Qashqadaryo gazetasi Jarayon SUV – GAVHAR, BALIQ BARAKA
Jarayon

SUV – GAVHAR, BALIQ BARAKA

Munosabat

XXI asrning eng qimmat resurslaridan biri – suv. Ayniqsa, iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda har bir tomchi suvdan unumli foydalanish masalasi dunyo hamjamiyati kun tartibiga chiqqan. Shu nuqtai nazardan Prezidentning joriy yil 2–iyuldagi «Baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni nafaqat bir tarmoqni qo‘llab-quvvatlash, balki suv resurslaridan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va qishloq aholisi bandligini oshirishga qaratilgan strategik hujjat sifatida e’tiborga loyiq.

Farmonning eng muhim jihati shundaki, unda baliqchilik sohasiga endi qo‘shimcha tarmoq sifatida emas, balki iqtisodiyotning mustaqil va yuqori daromad keltiruvchi yo‘nalishi sifatida yondashilmoqda. Bugungi kunga qadar ko‘plab suv havzalari o‘z imkoniyatidan to‘liq foydalanilmay kelgan bo‘lsa, endilikda ular intensiv texnologiyalar asosida ishlaydigan zamonaviy ishlab chiqarish maydonlariga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

TARQOQ BOSHQARUV O‘RNIGA YAGONA MUVOFIQLASHTIRUVCHI TIZIM

Farmonda 2026-2027-yillarda mamlakatda baliq yetishtirish hajmini 500 ming tonnaga yetkazish vazifasi belgilangan. Bu raqam shunchaki statistika uchun emas. U mamlakat aholisini arzon va sifatli oqsil manbai bilan ta’minlash, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirish degani.

Yangi hujjatning yana bir muhim jihati – sohada yagona davlat boshqaruvi tizimi yaratilayotgani. Suv xo‘jaligi vazirligi huzurida Baliqchilikni rivojlantirish markazining tashkil etilishi tarqoq boshqaruv o‘rniga yagona muvofiqlashtiruvchi tizimni shakllantiradi. Bu esa suv havzalarini taqsimlash, monitoring qilish, hisob-kitoblarni raqamlashtirish va investitsiyalarni jalb etishda ochiqlik hamda samaradorlikni oshirishi shubhasiz.

Eng e’tiborlisi, tarmoq raqamlashtiriladi. Suv obyektlari, ishlab chiqarish hajmi, ozuqa ta’minoti, mahsulot aylanmasi va boshqa jarayonlarning elektron platformalar orqali yuritilishi inson omilini kamaytirish bilan birga, sohada shaffoflikni ta’minlaydi. Bu esa investorlar uchun ham muhim kafolat hisoblanadi.

Hujjatda kadrlar tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. Har yili qo‘shimcha 100 nafar mutaxassis tayyorlanishi belgilangani sohaning ilmiy va amaliy salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa oliy ta’lim tashkilotlari, jumladan, Qashqadaryodagi universitetlar uchun ham yangi vazifalarni yuklaydi. Zamonaviy akvakultura, biotexnologiya, ozuqa ishlab chiqarish va raqamli monitoring bo‘yicha mutaxassislarga ehtiyoj ortishi tabiiy.

TA’MINOT KAFOLATLANADI

Farmonning amaliy ahamiyatini Qashqadaryo viloyati misolida alohida baholash mumkin. Viloyatda katta suv omborlari, kollektor-drenaj tarmoqlari, sun’iy ko‘llar va suv havzalari mavjud. Hozirgacha ularning bir qismi asosan ekinlarni sug‘orish manbai vazifasini bajarib kelgan bo‘lsa, endilikda ular iqtisodiy daromad keltiradigan obyektga aylanadi.

Ayniqsa, Qarshi magistral kanali tizimi, Talimarjon suv ombori, Chimqo‘rg‘on suv ombori va boshqa suv obyektlari negizida zamonaviy akvakulturani rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjud. Bu esa nafaqat baliq yetishtirish hajmini ko‘paytirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat – farmonda davlat tomonidan suv ta’minotining kafolatlanishi belgilab qo‘yildi. Sababi baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar uchun eng katta xavf omillaridan biri aynan suv ta’minotidagi muammolar bo‘lgan. Endi esa suvga bo‘lgan ehtiyojni rejalashtirish va kafolatlangan tartibda ta’minlash mexanizmining joriy etilishi sohada investitsiya muhitini sezilarli darajada yaxshilashi kutilayapti.

Bugun dunyo tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, qishloq xo‘jaligining eng tez rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri aynan akvakultura hisoblanadi. Bir gektar suv havzasidan olinadigan iqtisodiy samara ko‘p hollarda an’anaviy ekin maydonlarinikidan yuqori bo‘ladi. Shu ma’noda yangi farmon suv resurslaridan iqtisodiy samaradorlik nuqtai nazaridan foydalanishga o‘tishga qaratilgan muhim qadamdir.

MEYOR 7,1 KILOGRAMM, BIZDA ESA 1,3 KILOGRAMM TO‘FRI KELAYAPTI

Yutuqlar va muammolar, natijalar va ko‘rsatkichlar, rejalar va maqsadlar – barchasi raqamlarda o‘z aksini topadi. Shu nuqtai nazardan tahlil qilganimizda, viloyatda ayni paytda baliqchilikka ixtisoslashgan 423 ta subyekt mavjud. Ularga jami 28,3 ming gektar yer maydoni ajratilgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, viloyatda 4,6 ming tonna baliq ovlangan bo‘lib, bu aholi jon boshiga o‘rtacha 1,3 kilogrammdan to‘g‘ri keladi. Agar bu boradagi meyor 7,1 kilogramm ekanini inobatga olsak, bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 18 foizga bajarilgani ma’lum bo‘ladi.

Suv xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan 2025-yilda 226 ta subyektga 5,7 million kub metr suv yetkazib berilgan. Shuningdek, baliqchilik subyektlarining yillik ozuqa (yem) mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyoji 7,5 ming tonnani tashkil etadi. Ushbu ehtiyoj mahsulotni asosan Samarqand, Navoiy, Farg‘ona va Toshkent viloyatlaridan olib kelish hisobiga qoplanmoqda.

Viloyatda baliq chavog‘i yetishtiruvchi 3 ta subyekt mavjud bo‘lib, ularning yillik quvvati 5 million donani tashkil etadi. Qarshi tumanidagi 1 ta subyekt tomonidan 400 tonna baliqni qayta ishlash quvvatiga ega korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Sifatli baliq chavoqlarini mahalliylashtirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda viloyatda 2026-yil yakuniga qadar 3 ta hamda 2027-yilda 4 ta baliq lichinkalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan inkubatsiya sexlari ishga tushiriladi. Shuningdek, chavoq yetishtirishga mo‘ljallangan 40 gektar maydonlarda reproduktor havzalar barpo etiladi.

Hududiy loyihalar doirasida 2026-yilda qiymati 37 milliard so‘m bo‘lgan 42 ta va kelgusi yilda esa qiymati 107 milliard so‘mlik 58 ta loyiha amalga oshiriladi. Natijada tarmoqda 425 ta yangi ish o‘rini yaratiladi.

412 TA XONADONDAGI 584 TA HAVZA

Ochig‘ini aytish kerak, bu sa’y-harakatlar baliqchilikni rivojlantirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Shunday ekan, aholi xonadonlarida baliq yetishtirish bo‘yicha Chiroqchi tumani tajribasi boshqa hududlarga ham keng ommalashtirilishi lozim. Bu hududda 3 ta – Sohil, Qahramon va Chiljuvut mahallalaridagi 412 ta xonadonda mavjud bo‘lgan 584 ta havzada baliqchilik yo‘lga qo‘yilgan.

Keyingi yillarda baliqchilik sohasiga qiziquvchilar ko‘payayotganini e’tibordan qochirmaslik kerak. Ularga to‘g‘ri tushuncha berish, bilim va ko‘nikmalarini oshirish hamda tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash nafaqat natijalar yuqori bo‘lishini, balki ish o‘rinlari ham ortishini ta’minlaydi.

Istiqboldagi rejalarga muvofiq, Qashqadaryoda baliq yetishtirish hajmi 2026- yilda 13 ming tonnaga, 2027-yilda esa 18 ming tonnaga yetkaziladi. Buning evaziga aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan baliq iste’moli hajmi amaldagi 1,3 kilogrammdan 4 kilogrammga oshiriladi.

MUAMMO VA YECHIM

Baliqchilik qishloq xo‘jaligining boshqa tarmoqlari bilan suv resursi uchun raqobat qiladi. Shuning uchun katta hovuzlarda ekstensiv usulda baliq yetishtirishdan ko‘ra, yopiq suv aylanma tizimlari, biofiltrlar va suvni qayta ishlatish texnologiyalariga o‘tish muhim. Mamlakat darajasida ham 2026-yilda aynan shunday tizimlarni joriy qilish ustuvor vazifalardan biriga aylandi.

Ikkinchi masala – baliq ozuqasining qimmatligi. Intensiv baliqchilikning eng katta xarajatlarini ozuqa tashkil qiladi. Sifatli kombikormning yetishmasligi yoki qimmatligi mahsulot tannarxini oshiradi.

Baliqchilikda ko‘p hovuzlar bo‘lishi daromadga erishishning asosiy omili emas. Yaxshi genetika, sifatli chavoq va to‘g‘ri oziqlantirish – yuqori hosildorlik degani. 2026-yilda mamlakat miqyosida karp, laqqa, forel va osyotr kabi baliqlarning naslini yaxshilash, yangi zotlarni mahalliy iqlimga moslashtirish vazifasi qo‘yildi. Qashqadaryo uchun esa bu yo‘nalishni mahalliy sharoitga moslashtirish, issiq iqlimga chidamli va tez o‘suvchi baliq zotlarini tanlash muhim ahamiyatga ega.

Ochig‘ini aytish kerak, oliy ta’lim muassasalarida baliqchilik bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan yo‘nalish yo‘q. Mahalliy tadbirkorlar «ustoz-shogird» an’anasi asosida faoliyat olib boryaptilar. Masalan, oddiy akvakulturani olaylik. Bunda hovuzga baliq tashlab qo‘yish bilan ish bitmaydi. Suvdagi kislorod miqdori, harorat, bosim, ammiak va nitrit miqdori, oziqlantirish meyori va baliq zichligi doimiy nazorat qilinishi kerak. Bugungi kundagi baliqchilarning hammasi ham ana shu mezonlarga to‘liq amal qilyapti, deb aytolmaymiz. Shuning uchun Qashqadaryoda akvakultura bo‘yicha muhandis-texnologlar, ixtiologlar, veterinarlar va ozuqa mutaxassislarini tayyorlash dolzarb masala hisoblanadi.

KATTA ISTIQBOLGA EGA YO‘NALISH

Kelgusida Qashqadaryo viloyatida baliqchilikni rivojlantirishning eng muhim yo‘nalishlaridan biri – baliqchilik klasterlarini tashkil etishdir. Shu asosda naslli baliqlarni ko‘paytirish, chavoq yetishtirish, baliq boqish, yem ishlab chiqarish, qayta ishlash, saqlash va sotish jarayonlari yagona tizimda amalga oshiriladi. Bu nafaqat mahsulot hajmini oshiradi, balki baliqchilikning iqtisodiy samaradorligini ham sezilarli darajada yaxshilaydi.

– Viloyatda baliq mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini rivojlantirish ham katta istiqbolga ega yo‘nalish, – deydi Qarshi davlat texnika universiteti Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash texnologiyasi kafedrasi dotsenti Rahmatulla Nurillayev. – Chunki zamonaviy bozorda faqat yangi baliq emas, balki muzlatilgan, dudlangan, konservalangan mahsulotlarga ham talab yuqori. Baliqchilik chiqindilaridan baliq uni va baliq yog‘i ishlab chiqarish orqali esa qo‘shimcha iqtisodiy qiymat yaratish mumkin.

Xullas, sohada keskin o‘zgarishlar fursati yetdi. Innovatsion yechimlar muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi. Masalan, mahalliy kombikorm ishlab chiqarish tannarxni pasaytiradi, sifatli chavoq hosildorlikni oshiradi, quyosh energiyasi elektr xarajatini kamaytiradi, ixtiopatologiya laboratoriyasi kasalliklarni erta aniqlash imkonini beradi, sovitish/kislorodlash tizimlari esa yozgi anomal issiqda baliq nobud bo‘lishini kamaytiradi.

YANGI IQTISODIY QIYMAT MANBAI

Prezident farmonida baliqchilikni rivojlantirish markazini tashkil etish ham belgilangan. U baliqchilik xo‘jaliklari boshini qovushtiradi, ularning muammolarini ilmiy asosda hal etish, amaliy tadqiqotlar olib borish, tahlil va prognoz qilish orqali baliqchilikni rivojlantirishning samarali modellarini ishlab chiqish, tarmoqda yagona ilmiy-texnik, ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirish, seleksiya, naslchilik va sifatli chavoqlar yetishtirishni kengaytirishda bosh-qosh bo‘ladi.

Bundan tashqari, baliqchilik tarmog‘ini rivojlantirishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, ichki va tashqi bozorlardagi narxlar monitoringini olib borish, suv omborlari, kanallar, kollektorlar, zovurlar va melioratsiya obyektlarida baliqchilikni rivojlantirishga qaratilgan investitsiyaviy hamda infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish jarayonlarini muvofiqlashtirib borish, tarmoqda intensiv va yarim intensiv zamonaviy akvakultura texnologiyalarini joriy etish, innovatsion yechimlar va boshqaruv tizimlarini to‘liq raqamlashtirish kabi masalalar ham markazning asosiy vazifalaridan hisoblanadi.

Eng muhimi, mazkur farmon suvdan oqilona foydalanish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, aholi bandligini ta’minlashga qaratilgan kompleks strategiyadir. Qashqadaryo uchun esa unda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash hududdagi mavjud suv resurslarini yangi iqtisodiy qiymatga aylantirish, qishloq aholisi farovonligini oshirish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatini kengaytirish sari tashlangan muhim qadam bo‘ladi.

Abdurazzoq MURODOV

Exit mobile version