E’tirof
Sahar, qishloq ahli hali uyqudan to‘la uyg‘onib ulgurmagan. Yaylov tomon uzalib borayotgan qo‘ylarning mayin ma’rashi eshitiladi. Salqin havoda suruv ortidan cho‘pon tayog‘ini uynatib, ishonch bilan qadam tashlab borayotgan ayolni ko‘rish mumkin. Bu – «G‘uzor qoraqo‘lchilik» mas’uliyati cheklangan jamiyati bosh cho‘poni Salima Xurramova.
Cho‘ponlik kasbi odatda erkaklarga xos deb qaraladi. Biroq mehnatga muhabbat va iroda bo‘lsa, bu kasbda ham ayollar munosib natijalarga erisha olishini Salima Xurramova o‘z hayoti va mehnati bilan isbotlab kelmoqda.
U G‘uzor tumanining Eshonquduq qishlog‘ida tug‘ilib o‘sgan. Bolalikdanoq chorvachilik muhitida ulg‘aygan Salima uchun bu kasb begona emas.
– Bolaligimdan chorva orasida katta bo‘lganman, – deydi Salima Xurramova. – Bobom katta cho‘pon bo‘lganlar. Ular chorvaga qanday qarash, suruvni qanday asrash kerakligini ko‘p o‘rgatar edilar. Keyin chorvadorlar oilasiga turmushga chiqdim. Shu tariqa hayotim yanada chorvachilik bilan bog‘landi. 2004-yildan buyon bosh cho‘pon sifatida mehnat qilib kelyapman.
U mehnat faoliyatini oddiy yordamchi sifatida boshlagan. Ilk yillarda tajribali cho‘ponlar bilan birga ishlab, chorva parvarishining nozik jihatlarini o‘rgandi. Suruvni yaylovga haydash, ozuqa va suv ta’minotini nazorat qilish, chorvaning salomatligini kuzatish kabi mas’uliyatli ishlar orqali tajriba orttirdi. Yillar davomida to‘plangan tajriba, mehnatsevarlik va mas’uliyat uni bosh cho‘ponlik darajasiga olib keldi.
Bugungi kunda Salima Xurramova qariyb 300 bosh qo‘y-qo‘zilarni parvarish qilib kelmoqda. U har kuni sahar tongdan ish boshlaydi. Suruvni yaylovga haydaydi, o‘zi ham ortidan qolmaydi.
– Cho‘ponlik sabr talab qiladigan kasb, – deydi u. – Chorvaga mehr bilan qarasangiz, barakasi ziyod bo‘ladi. Mana, natijasi: xo‘jaligimizda chorva soni yildan-yilga ortib, mahsuldorlik ham yaxshilanib bormoqda.
Salima Xurramova bu sohada faqat o‘zi emas, balki turmush o‘rtog‘i bilan ham yelkama-yelka turib mehnat qilib kelmoqda.
– Bu ishni yolg‘iz bajarish qiyin, – deydi bosh cho‘pon. – Turmush o‘rtog‘im hamisha yonimda. Biz bir jamoadek ishlaymiz. Ikkita o‘g‘lim oliygohda tahsil olmoqda. Bo‘sh vaqtlarida ular ham bizga yordam berishadi.
Mehnatga berilgan yuksak baho inson hayotida unutilmas voqeaga aylanarkan. Ayniqsa, bu e’tirof davlat darajasida bo‘lsa, uning qimmati yanada oshadi. Prezidentning tegishli farmoniga asosan 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan mukofotlanganlar orasida o‘zi ham borligini eshitgan Salima Xurramova fidokorona qilingan mehnat albatta qadr topishiga yana bir bor iqror bo‘ldi. Aynan shu tufayli «Shuhrat»ga erishganidan ko‘ngli tog‘day ko‘tarildi.
Hamma ham boshidan o‘tkazmagan, chorvachilik – sabr, matonat va doimiy mas’uliyat talab qiladigan soha. Qishning qahraton sovug‘i, yozning jazirama issig‘i, sahargi tuman yoki kechqurungi shamol – cho‘pon hayotida bularning barchasi odatiy hol. Ana shunday sharoitlarda yillar davomida sidqidildan mehnat qilish har kimning ham qo‘lidan kelavermaydi.
– Bu mukofot men uchun katta sharaf, – deydi Salima Xurramova. – Uni avvalo jamoamiz va oilamning ko‘p yillik mehnatiga berilgan baho, shu bilan birga qishloqlarda halol kun kechirib kelayotgan minglab chorvadorlarga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasi deb bilaman.
Quyosh botib, kun o‘rnini qorong‘ulik qoplay boshlagan chog‘da yaylov tomonga nazar tashlasangiz, suruv ortidan sekin odimlab kelayotgan ayolni ko‘rasiz. Uning qadamlarida charchoq sezilsa-da, yuzida qoniqish bor. Chunki u yana bir kunni halol mehnat bilan o‘tkazdi…