Bugunning gapi
Olimpiada o‘yinlarining mashhur shiori endilikda «Tezroq, balandroq, kuchliroq – Birgalikda» deb nomlanadi. Bu har bir sportchini musobaqalarda g‘alaba qozonish uchun qat’iy harakat qilishga undashi bilan birga, sportda do‘stlik, hamjihatlik tuyg‘ulari ustuvor ekanligini ham anglatadi. Binobarin, sportning jamiyat uchun ahamiyati qanchalik muhim bo‘lsa, uning har bir inson kamolotidagi o‘rni ham beqiyosdir.
Joriy yil 7 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida jismoniy tarbiya va sport sohasining ana shu jihatlari alohida tilga olindi, kelgusidagi vazifalar muhokama qilindi. Xo‘sh, bu universitetlar miqyosida qanday natijalar beradi? Nimalar o‘zgaradi? Ushbu savollarga Qarshi davlat texnika universiteti misolida javob topishga harakat qilamiz.
Eng asosiysi – ommaviylik
Universitetda sportga mutlaqo yangicha qarash shakllangan. Unga qo‘shimcha mashg‘ulot emas, balki barkamol insonni tarbiyalaydigan muhim hayot maktabi sifatida qaralmoqda.
Oliygohdagi zamonaviy sport infratuzilmasi bu fikrni yanada mustahkamlaydi. Hozirgi kunda bu yerdagi 24 ta sport inshooti faol foydalanishda. Yopiq va ochiq maydonlarning uyg‘unligi tufayli talabalar yilning istalgan faslida sport bilan muntazam shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Eng ahamiyatlisi, bu imkoniyatlar nafaqat talabalar, balki professor-o‘qituvchilar va aholi uchun ham ochiq.
– Masalaning yana bir jihati – universitetda bo‘lajak muhandislar va iqtisodchilar tayyorlanadi, – deydi yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Abror Murtazayev. – Ularning nafaqat bilimli, raqobatbardosh, malakali, balki jismonan sog‘lom mutaxassis bo‘lishi ham jamiyat rivoji uchun zarur.
O‘tgan yili universitet talabalari xalqaro va respublika darajasidagi musobaqalarda munosib ishtirok etib, medallarga ega bo‘lishdi. Universal jang bo‘yicha jahon chempionatida kumush medal, «Besh tashabbus olimpiadasi» musobaqalarida stol tennisi bo‘yicha bronza medali, para suzish bo‘yicha kattalar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionati bronza medali, 50 metrga erkin suzishda kumush medal olindi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli kuchlari tashkil etilganining 33 yilligiga bag‘ishlab, Harbiy aviatsiya instituti tomonidan tashkil etilgan «Harbiy aviatsiya kubogi» musobaqasida F-I-D bo‘yicha bronza medal qo‘lga kiritildi. Yaqinda yana bir talaba Umrbek Yo‘ldoshev raketamodel sporti bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘ldi.
Yutuqlar ko‘p. Feruza Qurbonova shaxmat bo‘yicha xalqaro hakam darajasiga erishdi. Sevara Naimova para suzish bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida qo‘shaloq kumush medalga, Alisher Jumanazarov esa paradzyudo bo‘yicha yoshlar va kattalar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi turnirida kumush medalga sazovor bo‘ldi.
2025/2026-o‘quv yilining sentabr-mart oylarida ommaviy sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqalarda universitetning 6843 nafar talabasi, ya’ni kunduzgi ta’lim yo‘nalishi talabalarining 80 foizi qamrab olindi. o‘olib bo‘lgan 121 nafar talaba rag‘batlantirildi.
«Yangi O‘zbekiston talabalar olimpiadasi» doirasida universitetning 2242 nafar talabasi sportning futbol, gandbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, yengil atletika va suzish turlari bo‘yicha erp.sport.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tdi. Hozir mazkur musobaqalarning viloyat bosqichi bellashuvlari o‘tkazilmoqda. Unda universitetning gandbolchi qizlari va stol tennisi bo‘yicha juftlik bahslari ishtirokchilari respublika bosqichiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdilar.
Eng katta yutuq faqat bular emas. Eng asosiysi – ommaviylik. Bugun qariyb 7 ming nafar talaba sport tadbirlariga jalb qilingani yoshlar orasida sog‘lom hayot tarziga amal qilish ko‘nikmasi kuchayib borayotganini ko‘rsatadi.
Sport – hamma uchun!
Endi universitetda sportni rivojlantirishning yangi bosqichiga o‘tilmoqda. Asosiy e’tibor faqat songa emas, sifatga qaratilyapti. Talabalar va xodimlarning salomatligini muntazam baholash, jismoniy tayyorgarlik darajasini aniq mezonlar asosida o‘lchash, sog‘lom ovqatlanish madaniyatini keng yoyish kabi tashabbuslar sportni ilmiy asosda tashkil etishga xizmat qiladi.
– Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, universitetda haftaning bir kuni «Sport kuni» bo‘ldi, – deydi «Jismoniy tarbiya va sport» kafedrasi mudiri Ilhom Arslonov. – Bu kunda universitet rahbariyati boshchiligida ertalab ommaviy badantarbiya mashqlari o‘tkazilmoqda. Kun davomida esa olimpiya va paralimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etilmoqda. Bu nafaqat tanani chiniqtiradi, balki jamoaviy ruhni ham mustahkamlaydi.
Albatta, bunday harakatlar sport infratuzilmasini yanada yaxshilashni talab qiladi. Shu maqsadda mavjud ochiq va yopiq sport inshootlari xalqaro standartlar asosida kapital ta’mirlanadi, jihozlash ishlari davom ettiriladi. Joriy yilda bitta yopiq sport inshooti joriy ta’mirlanadi. Shuningdek, Shahrisabz oziq-ovqat muhandisligi fakulteti hududida yangi mini futbol maydoni qurilishi rejalashtirilgan.
Yana bir muhim jihat – sport inshootlari faqat universitet uchun emas. Kun davomida ulardan kamida 300 nafar mahalliy aholi, texnikum va maktab o‘quvchilari, yaqin atrofdagi tashkilot xodimlari ham foydalanmoqda. Bu esa universitetning jamiyat bilan hamnafas yashashga intilayotganini ko‘rsatadi.
Universitet va talabalar turar joylari hududida 5 ta vorkaut zonasi tashkil etiladi. Bu yerlarda yoshlar yugurish, tortilish, mashq qilish orqali sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga aylantiradi.
Voleybol, futbol, kurash, dzyudo, tennis, stol tennisi, shaxmat, shashka va kross-fit bo‘yicha har yili fevral va oktabr oylarida an’anaviy «Rektor kubogi» musobaqalari o‘tkaziladi. Bu bilan talabalarda sog‘lom raqobat ruhi kuchayib, g‘alabaga intilish hissi oshadi.
Tashabbus, targ‘ibot, imkoniyat…
Sport – salomatlik garovi. Doimiy harakatda bo‘lgan insonning tanasi ham baquvvat, ruhi ham tetik bo‘ladi. Lekin sportning o‘z qonun-qoidalari borligini e’tibordan qochirmaslik lozim. To‘g‘ri ovqatlanish, tibbiy nazorat va tartibli hayot ko‘nikmalari bu jarayonning ajralmas qismi hisoblanadi. Shu bois universitetda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish ishlari kuchaytirilmoqda. Har yili kamida bir marta tibbiy ko‘rik tashkil etiladi. Talabalar va xodimlarning salomatlik ko‘rsatkichlari hamda jismoniy tayyorgarlik darajasi baholab boriladi. Sport va tibbiyot ilmiy markazlari bilan hamkorlikda sog‘lom ovqatlanish, sport nutritsiologiyasi, diyetologiya va farmakologiya bo‘yicha tavsiyalar hayotga tatbiq etiladi.
Universitetning 7 ta fakultetida har biri 5 nafar talabadan iborat «Ommaviy sport va to‘g‘ri ovqatlanishni targ‘ib qiluvchi» volontyorlar guruhi tashkil etiladi. Bu yoshlar tengdoshlari orasida sog‘lom hayot tarzining targ‘ibotchilariga aylanadi.
Sportchi mahorati mashg‘ulotda charxlansa, musobaqada toblanadi. Maydon insonga o‘z kuchini, irodasini va kamchiliklarini ko‘rsatadi. Shu nuqtai nazar bilan joriy yil noyabr oyida viloyat oliygohlari talabalari va mahalla yoshlari o‘rtasida voleybol turnirini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, 29 ta texnikum va akademik litsey bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilib, iqtidorli sportchilarni aniqlash va saralash ishlari muntazam tashkil etiladi.
Universitetda iqtidorli sportchilar talaygina. Masalan, hozir bir nafar talabaning paradzyudo bo‘yicha ko‘rsatkichlari yuqori baholanmoqda. Universitet uning 2028-yili AQShda bo‘lib o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olishi uchun tayyorgarlik ishlariga ko‘maklashmoqda.
Viloyatdagi 9 ta, ya’ni shaxmat, dzyudo, futbol, voleybol, gandbol, tennis, yengil atletika, adaptiv sport va suzish yo‘nalishlari sport federatsiyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Ular bilan birgalikda iqtidorli talabalar olimpiya va paralimpiya musobaqalariga tayyorlanadi.
Xulosa qilib aytganda, Qarshi davlat texnika universiteti tajribasi bir haqiqatni yana bir bor tasdiqlayapti: sport rivojlangan joyda sog‘lom muhit, kuchli iroda va yuksak maqsadlar shakllanadi. Bu yerda yaratilayotgan imkoniyatlar va amalga oshirilayotgan tashabbuslar nafaqat bir universitet, balki butun jamiyat kelajagi uchun xizmat qilishi ko‘zlangan.
Abdurazzoq MURODOV