Venesuela prezidenti Nikolas Maduro AQSH yetakchisi Donald Trampdan «iste’foga chiqish to‘g‘risidagi bitim» doirasida 200 million dollarni o‘zida saqlab qolish va siyosiy boshpana taqdim etishni so‘radi. Bu haqda The Telegraph nashri xabar bergan.
«Manbalarga ko‘ra, Nikolas Maduro AQSH prezidenti bilan iste’fo va qochish to‘g‘risidagi kelishuv doirasida shaxsiy boyligidan 200 million dollarni saqlab qolish, o‘z atrofidagi amaldorlarni afv etish va do‘st mamlakatlardan boshpana taqdim etishni so‘ragan», deyiladi nashr xabarida.
Bir necha kun avval Donald Tramp Venesuela osmonidagi havo kengliklari aviakompaniyalar, giyohvand moddalar savdogarlari va odam savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhlar uchun yopilgani haqida e’lon qilgandi. Ushbu bayonot Karib havzasida Amerika harbiy kuchlari ko‘payishi fonida yangragan.
The Washington Post gazetasi AQSH samolyotlari Venesuela atrofidagi hududlarda doimiy navbatchilik qilayotganini yozgan. Mamlakat ommaviy axborot vositalari bir necha bor tez orada hujumga o‘tilishi mumkinligini e’lon qilgan.