Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat SHUHRAT BILAN SHARMANDALIKNING ORASI BIR QADAM
Ma’naviyat

SHUHRAT BILAN SHARMANDALIKNING ORASI BIR QADAM

“Gonoluluga elchi”. Erkin A’zamning o‘tgan yili “Pir” nashriyotida chop etilgan kitobi shunday nomlanadi. To‘plamdan “Anoyining jaydari olmasi”, “Piyoda”, “Navoiyni o‘qigan bolalar” kabi ko‘hna, “Stupka”, “Aralash qo‘rg‘on” kabi 15-20 yil muqaddam qog‘ozga ko‘chgan, “Arbob Qulov Parijga boradi”, “Adashgan: Mayestro Jiydaliga kelmoqchi”, “Hulo‘l”, “Akmal paxanning jiyani” nomli yangi hikoyalari, shuningdek, “Shoirning to‘yi” hamda “Gonoluluga elchi” qissalari joy olgan.

Nomining o‘ziyoq o‘quvchi e’tiborini jalb etadigan bu asarlar muallifga xos kinoya, ajabtovur manzarayu lavhalarga to‘la.

Mamlakat istiqlolga erishgan ilk yillar. Tashqi ishlar vazirining shaxsan o‘zi huzuriga bir guruh ijodkorlarni chorlab, elchilik vazifalarini taklif etadi va til o‘rganib, boshqa tadoriklarni ko‘rishga undaydi. Kutilmagan baxtdan sarmast ahli ijod taraddud barobarida kim qaysi davlatga yo‘l olishi borasida ham chuqur o‘ylovga tushadi. Kimdir Parij, kimdir London havosiyu havasi bilan yashay boshlaydi. Ammo arzimas, kutilmagan sabablar tufayli elchilik orzusi amalga oshmay qoladi. Gonolulu – o‘sha mashhur Gavay orollarining markazi, yozuvchi asariga nega bunday nom tanlaganiyu ijodkor-elchilar taqdiri qanday yakun topganini esa to‘liq mutolaa mobaynida bilib olsangiz bo‘ladi.

Kuni kecha 75 yoshni qarshilagan Erkin A’zam asarlari adabiy didingizni yuksaltiradi.

Saralangan satrlar

*  *  *

O‘zingnikini yomonlasang, yotning mehri qochadi, deydilar.

*  *  *

Bilasizmi, biz bugun qanday zamonda yashayapmiz? Endi bizning har birimizga alohida bir qo‘rg‘on kerak! Devorlari shunday baland, o‘zi shunday pinhon qo‘rg‘onki, na otdan bo‘ylab bizni ko‘ra olasiz, na osmondan qarab! Bu shunday bir qo‘rg‘onki, goh yulduzlar orzusida, goh zamindagi mayda bir havaschalar ilinjida o‘rtanib, ba’zan o‘zimiz ham o‘zimizni yo‘qotib, topolmay sarson yuramiz…

Ammo, qo‘rg‘onimiz muttasil harakatda – ulkan bir kemaning bag‘rida u. Kemadan tushib qolib bo‘lmasa – jon shirin, dunyo qurg‘ur umidli…

*  *  *

Ajab zamon bo‘ldi-da: olimi chetda qolib, zolimlari olimlik da’vosi bilan chiqa boshladi. Kimning hamyoni g‘ozliroq bo‘lsa, qo‘lidan keladimi, yo‘qmi – kitob yozish, kitob yasash poygasiga kirishdi.

*  *  *

Oshini yeganingizdan keyin o‘chog‘ining tutuniga ham chidaysiz-da.

*  *  *

Sirasi aytilsa, butun ahli jahon shunday-ku: qaydandir kelgan, qaygadir ketgan. Ya’nikim, banibashar aslida kelgindi, ko‘chmanchi. Bu dunyoning kirar-chiqar ikki eshikli karvonsaroy atalishi ham shunga bir timsol bo‘lsa ajab emas.

*  *  *

Kechagi zamonda odam ajratgan, ya’ni sen undoq-men bundoq deganning kapasi kuyardi. Hamma birdek faxrli fuqaro, vassalom!

*  *  *

Shuhrat bilan sharmandalikning orasi bir qadam ekan-da. Aslida, shuhrat – sharmandalikning bir turi, isnodsiz turi.

*  *  *

Bir kun kelib nariyoqqa borganingda kimlardan bo‘lasan, urug‘ing nima, elating nima deb so‘ramas, axir!

*  *  *

Manfaat balosi qandoq eshiklarni ochmaydi deysiz!

*  *  *

Ha, muqaddas sohaga daxldor ulug‘dan-ulug‘ zot ular! Turmush ikir-chikirlaridan baland-balandda, dunyo bo‘ylab shaxsiy samolyotlarida erkin-erkin uchib yurishadi. Maqsadlari – musiqa mo‘jizasini olamga yoymoq, shu barobari kishilar ko‘nglida insoniylikni uyg‘otmoq, ularni olijanob amallarga chorlamoq. Xo‘b ulug‘ omol! E, bor bo‘linglar-e, ustodi buzruklar!

Biroq sodda-bayov hofizimizning xayoliga sira o‘sha minib yurgan samolyotini ular qayoqdan oldi ekan, degan o‘y kelmasdi. Uning nazarida, go‘yoki bunday zotlarda shaxsiy samolyot bo‘lmog‘i tabiiy, hatto muqarrar, uning qayoqdan, nima evaziga kelganining esa ahamiyati yo‘q.

*  *  *

Kuz-kuzak chog‘lari bo‘lsa, bog‘ eskidan ham eski, qadimiy manzilgohlardan bo‘lsa – qat-qat xazonlarni g‘ichirlatib bir o‘zingiz tanho kezib yursangiz! Shunda kechagi kunlarning hidu nafasi arimagan biror antiqa ashyogami, ezginroq bir manzaragami duch kelganda ko‘ngil o‘z-o‘zidan suv ochadi, xilvat-pana go‘sha topilsa, ko‘zlar namlanib ham ketadi. Holbuki, bu tomonlarga endi kelishingiz, deylik, manovi chakalakzorga ilk bor oralashingiz, bir zamonlar kimlardir entika-entika uchgan, bugun ordona yotgan anovi arg‘imchoqni ham hozirgina ko‘rib turishingiz – diyda esa allaqachon suvga g‘arq!

*  *  *

Zarur kelganda, bolg‘a o‘rniga yerda yotgan oddiy tosh ham ish beradi…

*  *  *

Bu dunyoda bir-biriga o‘xshash keladigan odam kam emas. Hammayam kimgadir o‘xshaydi. Sirtdan-da. Lekin kimga o‘xshamoqni ham bilish kerak ekan.

*  *  *

Ochiq yotgan qozonga qaysi it burilib qaramaydi.

*  *  *

Shunaqa toifa bor o‘zi, har narsaga havas qilaveradi. Bog‘ desang, boqqa talpinadi, tog‘ desang – toqqa.

*  *  *

Kechagina o‘zi yozib bergan gaplarni u hozir boshqa kishining og‘zidan eshitib, xayolan solishtirarkan, matnga talay tahriru tuzatishlar kiritilganini sezdi. Avvalo, o‘rinli-o‘rinsiz “sovet” so‘zi qo‘shilgan edi: “yosh sovet shoiri”, “boy sovet voqeligi”, “sovet lirik she’riyati”. Otashqalb shoir “sovet tuzumini tinmay ulug‘lagan”, “shonli o‘ttizinchi yillarning qahramonona zafarlarini tarannum etgan” emish! Unda nega qamaldi, nega “xalq dushmani” deb qoralandi?

*  *  *

Otashqalb o‘z qatliga o‘zi hukm chiqargan anovi satrlardagi “muhabbat guli” kim? “Tikanlar” deganda kim yo nima nazarda tutilgan? Bundan og‘ir savollar bormi? Bir shoirni sovuq o‘lkalarga surgun qilib, chiritib yubormoqqa shuning o‘zi kifoya emasmi?

*  *  *

Fan arbobi gapni juda olisdan, qariyb Odam atoning yaratilishidan boshladi, desak bo‘ladi. So‘ngra o‘ziga o‘tgunicha ham xiyla zamon ketdi. Majlis raisi Oqsoqol shoir betoqat bo‘lib bir necha bor mikrofonni taqillatib ko‘rdi – befoyda. O‘zi keksa bo‘lsa-da, bunday ulkan yig‘inlarda ezma-churik mo‘ysafidlarga so‘z bermoq xatarli ekanini u ko‘p yillik raislik tajribasidan yaxshi bilardi. Nachora, so‘zga chiquvchilar ro‘yxatini o‘zingiz tuzmaganingizdan keyin shu-da.

*  *  *

Bilasiz, ulfatning qonun-qoidasi bo‘lak – ermisan, shermisan, bir dasturxon atrofida o‘tirasan, bir suyakni g‘ajiysan!

*  *  *

Qo‘l ostidagi mulozimlarga hamma gap aytilavermaydi. Aytilsa, uning rahbarlik siyog‘i qayda qoladi? Yaqin mulozim, mahram yordamchi boshlig‘ining bor sir-asrorini bilaman, deb o‘ylaydi o‘zicha. Negaki ular doimo birga, xo‘jayinning oila-ro‘zg‘or yumushlaridan ham xabardor. Lekin ertasini o‘ylagan boshliq unaqa bilag‘ondan tezgina voz kechish payida bo‘ladi. Unga ko‘pincha itdek sadoqatli bo‘lmoq barobari salgina go‘l, aytilgan gapga og‘zini ochib turadigan laqmaroq labbaygo‘ylar ma’qul. Qizig‘i shundaki, harqancha yaqin, et-tirnoqdek bo‘lishlariga qaramay, rahbar pinhon tutilgan masalalarni goh yettiyot bir begonaga oshkor etganida yordamchining jahli chiqadi: nimaga men qolib bunga aytyapti? Ana shu qizg‘anish tuyg‘usi bora-bora norozilikka aylanib, “qul isyoni” bosh ko‘taradi. U yer-bu yerda visir-visir qilib yursa yoki birato‘la orani ochiq tashlab daf bo‘lsa-ku mayli deysiz; yo‘q-da, erta bir kun rahbarning tepasida bulut to‘planganida, kosa ko‘zaga tegib ketgan mahal jabrdiydalar safining boshida turib uni sotmoqqa tushadi. Sotadi –vijdoni zarracha lat yemaydi, bir kun kelib pushaymon ham qilmaydi. Nafs tarozisining posangisi omonat…

*  *  *

Kechagi tuzum davrida tashqi siyosat asosan eski qirchang‘ilarga topshirib qo‘yilgan edi. Ko‘pincha urilgan-surilgan yoki hamma bezor bo‘lgan kimsalardan qutulish uchun, ba’zida esa ularni jazolash maqsadida elchilik lavozimiga jo‘natilardi. Kundalik kasbi – ertayu kech gazeta titkilash, televizor ko‘rish, kechqurunlari biror joyda qabul, quyuq bazm! O‘zidan bilib biror ish qilolmasdi – bunga haddi ham, ko‘pincha aqli ham yetmasdi. Boshimizdan o‘tgan-da bu savdolar. Markazdan yuborilgan topshiriqni bajarsa, o‘z vaqtida hisobot berib tursa – bo‘lgani.

*  *  *

– Lekin aytib qo‘yay, elchilik oson ish emas, – dedi Aka allaqanday sirni yashirayotgandek qiya qarab. – Xatarli tomonlari ko‘p. Afrikada deng, bir qabila fransuz elchisini nimtalab yeb qo‘yibdi. Fransiya tomoni norozilik notasi yuborsa, afrikaliklardan bunday javob kelibdi: “Nachora, shunaqa bo‘lib qoldi. Mayli, sizlar ham bizning elchini yeb qo‘yaveringlar”.

Xayriyat, latifa ekan. Biroq kulishga ham qo‘rqdik.

– Juft bo‘lsin-a. Bir sovet fuqarosi Amerika elchixonasiga qarashli “Mersedes” moshinasining ballonlarini teshib, hidlab yotganmish. “Bu nima qilganing?” deb so‘rasalar, “Ozodlik havosidan nafas olyapman”, dermish.

Bunisiga ham baralla kulmoqqa jur’at qilmadik. U kezlarda hali nimaga kulish, nimaga kulmaslik aniq emas edi.

*  *  *

Xotun zoti ko‘paygan joyda, bilingki, bir kun emas – bir kun muqarrar g‘avg‘o qo‘pqusidir.

*  *  *

– Qoidasi shu-ku azaldan. Hammangni otli qilaman, toyli qilaman, deb atrofiga askar yig‘adi. Askarlari ko‘tara-ko‘tar bilan u kishimni osmonga chiqarib qo‘yadi. Osmonga chiqib olgach, erta bir kun tepadan turib aftingga tupurmasa yo ustingga choptirmasa, shunisiga ham shukur deysan, oshnam!

– Gonolulu, lulu, lulu… Xuddi yosh bolani ovutadigan ermak so‘zga o‘xshaydi-ya! Nima degani ekan?

– Bu yog‘i endi xurjun, tushingni borib suvga ayt, deganidir-da. Qirqni qoralagan ho‘kizlar esa laqqa tushib yuravergan shunga!

– Ishonmasdan ham bo‘lmasdi, jo‘ram. Ajab davrlar edi-da o‘zi. Mustaqillikka chiqilgan, yoppa sarxushlik, orzu-umidlar…

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version