Qashqadaryoga oid
Inson o‘z taqdiridan qochib qutulolmaydi. 1906-yilda Rossiyaning Primorsk viloyati Popova Gora qishlog‘ida tug‘ilgan Yugay Man Den umrining so‘nggi yillarini Qashqadaryoda o‘tkazishi shunchaki tasodif emas har holda.
Yugay Man Den 1924-yilda Barabash qishlog‘idagi boshlang‘ich maktab to‘rtinchi sinfini tamomlagach, otasining shaxsiy xo‘jaligida ishlaydi.
So‘ng qizil armiya safiga chaqirilib, Kanskdagi o‘qchi diviziyaning Kareliya polkida xizmat qiladi. Komandirlik kursini tugatgach, Nikolsk-Ussuriyskda kichik otryad komandiri, vzvod komandiri yordamchisi sifatida faoliyat yuritadi. So‘ng polk brigadiri, vzvod komandiri, 2-darajali kvartalmaster texnik xodimi bo‘lib ishlaydi.
1937-yilda Samarqand viloyatidagi maxsus posyolkaga surgun qilinadi. Shundan keyin «Quyosh» artelida qolipchi, Quyi Chirchiqdagi «Yangi hayot» kolxozida chorvachilik brigadasi brigadiri sifatida ishlaydi.
1949-yilda Yugay Man Den boshchiligidagi brigada 40 gektar maydonning har gektaridan o‘rtacha 97,7 sentnerdan yashil kanop poyasi yig‘ib oladi. Natijada sobiq ittifoq Oliy Kengashi Prezidiumining tegishli farmoni bilan Sotsialistik mehnat qahramoni unvoni bilan taqdirlanadi.
Yugay Man Den Quyi Chirchiq tumanida Molotov nomidagi kolxozda brigadir, dala ekinlari bo‘limi boshlig‘i, qishloq kengashi raisi bo‘ladi.
Uning hayoti shu bilan orom topmaydi. Keyinchalik Qozog‘istondagi Qizil O‘rda viloyatining turli tumanlarida sholichilik brigadasi brigadiri, bo‘lim mudiri, Surxondaryo viloyati Termiz tumanida kolxozchi bo‘lib ishlaydi.
Umrining so‘nggi yillarini esa Qarshida o‘tkazadi va 1980-yil aprel oyida shu yerda vafot etadi.