Interpol terrorizmga qarshi kurashishga qaratilgan maxsus operatsiya doirasida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan foydalanib, uning yordamida gumon ostida bo‘lgan 126 nafar kishining shaxsiga aniqlik kiritdi. Bu haqda tashkilotning matbuot uchun rasmiy bayonotida so‘z borgan.
«Sun’iy intellekt raqamli makonda terrorchilik tarmoqlariga qarshi kurashishga qaratilgan noyob operatsiya davomida ushbu jinoyatda gumon qilinayotgan shaxslarni aniqlash uchun qo‘llanildi. Hozirga qadar 126 nafar jangarining shaxsi aniqlandi», deyiladi bayonotda.
Interpol tomonidan muvofiqlashtirilgan «Shams II» operatsiyasi 11 mamlakatdan kelgan mutaxassislar ishtirokida besh kun davom etgan. Ekspertlar jangari guruhlar tomonidan tarqatilgan 108 mingdan ortiq tasvirni tahlil qilgan. Bunda ma’lumotlarni qayta ishlash jarayonini avtomatlashtirish maqsadida maxsus ishlab chiqilgan sun’iy intellekt agentlari va dasturiy skriptlardan foydalanilgan. Ular yordamida bir xil tasvirlar aniqlanib, takroriy nusxalar olib tashlangan, shuningdek, suratlar sifati yaxshilangan.
Natijada dastlabki ma’lumotlar hajmi 6300 ta noyob va yuqori sifatli tasvirga qisqartirilgan. Ular keyinchalik Interpolning yuzni tanib olish tizimiga kiritish uchun tayyorlangan.