Har tongni shukronalik bilan qarshilaymiz. Negaki, turmushimiz farovon, mamlakatimiz taraqqiyoti ildam. Yurtdoshlarimiz o‘y-xayoli shirin tashvishlar bilan band, qalbi yaratuvchanlik ishqi bilan limmo-lim. Bu, shubhasiz, hurlik, imkoniyat va yorqin kelajakni hadya etgan Mustaqilligimiz sharofatidir.
Joriy yil 10-iyulda Prezidentning «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori e’lon qilindi. Unga asosan eng ulug‘, eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami ulug‘lanib, «Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!» degan ezgu g‘oyani mujassamlashtirgan holda nishonlanishi belgilab olindi.
Darhaqiqat, bugun bizga bayramlar tatiydi, yurtimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, inson huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini ta’minlash, Vatanimizni har tomonlama rivojlantirish, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayon sog‘liqni saqlash sohasida ham jadallik bilan kechayotir. Tibbiyoti rivojlangan davlatlardagi kabi eng ilg‘or innovatsion taraqqiyotga erishish borasida jiddiy qadamlar tashlanmoqda. Ayniqsa, so‘nggi yillarda tibbiy xizmatni yanada yuksaltirishga daxldor xayrli tashabbuslar sog‘liqni saqlash istiqbolini belgilab berdi.
Mana, birgina Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialini olaylik. Viloyatda kardiologiya sohasini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan tizimli ishlardan so‘ng oxirgi 6-7 yil ichida voha mazkur yo‘nalishda o‘z maktabini yaratishga ulgurdi. Filialda 2025-yilning dastlabki yarim yilida amalga oshirilgan ishlar, erishilgan natijalar va qo‘lga kiritilgan yutuqlar mamlakatimizda tibbiyot sohasini yuksaltirish borasidagi islohotlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Statsionar va ambulator xizmatlarda barqaror o‘sish
Joriy yilning birinchi yarim yilligida filialda 4153 nafar bemor statsionar sharoitda davolandi. Demak, bu ko‘rsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi. Shu bilan birga, ambulator xizmatlar sohasida ham katta o‘sish kuzatildi – 21 ming 12 nafar bemorga (30 ming 658 qatnov) ambulator xizmat ko‘rsatildi, bu esa o‘tgan yilga nisbatan 25 foizlik o‘sish bo‘lganini ko‘rsatadi.
Bundan ko‘rinadiki, filialda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va qamrovi kengayib bormoqda. Shuningdek, mahalliy aholining respublikaning boshqa hududlariga davolanish maqsadida qatnovi kamayib, mahalliy shifokorlarga bo‘lgan ishonchi ortib borayapti.
Yuqori texnologik amaliyotlarda sifat ustuvor
2025-yilning dastlabki 6 oyi mobaynida filialda 1645 ta yuqori texnologik kardiojarrohlik amaliyoti amalga oshirildi. Jumladan, 1453 ta yopiq turdagi amaliyot, 192 ta ochiq yurak jarrohligi amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Tahlillar amalga oshirilgan amaliyotlar turlari va ularning murakkablik darajasi yuqori ekanini ko‘rsatadi, e’tiborli jihati, sun’iy qon aylantirish uskunasi yordamida bajarilgan amaliyotlar soni o‘tgan yilga nisbatan 4 barobarga ko‘paygan.
Ko‘zda tutilayotgan davrda filialda avval qo‘llanilmagan qator yuqori texnologik va zamonaviy kardiologik davolash usullari amaliyotga tatbiq etildi. Jumladan, CRT-D implantatsiyasi (kardio resinxronizatsiya terapiyasi), ICD implantatsiyasi (kardioverter-defibrillyator), aortaga stent-graft implantatsiya. Bu kabi innovatsion usullar og‘ir va hayot uchun xavfli yurak xastaliklarini bartaraf etishda katta ahamiyat kasb etadi.
Davlat tibbiyot sug‘urtasi fondi dasturlari hissasi – xalq manfaati yo‘lida xizmat
Davlat tibbiyot sug‘urtasi fondi mablag‘lari hisobidan joriy yilning dastlabki yarim yilida 225 nafar bemorda yuqori texnologik amaliyotlar o‘tkazildi. Bu esa o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 47 foizga ko‘p. Shu jumladan, 147 nafar bemorda ochiq yurak jarrohligi, 78 nafar bemorda yopiq turdagi amaliyotlar amalga oshirildi.
Bu ko‘rsatkichlar davlat tomonidan aholi salomatligi uchun ajratilayotgan mablag‘lar samarali ishlatilayotgani va amaliy natijaga ega ekanini ko‘rsatadi. Qolaversa, aholi ijtimoiy himoyasini ta’minlash va tibbiy yordamni keng ommaga yetkazishda muhim omil bo‘lmoqda.
Xorijlik mutaxassislar ishtirokidagi mahorat darslari
Tibbiyot xodimlarining xalq salomatligini ta’minlashdek ezgu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlari, tunu kun el g‘amida mehnat qilishi evaziga shifokorlik kasbi bugun o‘zining yuksak maqomiga erishdi. Aholining unga ishonchi, mehri va hurmati ortdi. O‘z o‘rnida tibbiyot tizimi xodimlari ham izlanish, tajriba va mahorat orttirishda zamon bilan hamnafas odimlab bormoqda.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali doimiy ravishda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Joriy yilning dastlabki 6 oyida 4 marotaba ularning tashrifi uyushtirilib, 19 ta mahorat darsi o‘tkazildi. Chet ellik mutaxassislar tomonidan amalga oshirilgan mazkur amaliy mashg‘ulotlar mahalliy shifokorlar malakasini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Kechiktirib bo‘lmaydigan malakali tibbiy yordam
Ta’kidlash lozimki, filialda kadrlar salohiyatini oshirish, jahondagi ilg‘or davolash-diagnostika usullari, kam invaziv muolaja turlarini amaliyotga joriy qilish doimo diqqat markazida turibdi. Davlatimiz rahbarining topshirig‘i bilan kechiktirib bo‘lmaydigan holatlarda malakali tibbiy yordamni shoshilinch ko‘rsatish maqsadida joriy yilning o‘tgan davri davomida 54 marotaba telemeditsina aloqalari amalga oshirilib, 137 nafar og‘ir ahvoldagi bemorga masofadan turib tezkor yordam ko‘rsatildi.
Bizda shifo istab, najot so‘rab, nafaqat qashqadaryoliklar, balki qo‘shni viloyatlar va respublikalardan ham bemorlar kelib, dardlariga davo topib ketishmoqda. Bu natija filialda ishlar yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va mohir shifokorlar ajoyib yutuqlarga erishayotganlaridan dalolat beradi.
Bugun bu yerdagi mutaxassislarning aksariyati yoshlarni tashkil etayotgani ahamiyatli. Muhimi, ular o‘z tajribalarini kundan-kunga oshirib bormoqda. Natijada Qashqadaryo tibbiyoti taraqqiy etib, avval davolanishi uchun viloyatdan poytaxtga yuborishga to‘g‘ri kelgan bemorlar endi bizning mahalliy shifokorlarimiz tomonidan filialda davo topayotganini mamnuniyat bilan e’tirof etish joiz.
Sayyor tibbiy ko‘riklar: aholi salomatligi profilaktikasi
2025-yilning dastlabki yarim yilida viloyatning barcha tumanlarida 68 marotaba sayyor tibbiy ko‘rik o‘tkazilib, ularda 3788 nafar bemor qamrab olindi. Jarayonda 3607 nafar bemorga ambulator davolanish tavsiya etildi, qolgan bemorlar esa respublika, viloyat va tuman darajasidagi shifoxonalarga yo‘naltirildi.
Sayyor tibbiy ko‘riklar soni o‘tgan yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 41foizga oshib, bunda may oyida o‘tkazilgan «Salomatlik oyligi» muhim omil bo‘ldi.
Yangilik: filial ISO 9001:2015 sertifikatiga ega bo‘ldi
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali o‘z faoliyatida xalqaro sifat standartlarini joriy etish va amalda tatbiq qilish yo‘lidagi sa’y-harakatlari natijasida xalqaro sifat menejmenti tizimining asosiy mezoni bo‘lib xizmat qiluvchi ISO 9001:2015 sertifikatini oldi. Bu xalqaro standartlarga javob beruvchi tashkilot yoki kompaniyalarga beriladigan hujjat bo‘lib, mahsulot, xizmat yoki boshqaruv tizimlarining sifat, xavfsizlik yoki boshqa sohalarda belgilangan talablariga mos kelishini tasdiqlaydi.
Yurtimizda yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va samarali davolash borasida olib borilayotgan islohotlar doirasida yana bir muhim yangilik qayd etildi. Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali tomonidan Intravascular Ultrasound (IVUS), ya’ni tomir ichida ultratovush tekshiruvi uskunasi xarid qilinib, hozirda tashkiliy va texnik sinovlardan o‘tkazilmoqda hamda tez kunlarda amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda.
IVUS bu – O‘zbekiston bo‘yicha sanoqli tibbiyot muassasalaridagina mavjud bo‘lgan, Qashqadaryo viloyati miqyosida esa hozirgi kunda ilk va yagona diagnostika texnologiyasidir. U orqali yurak tomirlarining holati jonli ravishda tomir ichidagi tasvirlar asosida baholanadi. Bu diagnostika turi shifokorlarga aniq qaror qabul qilish, amaliyot jarayonida stentlash sifati va xavfsizligini ta’minlash imkonini beradi.
Bizda klinik ordinatura ochiladi
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filialida ilmiy va ta’limiy salohiyatni rivojlantirish yo‘lida yana bir muhim qadam qo‘yildi – 2025/2026-o‘quv yilidan boshlab bu yerda klinik ordinatura faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Hozirda kardiologiya mutaxassisligi bo‘yicha ordinaturada o‘qishni istagan talabgorlar saralash bosqichidan o‘tmoqda. Bu tashabbus nafaqat hududdagi, balki qo‘shni viloyatlarda ham yuqori malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish, ilg‘or shifokorlarni mahalliy bazada tayyorlash, shu orqali yurak xastaliklariga qarshi kurashish salohiyatini yanada kuchaytirishni nazarda tutgan. Muhimi, filial misolida Qarshida kardiologiya sohasidagi zamonaviy diagnostika va ta’lim birlashmoqda.
Yashin AXMATOV,
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Qarshi filiali direktorii