Saralangan satrlar
Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romanini o‘qigansiz albatta. Ana shu asarning uzviy davomi borligini ham bilsangiz kerak. Muallif “roman uchun qissa” deya izohlagan ushbu asar “Chingizxonning oq buluti” bo‘lib, jahonga hukmdorlik da’vosi bilan chiqqan ikki amaldor – XII-XIII asrlarda yashagan Chingizxon va XX asrning qattol shaxslaridan biri Stalin siyosati inson bolalari hayotida qanday oqibatlarni keltirib chiqargani haqida hikoya qiladi.
Atoqli adabiyotshunos va tarjimon Ibrohim G‘afurovning asar haqidagi quyidagi fikrlari e’tiborga molik: “Ikki oylik vahshiyona tergov va bir oylik Yevropani zabt etishga otlangan sahro jahongirining harbiy safar yo‘li. Ikki rivoyat necha asrlar osha bir-birida aks sado topadi. Ikki rivoyat bizga azal vahshiyliklarning qon sirqib turgan tomirlarini yalang‘ochlab ko‘rsatadi. Yengilgan inson mohiyatda nima uchun sira yengib bo‘lmas bir qudratga egaligini aytmatovcha xassoslik, hayotiylik, teranlik bilan tadqiq etadi”.
“Oq kema”, “Jamila”, “Somon yo‘li”, “Sarviqomat dilbarim”, “Alvido, Gulsari”, “Asrga tatigulik kun”, “Qiyomat” kabi asarlari bilan o‘zbek kitobxonlariga yaxshi tanish muallifning “Chingizxonning oq buluti” qissasi jahon adabiyoti tajribalarini chuqur o‘rganish asosida yozilgan.
* * *
1980-yilda “Asrga tatigulik kun” romani tarkibida e’lon qilinishi kerak bo‘lgan, biroq sovet senzurasi “yulib” qolgan bu lavha qaysi jihatlari bilan mustabid tuzum mafkurachilarini cho‘chitib yuborgandi? Buni mutolaa asnosida bilib olasiz…
Urush tugaganiga ham necha yillar bo‘ldi. Hammasi uchun tortadiganini tortdi – qon desa qonini to‘kdilar, lagerlarga eltib tiqdilar, urush ko‘rganlarning bari go‘ristonlarga tarqab ketadigan vaqt ham uzoq emas, mutlaq hokim esa hamon o‘ch olishdan to‘ymaydi, hamon insofga kelmaydi.
* * *
Hayot undan ayrilib qoladigan damlarda yanada shirinroq bo‘lib qoladi, endi buni u aniq biladi, zulmat qo‘yniga muqarrar sho‘ng‘ish oldidan, ana shu eng oxirgi damda, hayotning so‘nggi mash’um ziyosi tushib turganda, sarhisob qilishga to‘g‘ri keladi. Hayotning eng muhim xulosasi – bolalar. Ehtimol, tabiat atay shunday qurilgan bo‘lsa kerakki, ota-onaning umri o‘zidan keyin qoladiganlarni voyaga yetkazish uchun sarf bo‘ladi. Shuning uchun ham otani boladan ayirish, uni qazo-u qadarning o‘zida belgilangan vazifasini o‘tashdan mahrum etish, bu demak, uning hayotini, oxir-oqibatda, tamomila behosil qilib qo‘yish bilan barobar.
* * *
U yoki bu kimsaning ustidan chaquv tushib, mafkuraviy shubha ostida qolsa, darhol uning o‘zini ham, yaqin qavm-qarindoshlarini ham qiyin-qistovga olishlaridan bezib qolgan odamlar endi xatarli xatolarga yo‘l qo‘ymas, millatchilikka yo‘yish mumkin bo‘lgan xatti-harakatlarni qilmas, so‘ylamas, yozmas edilar. Bil’aks, ko‘pchilik g‘oyatda ehtiyotkor va hushyor bo‘lib qolgan, millatga daxldor, qadr-qimmatga ega barcha narsalarni bor ovoz bilan inkor etishar, hatto, o‘z ona tilidan voz kechishgacha borib yetar edilar. Har qadamda Lenin tilida so‘zlashayotgani va o‘ylayotgani to‘g‘risida pisanda qilib turadigan bunday odamlarni qani, qo‘lga ilintirib ko‘r-chi…
* * *
Siyosatda shamol esayotgan tomonga qarab uchayotgan hamma narsa ishga yaraydi. Ha, har qanday juda mayda-chuyda bo‘lib ko‘ringan narsa ham dushmanga qarshi tosh qilib otishga, uni g‘oyaviy janglarda majaqlab tashlashga yarab qolishi mumkin.
* * *
U yozish-chizishni bilmasdi. Shuning uchun safarda yuz berishi mumkin bo‘lgan barcha narsalarning foyda-zararini nazaridan o‘tkazib, barini yodida saqlashiga to‘g‘ri kelardi. Faqat shunday qilgandagina ishlarning bari o‘ngidan kelar va eng muhimi, qattiq temir tartib-intizom o‘rnatilar, faqat shunday yo‘l tutibgina g‘alaba qozonmoq mumkin bo‘lardi. Chingizxon zig‘irdakkina bo‘lsin, bo‘shanglikka yo‘l qo‘ymas, Yevropani bosib olishdek katta maqsadiga hech kim va hech narsa to‘siq bo‘lmasligi kerak edi.
* * *
Yoshlik chog‘larida, u zamonlar hali Chingizxonni Temuchin deb atashardi, uning o‘zi ham qo‘shni qabilalar bilan oz jang qilmagan, o‘zi ham qattiq-qahrli kunlarni ko‘rgan, ne azoblarni boshidan o‘tkazgan, suyukli xotini Bo‘rte merkitlar bosqini chog‘ida o‘marib olib ketilgan, cho‘rilikning alamli qismatini totgan edi. Chingizxon hokimiyatni qo‘lga kiritgach, barcha o‘zaro nizolarni shafqatsiz tarzda bostirdi. U turli janjal-mojarolar davlatning kuch-qudratini qirqib, unga tinmay xalal berishini yaxshi anglab yetgan edi.
* * *
U bir narsani juda erta anglab yetgan, bunga ham e-ha, ne zamonlar bo‘ldi, hali unda bir qorindan talashib tushgan inisi, murti endigina sabza urgan Bekter bilan soyda tutilgan baliqni talashib, aslida esa, bo‘rilarga xos ichki sezgi bilan qismatning bittagina egariga ikkovlari sig‘masliklarini anglab, uni yoy o‘qi bilan o‘qlagan chog‘laridayoq hayotning azal tuzugini bexato to‘ppa-to‘g‘ri bir tarzda bilib olgan edi, u ham bo‘lsa shuki, kuch ishlatib ezish kerak ekan, kuch oldida bo‘ysunmagan, tiz cho‘kmagan, rangi o‘chmagan, vahshiy qudrat shiddatidan gunohkor odamzotni-ku hali qo‘ya turaylik, toshmi, suvmi, olovmi, daraxtmi, darranda yo parrandami, xullas, kullari ko‘klarga sovurilmaganligini hali hech kimsa ko‘rgan emas. Zo‘r zo‘rdan zo‘r chiqqanda, eng ajoyib ko‘ringan narsalarning ham tusi o‘chadi, arzimas bir narsaga aylanib qoladi, go‘zallikning sho‘riga sho‘rva to‘kiladi. Mana shundan ana endi bir xulosa kelib chiqadi: toptalayotgan, ezilayotgan nimaiki bor – bari nochor, bari hech narsaga arzimaydi, tiz cho‘kkan, bukilgan, bosh eggan nimaiki mavjud – bari rahm-shafqatga sazovor, faqat rahm qilguvchining inon-ixtiyoriga ko‘ra, albatta. Dunyoning ishlari shu asosga qurilgan…
* * *
Azal-azaldan ovchilik va chorvachilik bilan kun kechirib kelgan, kambag‘allashib qolgan, oz sonli aratqiyotlar urug‘idan bo‘lgan yetimcha bola dunyoga hukmdor bo‘ladi, odamning vahimasi keladigan, aql bovar qilmaydigan shon-shuhrat cho‘qqilariga xuddi lochin kabi shiddat bilan ko‘tariladi deb kim xayoliga keltiribdi va buni boshqa nima bilan ham izohlash mumkin. Axir hayot shaddod yetimchaga, nari borganda, chapdast ot o‘g‘risi qismatini ravo ko‘rishi mumkin edi. Shunday ekan, tarixda misli ko‘rilmagan bunday chek-chegarasiz hukmronlik qayerdan paydo bo‘ldi? Bunga fol ochib o‘tirishning hojati bormi? Ko‘k Tangrining xohish-irodasi bo‘lmasa, tagidagi otdan o‘zga hech vaqosi yo‘q Temuchinning boshi uzra komidan o‘t sochgan ajdaho suvrati solingan oltin halli bayroqlar hilpirab turmas, hech qachon Chingizxon deb nom qozonmas va hech qachon Oltin o‘rdugoh qubbalari ostida baland taxtda o‘tirmasdi!
* * *
Uyqudagi odamlar na o‘zlariga va na o‘zgalarga tobe bo‘ladilar, binobarin, uyqu serkulfat, bema’ni g‘aflat bosgan bir erkinlikdirkim, uyg‘onish pallasi yetganda, darhol undan dag‘al shahd-shiddat bilan qutulmoq lozim.
* * *
Qo‘shin suronlari uzoqda gulduros solayotgan dengizni eslatadi. Ushbu son-sanoqsiz izdihom, odamlar, otlar, aravalar, qurol-aslaha, ko‘ch-ko‘ron, qoramollar selday oqadi, bularning bari Chingizxon kuch-qudratining timsoli, undan bino bo‘lgan, uning niyatlaridan tug‘ilgan edi. Ushbu soat u egarda o‘tirib xudoning kamdan-kam bandalari xayolga keltirishga jur’at etadigan o‘sha-o‘sha – dunyoga yakka o‘zi hukmronlik qilish orzusi, osmon ostidagi yagona abadiy saltanat va bu saltanatda hatto o‘limidan so‘ng ham hukmronlik surish haqida o‘y o‘ylardi. Qanday deysizmi? Tosh lavhalarda oldindan bitilgan yasoqlar orqali. Dunyoni qanday idora qilish haqidagi qoyatoshlarga o‘yib bitilgan amru farmonlari – yasoqlari mustahkam turarkan, yorug‘ olamda hech qachon uning irodasi o‘lmagay.
* * *
Ba’zan odam bolasi uchun dunyo bir zum ichida o‘zgarib ketishi, ag‘dar-to‘ntarga uchrashi hech gap emas.
* * *
Odamning o‘z jonidan aziz kishilarini shundaygina ko‘z uchida ko‘rishdek oddiy toza bir istagiga qanchadan-qancha to‘siqlar, xavf-xatarlar qarshi turishi mumkin ekan-a.
* * *
Mahkum ham, jazoga tortuvchi ham shuni bir xilda tushunar edilarki, agar ushbu sehru joduli ayblov so‘zlari kuchga kirsa, bu jazo beruvchini faqatgina ayblabgina qolmay, balki shu bilan birga, dushmanlarni tag-tomiri bilan yo‘qotish uchun istagancha chora-tadbir ko‘rish majburiyatini yuklardi. O‘zgacha fikrda bo‘luvchilar qirib tashlanishga mahkum edi. Bu qonli tegirmonga yanchish uchun tinimsiz qurbonlar keltirilardi. Ta’qib va tazyiq ostida qolgan odamga o‘zining tamomila mahkum ekanligini uqtirish va buning inkor etib bo‘lmas zarurat ekanligini miyasiga quyish ham talab etilardi.
* * *
Inson zoti yer yuzida paydo bo‘lishi hamon boshqa barcha maxluqlardan oldinroq yolg‘iz o‘zi darhol Iblis bilan topishdi va kunlar osha, asrlar osha yovuzlikning tantanasini o‘rnatdi. Ha, yolg‘iz insongina shunday ashaddiy yovuzlik egasi bo‘lib qoldi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.