Bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanib ulgurdi. Yangiliklardan xabardor bo‘lish, zarur bilim va ko‘nikmalarini o‘zlashtirishda turli kanallar, sahifalar, ta’limiy videolar, onlayn kurslarning ahamiyati katta. O‘z o‘rnida, ijtimoiy tarmoqlar vaqt behuda sovuriladigan, noto‘g‘ri axborotlar va zararli kontentlar yoyiladigan vositaga aylangani ham bor gap.
Shunday ekan, ushbu maydonni sifatli va foydali kontentlar bilan to‘ldirish zarur. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan ayni shu maqsadda viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari bilan hamkorlikda dolzarb mavzularda roliklar tayyorlanmoqda.
Jumladan, oilaviy qadriyatlar, ijtimoiy tarmoqlarning yoshlar ma’naviyatiga ta’siri, giyohvandlik illatining mudhish oqibatlari, inson va jamiyat munosabatlari, vaqtdan unumli foydalanish kabi mavzularda roliklar tasvirga olindi.
Bugun Qarshi shahridagi Ma’naviyat maskanida o‘tgan tadbirda viloyat musiqali drama teatri ijodkorlari bilan uchrashuv o‘tkazilib, galdagi vazifalar belgilab olindi. Faollik ko‘rsatayotgan aktyor va aktrisalarga Markaz viloyat bo‘limining esdalik sovg‘alari topshirildi.
B.SAYFIYEV
Suratda: tadbirdan lavha.