Qozog‘istonda sun’iy intellekt (SI) to‘g‘risidagi qonun kuchga kirdi va hujjat SI yordamida yaratilgan kontentni yorliqlashni nazarda tutadi hamda qator neyrotarmoqlarning mamlakat hududida ishlashini taqiqlaydi. Bu haqda TASS manbasi xabar bergan.
Qonunga asosan sun’iy intellekt yordamida tayyorlangan har qanday matn, surat, video yoki audio maxsus belgi bilan ajratilgan bo‘lishi kerak. Mamlakatda sintez usulida tayyorlangan kontentni yorliqlamasdan tarqatish endi huquqbuzarlik hisoblanadi. Hujjat ma’lumotlarni qayta ishlashga berilgan rozilikning amal qilish muddatini ham cheklaydi hamda foydalanuvchilarning uni bekor qilish va istalgan vaqtda qaytarib olish huquqini mustahkamlaydi.
Bundan tashqari, Qozog‘istonda endi odamlarni manipulyatsiya qiladigan, ruhiy va jismoniy zaifliklaridan foydalanadigan, kamsitish maqsadida ular haqida «irqi, siyosiy qarashlari, diniy mansubligiga hamda boshqa har qanday sabablarga ko‘ra xulosalar shakllantirish uchun» tasniflaydigan, shuningdek, mamlakatda qonunlar bilan taqiqlangan kontent yaratadigan neyrotarmoqlar faoliyatiga ham yo‘l qo‘yilmaydi.