Matbuot anjumani
O‘tgan yili Qashqadaryodagi fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda 6419 ta nikohdan ajratish bilan bog‘liq ish ko‘rilgan bo‘lib, da’volarning 3349 tasi yoki 52,1 foizi qanoatlantirilgan. 2193 tasi rad qilingan, 436 ta ariza ko‘rmasdan qoldirilgan, 441 ta ish yurituvdan tugatilgan.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati sudlarining 2025-yil davomidagi faoliyati tahlili hamda sohaga oid muhim va dolzarb masalalar yuzasidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Tadbirda Qashqadaryo viloyati sudining raisi Abduqayum Mahkamov, viloyat ma’muriy sudining raisi G‘olibjon Davlatov sudlar faoliyatida qonuniylikni ta’minlash, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, odil sudlovga bo‘lgan ishonchni oshirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida gapirishdi.
Sud ishlarida raqamlashtirish tajribasining keng joriy etilayotgani, elektron sud tizimi orqali ariza va da’volarni qabul qilish, sud majlislarini onlayn kuzatish imkoniyatlari kengaygani qayd etildi.
– Qashqadaryo viloyat, tumanlararo, tuman va shahar sudlariga o‘tgan yil davomida 10667 ta murojaat kelib tushgan, – dedi Abduqayum Mahkamov. – Mazkur murojaatlarning 2276 tasi umumiy mazmundagi, 2771 tasi shaxsiy va sayyor qabullar jarayonidagi shikoyatlarni tashkil qilgan. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual va Xalq qabulxonalari orqali 5630 ta murojaat kelib tushgan. O‘rganish natijalariga ko‘ra murojaatlarning 304 tasi qanoatlantirilgan, 23 tasi rad qilingan, 10055 tasiga tushuntirish berilgan, 225 tasi taalluqliligiga ko‘ra hamda tegishli idoralarga yuborilgan, 4 tasi anonim murojaat bo‘lganligi bois ko‘rmasdan qoldirilgan, shuningdek, 73 ta murojaat ko‘rib chiqilmoqda.
Anjumanda korruptsiyaga qarshi kurashish, sudyalarning kasbiy malakasini oshirish, sud tizimida kadrlar salohiyatini mustahkamlash masalalari haqida ham ma’lumot berildi.
Shohista BOZOROVA