Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat «SIRLI SALTANAT JAVOHIRLARI»
Ma’naviyat

«SIRLI SALTANAT JAVOHIRLARI»

Yangi kitob

Nega kitoblar yoziladi va ularni o‘qishadi? Ko‘rganmiz, bilamiz: kitob desa, esnog‘i tutadigan, biroq binoyiday yashab yurganlar ham ko‘p. Moddiy manfaat bermasa, boz ustiga, ularda o‘zgalar kechmishi aks etsa-yu, nega ba’zi kishilar uchun mutolaa hayotning ajralmas uzviga aylanadi? Kitoblarda ne sir-sinoat yashirinki, odam eng bebaho ne’matni o‘qish uchun sarflashdan huzur tuyadi? Ming yillik masalaga yechim topib, million dollarlik mukofot pulini rad etgan va «Men koinot tuzilishi sirini bilaman, million dollaring nima bo‘pti?!» degan telba daho singari bilim oldida dunyo o‘z qiymatini yo‘qotarmikan?

Shunisi aniqki, kitob insonga o‘zini, o‘zligini tanitadi, hayotiga ma’no, maqsadiga mazmun beradi, binobarin, Haqqa yaqinlashtiradi.

Dunyoda bitikdan kami bormi, bu qisqa umrda qay kitobni o‘qish kerag-u, qay biridan yuz burgan ma’qul? Vaqt va o‘quvchi hukmidan o‘tgan barcha kitob ham o‘qishga yaroqlimi?

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Qashqadaryo viloyati bo‘limi tomonidan nashrga tayyorlangan «Sirli saltanat javohirlari» kitobi orqali nimani o‘qish va o‘qimaslik borasidagi fikrlarni aniqlashtirib olish imkoni bor, desak, aslo mubolag‘a emas.

Toshkent shahridagi «Akademnashr» nashriyotida 1000 nusxada chop etilgan ushbu to‘plamda sirli saltanat sanalmish adabiyotning o‘ziga xos javohirlari: jahon va o‘zbek so‘z san’atida e’tirof etilgan 70 ta mashhur asardan saralangan hikmatlar, tagiga chizib o‘qiladigan satrlar jamlangan.

Mutolaa asnosida «Jinoyat va jazo», «Telba», «Zardo‘sht tavallosi», «Jarayon», «Begona», «Martin Iden», «Usta va Margarita», «Doktor Jivago» kabi mumtoz asarlar, «Mazaxchini o‘ldirish», «Qo‘zichoqlar sukunati», «Jon», «Parfyumer», «Yapon zobiti» kabi yangi tarjima etilgan asarlar, «Ilon avrovchi», «Sariq ajdar hamlasi», «SHedevr yozaman», «Hech», «Tanholik tantanasi» kabi yuksak saviyali, biroq hali o‘zbek adabiyotida u qadar ommalashmagan romanlar haqida mulohaza va iqtiboslarni ko‘rish mumkin.

Kitob muqovasini taniqli dizayner Bahriddin Bozorov ishlagan. Unda «Odam o‘ladi – fikr esa abadiy» degan ma’no ramziy ifodasini topgan.

Yana bir e’tiborli jihati, kitobdagi barcha taqriz va iqtiboslar «Qashqadaryo» gazetasi sahifalarida e’lon qilingan. Shu ma’noda «Sirli saltanat javohirlari» to‘plami 500 dan ziyod kitoblar orasidan saralangan, qariyb 10 yillik mehnat mahsuli ekanligi bilan ham e’tiborlidir.

BEKZOD

Exit mobile version