Qashqadaryo gazetasi Jarayon SOPOLDA JILOLANGAN SAN’AT
Jarayon

SOPOLDA JILOLANGAN SAN’AT

Shahrisabz azaldan mohir hunarmandlar diyori sifatida tanilgan. Bu zaminda asrlar davomida turli hunarlar rivoj topib, avloddan-avlodga meros tarzida o‘tib kelgan. Qadim an’analarga boy kulolchilik san’ati ham ana shunday o‘tmishni bosib, bugun yosh hunarmandlar ishlarida o‘z jozibasini yanada yorqinroq namoyon etmoqda.

Javlon G‘aniyev kulolchilik hunari sir-sinoatlari, mashaqqatiyu mehnati, daromadiyu rohati, o‘ziga xosligiyu imkoniyatlarini bolaligidan payqagan yosh usta. Chunki, u mahalliy kulollar avlodidan. Oyog‘i chiqibdiki, otasi Asad Allayevning mo‘jaz ustaxonasida o‘ralashib, u tayyorlagan loyni changallab o‘sgan emasmi, shundan bu hunar qoniga singgan. Bugun  uning o‘z ustaxonasi bor, hunarmand degan nomga ega.

– Oddiy tuproqqa ishlov berib, san’at asari yaratish oson yumush emas, – deydi Javlon G‘aniyev. – Buning uchun mehnat, sabr va muhabbat jamlanishi kerak. Kulolchilik loy qorib, kerakli shaklni berish bilan cheklanmaydi, undan keyingi jarayonlar mashaqqatning mevasini namoyon qiladi. 

Ustaxonaning bir burchagida quritishga qo‘yilgan sopol buyumlarga navbati bilan naqshlar solinayapti. Avvaliga xira ko‘ringan bu tasvirlar xumdondan yanada ravshan va jozibador bo‘lib chiqadi hamda ko‘z o‘ngingizda  haqiqiy san’at asari paydo bo‘ladi.

Yosh hunarmand qo‘lida sayqal topgan idish-tovoqlar, turli kulolchilik buyumlariga boqib, uning mahoratini darhol his etasiz. Betakror naqshlar, silliq yuza, jilo berishdagi nozik yondashuv va tabiiy ranglar uyg‘unligi har bir buyumga o‘zgacha go‘zallik baxsh etgan.

– Ikki yil avval tumanning Abziyat mahallasida Kulolchilik markazini tashkil etdik, – deydi Javlon G‘aniyev. – Shuningdek, Shahrisabz shahridagi Oqsaroy majmuasi hududida yana bir ustaxona ochdik. Hozir har ikki joyda ham otam yordami bilan «ustoz-shogird» an’anasi asosida yoshlarga kulolchilik sirlarini o‘rgatishni yo‘lga qo‘yganmiz. Maqsadimiz – sulola ishini davom ettirib, Shahrisabz kulolchiligi dovrug‘ini yana dunyoga yoyish.

Yosh hunarmand mamlakatimizda o‘tkazilayotgan turli ko‘rgazma va tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. U endi yurtimizning nomi chiqqan sayyohlik maskanlarida ham o‘z mahsulotlari yarmarkalarini yo‘lga qo‘yish niyatida. Binobarin, uning ustaxonasida sayqal topgan sopol buyumlar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijiy sayyohlar e’tiboriga ham tushib ulgurgan.

O‘z muxbirimiz

Sobir NARZIYEV olgan suratlar. 

Exit mobile version