Janubiy Koreya hukumati kompyuter va noutbuklar narxlari o‘sishi fonida fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash uchun chora-tadbirlar tayyorlamoqda. Bunda kam ta’minlangan ta’lim oluvchilarga yordamni kengaytirish asosiy qadamlardan biri bo‘ladi: davlat tomonidan ularga bepul kompyuter va noutbuklar berish rejalashtirilayotir. Bu haqda PC Gamer manbasi xabar tarqatgan.
Kompyuter texnikalari narxlarining keskin o‘sishi shunday qaror qabul qilinishiga sabab bo‘lgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda shaxsiy kompyuterlar uchun iste’mol narx indeksi 2025-yil oktabr oyidagi 4,3 foizdan joriy yil martda 12,4 foizgacha oshgan. Bu esa aholining zaif guruhlari o‘rtasida raqamli notenglikni kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, rasmiylar operativ xotira, shaxsiy kompyuter va noutbuklar bozorlari ustidan nazoratni kuchaytirish, parallel ravishda esa texnikalardan qayta foydalanish dasturini kengaytirishni rejalashtirgan. Ular hisob-kitoblariga ko‘ra, har yili davlat tasarrufida bo‘lgan 80 mingtacha kompyuter xizmat muddatini o‘tab bo‘ladi va bunday qurilmalarning bir qismini asosiy vazifalar uchun qayta tiklash mumkin bo‘lsa-da, taxminan 22 mingtasi utilizatsiya qilinadi.
Bundan tashqari, hatto trafik tugab qolganda ham mijozlarning internetga ulanish bo‘yicha kichik imkoniyatini saqlab qolish uchun mamlakatdagi uchta yirik mobil operatori tariflarini qayta ko‘rib chiqish reja qilingan. Bunday chora-tadbirlar 7,17 million kishiga, avvalo 65 yoshdan oshgan fuqarolarga ta’sir qilishi kutilayapti.