Talaba qiz professorning ChatGPT botidan foydalanganini ko‘rib qolgach, universitetga o‘qish uchun to‘langan pullarini qaytarishlarini talab qildi. Bu haqda NDTV manbasi ma’lum qilgan.
AQShdagi Shimoli-sharqiy universitetning bitiruvchi bosqich talabasi Ella Steplton o‘zining biznes kurs bo‘yicha professor o‘qituvchisi leksiya materiallarini tayyorlashda ChatGPT botidan yashirincha foydalanganini aniqlagani ortidan o‘qish uchun to‘lagan to‘lovlarining bir qismini qaytarish talabi bilan rasmiy murojaat yo‘lladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, talaba o‘quv materiallarida sun’iy intellektdan foydalanilganining aniq belgilari: takrorlanib keluvchi matbaa xatolari, g‘alati tasvirlar va hatto bibliografiyada ChatGPT botiga havolani ko‘rgach, nimadir ko‘ngildagidek emasligiga shubha qilgan. Qo‘shimcha oyoq-qo‘lli odamlar grafik tasviriga ko‘zi tushgani esa eng tashvishli lahzalardan biri bo‘lgan.
Talabalarga sifatli leksiya o‘rniga sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan materiallar taqdim etilayotganidan ko‘ngli cho‘kkan Ella Steplton universitet ma’muriyatiga rasmiy shikoyat qilgan. Unda nafaqat sun’iy intellektdan ogohlantirish bermasdan foydalanilgani faktlari, balki kursni o‘qitish metodlaridagi kamchiliklar ham ko‘rsatilgan. Qiz 8000 ming dollar miqdoridagi mablag‘ni qaytarish talabini qo‘ygan.
«O‘qituvchi bizga ChatGPT botidan foydalanmaslik haqida gapiradi, keyin esa o‘zi undan foydalanadi», degan norozi talaba.
Bir qator ichki uchrashuvlardan so‘ng universitet rasmiylari qizning da’vosini rad qilishgan. Biroq kurs o‘qituvchisi professor Rik Erroud leksiya tayyorlashda sun’iy intellekt dasturlaridan foydalanganini tan olgan.
