Qashqadaryo gazetasi Jarayon Tarix silsilasida inson qadri
Jarayon

Tarix silsilasida inson qadri

Davra suhbati

Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ning Qashqadaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili tomonidan Abdulla Oripov nomidagi ijod maktabi yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida “Tarix silsilasida inson qadri” mavzusida  davra suhbati o‘tkazildi.

Ombudsmanning viloyatdagi vakili Lola Saodatova mamlakatimizda inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi, mazkur tamoyil Konstitutsiya va  qonunlarimizda to‘laqonli aks etganini qayd etdi. Darhaqiqat, mustaqillik yillarida yurtimizda inson qadri, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlat siyosati markaziga chiqdi. Ayniqsa, 2017-yildan bu jarayonlar yangi bosqichga ko‘tarilib, Harakatlar strategiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha milliy strategiya, Taraqqiyot strategiyasi, “O‘zbekiston-2030” dasturi qabul qilindi.

Davra suhbatida, shuningdek, “inson qadri” tushunchasi tarix silsilasida turlicha qiymatga ega bo‘lgani, xususan, Ikkinchi jahon urushining mash’um oqibatlari Insonga oliy yaratiq sifatida qarash kerakligini anglatgani ta’kidlandi.

– Inson qadri nima? Bu – sizni hech kim kamsitishga haqqi yo‘qligi, davlat sizning manfaatingiz uchun ishlashi, farzandlaringiz sifatli ta’lim olishi, kasal bo‘lganingizda tibbiy yordam olishingiz va keksayganda xor bo‘lmasligingizdir, – dedi Lola Saodatova. – Qisqacha aytganda, inson qadri – bu odamning odamdek yashashidir. Urush yillaridagi mashaqqatlarni yodga olish esa bugungi tinchlikning naqadar azizligini, inson qadrini asrab-avaylash har birimizning burchimiz ekanligini anglatadi.

9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan yoshlarga “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan sharaf lentalari ham tarqatildi.

Suratlarda: davra suhbatidan lavhalar.

Exit mobile version