Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan TA’LIMGA BO‘LGAN MUNOSABAT ORQALI MILLAT YO TARAQQIY ETADI, YO TANAZZULGA YUZ TUTADI
Ilm-fan

TA’LIMGA BO‘LGAN MUNOSABAT ORQALI MILLAT YO TARAQQIY ETADI, YO TANAZZULGA YUZ TUTADI

Saralangan satrlar

O‘tgan asr boshlarida Turkiston o‘lkasida keng yoyilgan jadidchilik harakati vakillari, eng avvalo, muallimlar edi. Behbudiy, Fitrat, Munavvarqori Abdurashidxonov, Cho‘lpon, Abdulla Qodiriy, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Abdulla Avloniy kabi yurt fidoyilari millat farzandlari zamonaviy ta’lim olishlari, dunyo tanishlari uchun astoydil harakat qilishdi. Shaxsiy mablag‘i hisobidan maktablar tashkil etib, chetdan muallimlar yollashdi, o‘zlari dars o‘tishdi. Germaniyaga o‘qishga yuborilgan o‘zbek farzandlari ham ana shu istak natijasi sanaladi.

Yozuvchi, tarixchi, adabiyotshunos, tilshunos, san’atshunos va siyosatshunos olim, davlat va jamoat arbobi Abdurauf Fitrat birinchi o‘zbek professori edi. Mir Arab madrasasida tahsil olgach, 1902-1903-yillarda Haj safari munosabati bilan Turkiya, Hindiston va Arabiston mamlakatlarida bo‘ldi. Keyinroq Moskva, Peterburgda bo‘ldi. 1909-1913-yillarda Istanbulda o‘qidi. Xorijda o‘rganganlarini yurtda tatbiq etishni istadi. Xalqini yuksak taraqqiy etgan millatlar qatorida ko‘rishni istadi.

“Rahbari najot” – Abdurauf Fitratning keng qirrali asarlaridan bo‘lib, ijtimoiy hayotning turli masalalari, ilmlar tasnifi, insonlarning turmush tarzi, estetik g‘oyalar, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, o‘z davrining ta’lim tizimi, undagi kamchiliklar, muallimlar vazifalari va boshqa jihatlar aks etgan. Bugun jamlaganlarimiz shu kitobdan.

*  *  *

Bashariyat hali go‘daklik davridadir. Bu taraqqiyotimiz juda nisbiy, inson qudrati ko‘p narsalarga qodir. Oldingi odamlardan bizning farqimiz shuki, ular o‘zlarini olim va iqtidorli deb bilgan. Bizlar esa shuncha tahqid va tadqiqdan o‘zimizning johil va ojiz ekanimizni bildik. Shunday ekan, bashariyatni go‘daklik va nodonlikdan qutqarish uchun harakat qilmog‘imiz zarur: Ovrupo xalqlarining taraqqiyot martabalari shunchalik.

*  *  *

Shu narsa ham muqarrarki, inson insonligi uchun ham yo taraqqiy etishi lozim yoki inqirozga duch kelishi darkor. Taraqqiy yo‘ldan yurmagan jamoa o‘z holida hamisha bir xil bo‘la olmaydi, ya’ni kun sayin ko‘rsatkichlar pasayib ketadi.

*  *  *

Odam tabiatan har bir narsaning haqiqatini tamoman bilgisi keladi. Masalan, men bir do‘stimning huzurida o‘tirgan vaqtimda unga bir joydan muhrlangan maktub kelsayu, do‘stim mendan pinhona uni o‘qish bilan mashg‘ul bo‘lsa, men u maktubning mazmunidan bexabar qolib, tasvirlab bo‘lmaydigan iztirobda qolaman. Bunday holat hammada turli xil tarzda sodir bo‘ladi. Inson birgina maktubning mazmunini bilmaganligidan shuncha iztirobga tushar ekan, uning ro‘parasida sodir bo‘layotgan bu dunyo hodisalaridan iztirobga tushmasligi amri maholdir.

*  *  *

Bashar taraqqiyotining onasi ilm va fandir.

*  *  *

Hazrati Payg‘ambar alayhissalom ham hukmdor, ham lashkarboshi, ham xatib, ham tabib, ham imom, ham muallim edilar, zamonalarining tijorat qoidalaridan xabardor, ummatlariga hatto ziroat usullarini ham o‘rgatardi.

Mening orzuim bizning ulamolarimiz hazrati rasulning haqiqiy noiblari bo‘lib, millatning barcha mushkulotlariga chora topib bersinlar: tojirga tijorat qoidalarini, dehqonga ziroat yo‘llarini, axloqsizlarga axloqdan ta’lim bersinlar, hukmdorlarga siyosat ilmini o‘rgatsinlar, bemorlarni tabobat qilsinlar, gumrohlarni hidoyatga boshlasinlar!

*  *  *

Taassuf qilib aytamizki, mamlakatimizda boy yo‘q. Ha, to‘rt-besh nafar boy bo‘lib, ular bir miqdor davlat va pulga egalar va biz g‘aflat bosganlar nazarida ko‘p bo‘lib ko‘rinadilar. Ammo Ovrupo va Rusiya boylari nazarida ularning barchasining davlatlarini jamlasa ham bosh og‘rig‘iga sarf bo‘lolmaydi. Shoyad “Oyna” majallasining to‘rtinchi sonida o‘qigan bo‘lsangiz, Amerikadagi shaharlarning birida bir shirkat o‘zining imorati uchun 25 million so‘m ajratgan. Bizning mamlakatimizda nechta tojir bo‘lsa ham ularning sarmoyalarini jamlasa o‘n millionga yetmaydi.

*  *  *

Imom Buxoriy “Kitob ul-ilm”ida “Kishilarning martabasiga rashk qilmaslik kerak, faqat ikki xil martaba bundan mustasno. Avvalo, Alloh mol ato etib, o‘sha molni Alloh rizoligi yo‘lida sarf etgan kishining martabasi, so‘ng Alloh foydali ilm berib, u shu ilm asosida xalq orasida hukm qilib, odamlarga ta’lim beradigan kishining martabasi”, degan.

*  *  *

Besabotligi bilan mashhur bo‘lgan millat pastlikdan, xorlikdan, zolimlik changalzoridan xalos bo‘lolmaydi.

Bu muborak sifatga ega bo‘lish har kimga lozim, ayniqsa, ijtimoiy islohot ishlari bilan shug‘ullanuvchilarga har narsadan ham avval lozim, zero, ijtimoiy xizmatlarning natijasini uzoq kutish kerak, buning uchun esa ko‘p yillar behisob qurbonliklar bo‘ladi, busiz bir millat g‘aflat uyqusidan turolmaydi.

*  *  *

Nega endi bizning millat zahmatu dard cheksa, boshqalar rohatda sog‘lom yuradilar? Albatta, siz “Xudoning ishi” deysiz.

Ofarin sizga, ofarin! Zotan, bundan boshqa javob berolmaysiz-da. Allohni nazaringizda g‘ayb ko‘rib, uyatsizlarcha har bir gunohni unga havola qilasiz? Siz bemor bo‘lsangiz Allohdan, mazlum bo‘lsangiz Allohdan, faqir bo‘lsangiz Allohdan, musibat ko‘rsangiz ham Allohdan. Azbaroyi Xudo… unda sizga nima qoladi?

Sizning ham bu dunyoda biror vazifangiz bormi yo yo‘qmi! Alloh sizga bo‘yin tomiringizdan ham yaqin turadi-ya, unga bo‘hton qilmang… Chunki “Alloh sha’niga yolg‘on to‘qiydigan kimsalar hech najot topmaslar”, deyilgan Qur’onda.

Bugungi kunda boshimizga tushgan va tushayotgan badbaxtliklarning hammasi shum amallarimizdandir, Alloh bandasining haqqiga zulm qilmaydi.

*  *  *

Bizning bechora ma’sum go‘daklarimiz oftob tushmaydigan qorong‘u, badhavo, sassiq xonalarda hayvonlar kabi tiqilib olib, xas-xashak ustida o‘tirib, sakkiz-to‘qqiz soat davomida dars o‘qiydilar, buning ustiga har kuni biz johil muallimning qo‘lidan musht, kaltak yeb, goh boshlar yoriladi, goh oyoqlari qonab, majruh bo‘lib, ranglari ko‘karib sakkiz yilni shu zaylda o‘tkazadilar. Shuning uchun maktabni qamoqdan ozod bo‘lgan mahbus kabi bemor, sust, beg‘ayrat va iflosliklaricha bitiradilar.

Ana shular sababli, bizning millatimiz hammadan orqada qolgandir.

*  *  *

Ota-onalarimiz va muallimlarimiz bizga go‘daklikligimizdan Ko‘hi Qof parilarining hujumidan so‘zlab, kallamizni puch, bema’no xayollarga to‘ldirib keladilar. Shuning uchun, biz ulg‘ayganimizda mushuk yursa ham, biron bir sado chiqsa ham vahimaga tushib, shu vahima, qo‘rquvdan kasal bo‘lamiz.

*  *  *

Ha, bolaligida kaltakdan qo‘rqib amal qiladi, ammo ulg‘ayib kaltak zarbi xotirasidan butkul chiqib ketgach, o‘zi xohlaganicha ish ko‘radi, siz qil deganni qilmay, qilma deganingizni qila boshlaydi. Mana shu jubru zulmingizning “foydasi” bo‘ladi.

*  *  *

Bolalar suvga o‘xshaydilar, suv idishning shaklini olgandek, bolalar ham muhitning odob-axloqini qabul qiladilar.

*  *  *

Bola edim, bir kuni maktabdan uyga qaytib kelayotsam, ko‘chada bir erkak devonalarga o‘xshab og‘zidan ko‘pigi kelib, aft-basharasiga qon sapchib, yurishga madori kelmay turibdi. Raisning ikkita mulozimi kelib uni qo‘ltig‘idan ushlab sudrab olib ketishdi, orqasidan bir to‘da odam ergashib ketdi. Bu odamga nima qilgan, deb so‘rasam, u sharob ichib mast bo‘lgan, uni muhtasibga jazosini berish uchun olib ketishyapti, deb javob berishdi. Uyga kelib shu voqeani dadamga aytib beruvdim, dadam: “nega sen mastning ketidan ergashib yuribsan”, deb uzun kaltak bilan ta’zirimni berdi. Shundan bir hafta o‘tgach, maktabdan keldim, dadam “kel-chi, maktabdan domlangdan o‘rganganingni o‘qib ber”, – deb so‘rab qoldi. Kitobni varaqlab o‘sha kuni o‘tgan g‘azalimizni ochib o‘qib berdim:

Gul yorning jamolisiz xush bo‘lmas,

Bahor esa bodasiz xush bo‘lmas.

Bu safar dadam meni maqtadilar. Hanuzgacha hayratlanamanki, men o‘qigan dars dadamga aytib bergan voqeadan ming marta battar edi-ku. Zero, bu g‘azal nafaqat sharobxo‘rlikdan saboq edi, balki unda oshiq va ma’shuqlikka ham da’vat bor edi. Bas, dadamning men aytib bergan voqeadan ranjib, o‘qib bergan she’rimdan xursand bo‘lishining sababi nima edi?

Mana maktablarimizning ahvoli, mana bolalarimizga beradigan tarbiyamiz, yana biz ularning solih bo‘lishlarini xohlaymiz. Hayhot!

To maktab shu ahvolda bo‘lar ekan, to dars shunaqa davom etarkan, bolalarimiz darddan xalos bo‘lolmaydi.

*  *  *

Avvvalo, bolalarga fikrlashda isbot bo‘lishini o‘rgating, ya’ni ularga doim to‘g‘ri, rost ma’lumotlar bering va xotiralarida beasos, botil fikrlarning joy olishiga yo‘l qo‘ymang, aks holda ulg‘ayganlaridan keyin ana shu beasos fikrlarga tartib berib noto‘g‘ri muhokama qiladilar, natijada xato yo‘llarga kirib qolib, zarar ko‘radilar.

*  *  *

Mana qarang, bu xususda hazrat rasul alayhissalom nima deganlar: “Ahkom ta’limini osonlashtiringiz, ta’limni mushkullashtirmay bashorat bering (ya’ni o‘rgatayotgan har bir narsaning moddiy va ma’naviy tomonlarini tushuntiring) odamlarni ilm olishdan bezdirmang”. “Alloh meni o‘zimning va boshqalarning ham ishlarini qiyinlashtirish uchun emas, balki oson ta’lim berishim uchun yuborgandir”.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version