Yevropaning katta qismida kuzatilayotgan ekstremal issiq ob-havo va qurg‘oqchilik joriy yilda YEIda kutilayotgan iqtisodiy o‘sishni to‘liq yo‘qqa chiqarishi mumkin. Bu haqda Spiegel nashri e’lon qilgan Niderlandiyaning barqaror loyihalarni moliyalashtirishga ixtisoslashgan Triodos banki tadqiqotida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, issiq tufayli iqtisodiyotda yuzaga keladigan uzilishlar Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsuloti (YAIM)ni taxminan 1 foizga qisqartirishi mumkin. Bu qariyb 180 milliard yevro miqdoridagi yo‘qotishga teng. Vaziyatning asosiy omili sifatida mehnat unumdorligining pasayishi ko‘rsatilgan bo‘lib, bu YAIMni 0,6 foizga kamaytiradi, deb baholangan.
Ayniqsa qishloq xo‘jaligi katta zarar ko‘radi. Bank prognozlariga ko‘ra, ushbu sohada ishlab chiqarish 3-7 foizga kamayadi. Bundan tashqari, issiq havoning oqibatlari oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi, elektr energiyasini ishlab chiqarishdagi cheklovlar va tariflarning ko‘tarilishi, shuningdek, avtomobil, temiryo‘l va ichki suv transporti faoliyatidagi uzilishlar bilan yanada og‘irlashadi.
Eng katta zarba Fransiyaga tegishi kutilmoqda. U yerda jazirama to‘lqinlarining takrorlanishi YAIMni taxminan 1,4 foizga kamaytirishi mumkin. Bu esa yil yakuni bo‘yicha mamlakat iqtisodiyotining 0,6 foizlik qisqarishiga olib keladi. Italiya, Ispaniya va Belgiya uchun ham sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlar prognoz qilinmoqda. Anomal darajada issiq kunlar nisbatan qisqa davom etgan mamlakatlar, masalan, Polsha kamroq zarar ko‘radi.
Yevropa Komissiyasi 2026-yilda Yevropa Ittifoqi iqtisodiyoti 1,1 foizga o‘sishini prognoz qilgan edi. Xalqaro Valyuta jamg‘armasi esa yevrohudud iqtisodiyotining o‘sish istiqbolini 0,9 foiz darajasida baholagan.