Qashqadaryo gazetasi Jamiyat So‘nggi jadid
Jamiyat

So‘nggi jadid

Adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov jadidchilik harakatining ilk tadqiqotchilaridan bo‘lmish Begali Qosimovga «So‘nggi jadid» deya ta’rif bergandi.

Qashqadaryoga oid

Ma’lumki, Kasbi tumanidagi Denov qishlog‘ida Begali Qosimov uy-muzeyi bor. Toshkentdan yoki boshqa viloyatdan ziyoli, olim kishilar kelsa, o‘sha yerga olib borsangiz, katta qiziqish bilan tomosha qilishadi, eksponatlar bilan tanishib, olimning yaqinlari bilan dildan suhbat qurishadi. Ammo «Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q» deganlaridek, ko‘p-da o‘zimiz bu olimni unutib qo‘ygandek, keng miqyosda targ‘ib etmayotgandek, olim ilmiy merosini o‘rganmayotgandekmiz.

Ma’lumki, Begali Qosimov «Mirmuhsin-Fikriy va uning adabiy muhiti» mavzusida nomzodlik (1968), «XX asr o‘zbek poeziyasi (inqilobiy she’riyatning shakllanishi va taraqqiyoti masalalari, 1905-1917-yillar)» mavzusida doktorlik (1984) dissertatsiyalarini yoqlaydi. 1986-yilda professorlik ilmiy unvonini oladi.

Olim matbuotda 1964-yildan qatnasha boshlagan. 30 dan ortiq kitobi, 400 ga yaqin ilmiy maqolalari e’lon qilingan. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi (1980), Yassaviy nomidagi xalqaro mukofot sovrindori (1993), Turkiya Otaturk madaniyat markazining faxriy a’zosi (1997), Turkiya Arashtirma (tadqiqot) markazining muxbir a’zosi (1998), O‘zbekiston Oliy attestatsiya komissiyasida filologiya bo‘yicha (1998-2002), Respublika fan va texnika davlat qo‘mitasida ijtimoiy-gumanitar fanlar (1995-1999) ekspert kengashlari raisi, O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi filologiya fanlari bo‘yicha ixtisoslashgan kengash raisi (1995-1996, 2002-2004), Turkiston Yassaviy nomidagi xalqaro universitet ilmiy kengashi a’zosi, «Ma’rifat» gazetasi, «O‘zMU xabarlari» jurnali, Turkiyaning «Bilga», Qozog‘istonning «Turkologiya» jurnallari tahririyati a’zosi bo‘lgan.

Olim eng murakkab davr – XX asr boshi o‘zbek adabiyoti muammolari bilan shug‘ullangan. O‘nlab shoirlar ijodini o‘rganish jarayonida yuzga yaqin unutilgan ijodkorlar nomini tiklagan. «Mirmuhsin SHermuhammedov», «Abdulla Avloniy», «Inqilobiy she’riyat sahifalari», «Isyonkor qalb», «Izlay-izlay topganim…», «Salom kelajak», «Ma’rifat darg‘alari», «Revolyutsiya i literatura», «Ismoilbek Gasprali», «Maslakdoshlar», «Milliy uyg‘onish». «O‘zbek adabiyoti va adabiy aloqalari tarixi», «Uyg‘ongan millat ma’rifati» kabi monografiya va risolalari nashr etilgan.

1986-yili birinchi marotaba Navoiy antologiyasi («Navoiyning nigohi tushgan…»), «Vatan va Millat muqaddasdir» majmuasini (1996, 2000) tuzgan. Boburning 1527-yil 4-yanvarda o‘g‘li Komronga yozgan, «Boburnoma»ga kirmay qolgan xatini topib, e’lon qilgan (1980).

O‘rta maktablar uchun yangi avlod o‘quv  dasturi va darsliklarining mumtoz adabiyot bo‘yicha rahbari va mualliflaridan. Universitetlar va pedagogika institutlarining filologiya fakultetlari uchun «Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti» darsligini yozgan.

Begali Qosimov jadidchilik va jadid adabiyotining ilk tadqiqotchilaridan, yetakchi mutaxassislaridan sanaladi. Behbudiy («Tanlangan asarlar», 1997, 1999, 2006), Avloniy («Toshkent tongi», 1979; «O‘son millat» 1993; ikki jildlik «Tanlangan asarlar», 1998, 2006), Siddiqiy-Ajziy («tanlangan asarlar», 1973, 1999), Sidqiy Xondayliqiy («Navbahor», «Tanlangan asarlar», 1998), So‘fizoda («Tanlangan asarlar», 2002), Ismoilbek Gasprali («Hayot va mamot masalasi», 2006) kabi ijodkorlarning adabiy merosini ilk marta to‘plab, mukammal ilmiy izohlar bilan nashr ettirdi.

Uning jadidchilik haqidagi tadqiqotlari chet ellarda ham e’tibor qozondi, e’tirof etildi. AQSH, Germaniya, Fransiya, Turkiya, Yaponiya, Rossiya, Koreya, Ukraina, Afg‘oniston, Eron, Qozog‘iston, Tatariston, Boshqirdistonda ham asarlari chop etildi, kitoblariga taqrizlar yozildi.

Olim o‘zbek-tatar adabiy-madaniy aloqalariga doir «Itil suvi oqa turur…», «El suygan shoir»; o‘zbek-usmonli aloqalariga oid «Istanbul – islom bo‘l demakdir», «Anvar poshsho», «Safar kundaliklari» singari asarlar yozgan. M.Gorkiy («Balzak haqida», «M.M.Kotsyubinskiy», «Korolenko V.G.», «S.Yesenin», «Romen Rollan haqida», «Prishvin haqida», Asarlar, 10-t. 1978), Belinskiy («Lermontov she’rlari», «Adabiy orzular», 1977), Ismoil Gasprali («Mukolamai salotin», «Xotinlar o‘lkasi», «Dorur rohat musulmonlari», «Ovrupo madaniyatiga tanqidiy bir nazar», «Rusiya musulmonligi», «Madaniyati islomiya», «Bobi oliy ko‘chasiga sayohat» va boshqalar), Zaki Validiy («Turkistonning tuganmas dardi», «Mustamlaka Turkistonda ijtimoiy va fikriy hayot», «Mag‘jon Jumaboy» va boshqalar)dan, shuningdek, ikki jildlik  «Turk dunyosi adabiyoti» darsligini o‘zbek  tiliga tarjima qilgan.

Begali Qosimov 1993-yildan o‘zi asos solgan «Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti» kafedrasi mudiri, ToshDU o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori (1993-1994), o‘zbek filologiyasi fakulteti dekani (1994-1995) bo‘lib ishladi. O‘zbekiston Respublikasi faxriy yorlig‘i bilan mukofotlandi (1995). 1999-yilda olimga O‘zbekiston Respublikasi Fan arbobi faxriy unvoni berildi. 2002- yili   O‘zbekiston Milliy universitetining «Yuksak xizmatlari uchun» medali bilan taqdirlandi.

Exit mobile version