Qashqadaryo gazetasi Jarayon SUV – HAR TOMCHISI QADRLI
Jarayon

SUV – HAR TOMCHISI QADRLI

Qaror va sharh

Bugun suv tanqisligi eng global muammolardan biriga aylandi. Xalqaro tashkilotlar dunyo mamlakatlarini masala yechimi yuzasidan birgalikda harakat qilishga undovchi chaqiriqlar bilan chiqmoqda. Bir necha yillardan keyin yer yuzida suv tanqisligi bilan bog‘liq holat qay darajaga yetishini bashorat qilayotgan mutaxassislardan ham xushxabar yo‘q.

O‘zbekiston suv tanqisligi muammosi allaqachon tejamkorlik bo‘yicha jiddiy choralar ko‘rishi zarur bo‘lgan mintaqada joylashgan. Mamlakatimizda esa bu boradagi ishlar keyingi yillarda keng qamrov olgani va izchil davom ettirilayotgani diqqatga sazovor. Kanal va anhorlarning betonlashtirilishi, suv kam iste’mol qiladigan ekinlarning ekilishi, tomchilatib sug‘orish texnologiyalarining joriy etilishi bunga misol.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-martdagi «Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ham bu borada qabul qilingan muhim hujjat hisoblanadi.

Reja va strategiya

Qarordan ko‘zlangan asosiy maqsad suv resurslaridan oqilona foydalanish, sug‘oriladigan yerlarni suv bilan ishonchli ta’minlash, suvning behuda yo‘qotilishining oldini olish, kanallar va sug‘orish tarmoqlarini rekonstruksiya qilish va betonlashtirish ishlarini sifatli amalga oshirishdan iborat.

– Ushbu hujjatning asosiy ahamiyati shundan iboratki, kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish ishlarini kengaytirish orqali suv yo‘qotishlarini kamaytirish, shuningdek, sug‘oriladigan yerlarni barqaror suv bilan ta’minlash imkoniyatlari oshiriladi, – deydi texnika fanlari doktori, professor Meyli Avloqulov. – Resurs yetishmaydigan hududlarda suv hovuzlarini qurish, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘lar ajratish orqali mavjud muammolarni yumshatish nazarda tutilgan. Qaror qishloq xo‘jaligida barqarorlikni ta’minlashda ham muhim o‘rin tutadi, chunki u ekin maydonlarini uzluksiz suv bilan ta’minlash orqali hosildorlikni oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash va uni zamonaviy talablar asosida rivojlantirishga zamin yaratadi.

Avvalo shuni alohida ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 5-martdagi «Sug‘orishda suv yo‘qotishlarini kamaytirish va suv  tanqisligining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq suv tanqisligi bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish maqsadida Suv xo‘jaligi vazirligiga joriy yilda respublika budjetidan qo‘shimcha 600 milliard so‘m ajratiladi. Bu mablag‘larning 480 milliard so‘mi kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish uchun, qolgan qismi suv tanqisligining oldini olish bilan bog‘liq chora-tadbirlar uchun sarflanadi.

Vazirlar Mahkamasi qaroriga ko‘ra, suv tanqisligining oldini olish bo‘yicha 2026-yilga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 2026-yilda qo‘shimcha amalga oshiriladigan loyihalarning manzilli ro‘yxati shakllantirildi. Bundan tashqari, suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari orqali sug‘orish uchun 2026-yilda quriladigan suv hovuzlarining aniq ro‘yxati tuzib olindi.

Dasturda nimalar ko‘zda tutilgan?

Suv tanqisligining oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda ishchi guruh tuzilib, soha bo‘yicha tashkilotlar rahbarlari tumanlarga amaliy yordam berish uchun biriktirildi. Yetkazib berilgan suvning hisobi olinadi va uning hisoboti o‘z vaqtida yuritib boriladi.

Suvdan asosiy foydalanuvchilar, ya’ni qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar, aholi tomorqalari va boshqalar belgilangan suv olish limiti asosida o‘z vaqtida suv bilan ta’minlanishiga alohida e’tibor qaratiladi.

Dasturda suvdan samarali foydalanish va sug‘orish ishlariga jalb qilingan suvchilarga yetarli shart-sharoitlar yaratib berish lozimligi ham belgilangan.

Kanallar va sug‘orish tarmoqlarini tozalash hamda ulardagi gidrotexnika inshootlari va gidropostlarni ta’mirlash-tiklash ishlari olib boriladi. Suv xo‘jaligi tashkilotlari hamda qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilar hisobidagi ichki sug‘orish tarmoqlarini beton qoplamaga o‘tkazish amalga oshiriladi.

Eng muhimi, suvdan foydalanish tartibiga rioya etilishi ustidan qat’iy nazorat ta’minlanadi. Bunda joriy etilgan suv tejovchi texnologiyalardan samarali foydalanilishi bo‘yicha nazoratni amalga oshirish ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, daryolar va boshqa tabiiy suv manbalarining suvlilik darajasi tahlil qilib boriladi.

Qashqadaryoda bajariladigan ishlar ko‘lami keng

Hukumat qarorida qayd etilganidek, kanallarni betonlashtirish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha 2026-yilda qo‘shimcha amalga oshiriladigan loyihalar doirasida Mirishkor tumanidagi «UR-10» kanalining 5,8, Qamashi tumanidagi «Chimqo‘rg‘on» kanalining 3,5, Kasbi tumanidagi «19-X-4» kanalining 14,5, Muborak tumanidagi «Xitoy» va «Xitoy-3» kanallarining 24,5 kilometr qismi rekonstruksiya qilinadi hamda oxirgi ikki kanalda 2,5 kilometrlik lotok tarmog‘i quriladi.

Yildan-yilga suv tanqisligining kuchayib borayotgani bu borada yangi loyihalarni ishlab chiqish, sohaga innovatsiyalarni tatbiq etishni talab qilmoqda. Bu masala mazkur hujjatda ham o‘z ifodasini topgan. Ajratilgan mablag‘larning 60 milliard so‘mi suv bilan barqaror ta’minlanmagan hududlarda qishloq xo‘jaligi ekinlarini suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari orqali sug‘orish uchun suv hovuzlarini qurish ishlariga sarflanishi ham masalaning nechog‘lik ahamiyatli ekanini anglatadi.

Qashqadaryo viloyati misolida tahlil qiladigan bo‘lsak, Koson tumanidagi «Xalqobod», Nishon tumanidagi «Nurli kelajak», Qamashi tumanidagi «Navro‘z» va Mirishkor tumanidagi «Do‘stlik» hududlarida har biri 50 ming kub metr sig‘imga ega hovuzlar quriladi. Bu, o‘z navbatida, viloyat bo‘yicha 400 gektar maydonni suv bilan barqaror ta’minlash imkonini beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, «Irrigatsiya tizimlarida suv resurslaridan oqilona foydalanish hamda suv tanqisligining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror butun mamlakatimizda, jumladan, Qashqadaryo viloyatida ham suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish, suv yo‘qotishlarini kamaytirish va qishloq xo‘jaligida barqaror ishlab chiqarishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Suv tanqisligi sharoitida har bir tomchi suvning qadriga yetiladigan tizimli yondashuvni shakllantirishga zamin yaratadi.

Abdurazzoq MURODOV

Exit mobile version