yer chopdi, traktor haydadi, mol boqdi. Urush tugaganidan keyingi og‘ir yillarda ham xalq bilan birga ocharchilikka bardosh berdi, yaxshi kunlar umidida yashadi…

– Zamonamizdan aylanay, to‘kin-sochin kunlarga yetdik – deydi nuroniy. – Qayerga borsang ko‘zing quvnaydi. Ko‘chalar ko‘rkam, atrof obod. Yoshlar uchun imkoniyatlar beqiyos. Ularning bilimdonligi, til bilishi, shijoatiga havas qilmay bo‘lmaydi. Asosiysi, tinchlik va osoyishtalik barqaror. Shuning uchun har kuni Yaratganga shukrona aytaman.

Maxmadali bobo turmush o‘rtog‘i Zulfiya opa bilan qariyb 62 yil tinch-totuv, baxtli hayot kechirdi, yetti farzandni tarbiyalab, voyaga yetkazishdi. 2009-yildagi ayriliq nuroniyni qattiq qayg‘uga solgan bo‘lsada, u 30 nafardan ortiq nabira va 50 ga yaqin chevaralari qurshovida o‘ziga taskin berdi.

– Qaynotam nevaralari, chevaralariga juda mehribon, – deydi oqsoqolning kelini Rafoat Do‘staliyeva. – Farzandlar tarbiyasida bizga juda katta yordam berganlar. U kishining pand-nasihatlarini olgan bolalarimiz ma’rifatli bo‘lib o‘sishdi. Ularga «Mayli, boy bo‘lma. Odamgarchiligi bor oddiy, mehnatkash, halol inson bo‘l, halovatda yashaysan» deya ko‘p uqtiradilar. 

Davlat rahbarining tegishli farmoniga asosan Maxmadali Shirnazarov mamlakatimiz mustaqilligining 34 yilligi oldidan «Shuhrat» medali bilan mukofotlandi. Nuroniyga ushbu yuksak mukofotni viloyat hokimi Murotjon Azimov Prezident nomidan tantanali tarzda topshirdi.  Samimiy tabriklar va bayram sovg‘alaridan qariyaning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi.

– Mehr-oqibatli, qariyalarni qadrlagan yurtga hech qachon ko‘z tegmasin. Prezidentimiz sog‘-omon bo‘lsin. Har bir yurtdoshimizga biz kabi sog‘lom va baxtli keksalik nasib etsin, – deya uzun duo qiladi oqsoqol.

Shohista BOZOROVA 

Exit mobile version