Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan Til – dunyo eshiklari kaliti
Ilm-fan

Til – dunyo eshiklari kaliti

O‘zbek ma’rifatparvar shoiri Avaz O‘tarning til haqida yozilgan g‘azalini maktab davrlarida o‘qiganmiz, yod olganmiz. Biroq o‘sha damlarda o‘ziga xos da’vat, chaqiriq ma’nosiga ega mana bu satrlar:

«Har tilni biluv emdi bani odama jondur,

Til vositai robitai olamiyondur.

G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali, yoshlar,

Kim ilmu hunarlar bilonki ondin ayondur»ning mag‘zini teran anglamaganimiz ham bor gap. Yozilganiga bir asrdan oshgan bu jumlalar mohiyatida yashiringan masala, garchi yangi avlod axborot texnologiyalarida jozibadorlik va katta imkoniyatlar bo‘y ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, bugungi kun uchun ham ahamiyatini yo‘qotgan emas. Aksincha, zamon taraqqiy etib, kishi qancha ko‘p chet tillarini bilsa, uning hayot yo‘li shunchalik kengayib borishi, dunyo eshiklari ochilishi yanada ko‘proq ayonlashib bormoqda. Buni to‘g‘ri tushungan, ahamiyatini to‘la anglagan yoshlar esa mamlakatimizda xorijiy tillarni o‘rganish uchun yaratilgan sharoitlardan unumli foydalanib, dunyo bilan bo‘ylashayotgani quvonarli.

Qariyb 17 ming nafar talaba tahsil olayotgan Qarshi davlat universitetida ham tillarni o‘qitish zamon talablari asosida yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu oliy ta’lim tashkilotida xitoy, koreys, ingliz, nemis, fransuz, rus tillarini o‘qitish, sinxron tarjima markazlari ishlab turibdi. Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi, Janubiy Koreyaning KOICA agentligi bilan hamkorlik o‘rnatilgan.

Yaqinda universitetning xorijiy tillar fakulteti zamonaviy yangi o‘quv korpusiga ko‘chib o‘tdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, qiymati 40 milliard so‘mlik puxta ishlangan loyiha asosida bunyod etilgan 5 qavatli, 1200 o‘ringa mo‘ljallangan muhtasham binodan keng va so‘nggi rusumdagi elektron o‘quv jihozlari bilan jihozlangan, yuqori tezlikdagi internetga ulangan auditoriyalar, lingafon kabinetlari, alohida ma’ruza zallari, media studiya kabilar o‘rin olgan. Bu yaratilgan imkoniyatlar universitet talabalarining xorijiy tillarni chuqur o‘rganishga yanada ilhomlantirib, yaqin kelajakda jahon talablariga raqobatbardosh kadrlar bo‘lib yetishishida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.

Alqissa, bugungi yoshlarimiz kelajakda ma’rifatparvar shoirimiz, ehtimol, zamonasi imkoniyatlari sabab o‘zga tillarni xohishi darajasida o‘rganolmay afsus chekkanidek:

«Zor o‘lmasun onlar dog‘i til bilmay Avazdek,

Til bilmaganidin oni bag‘ri to‘la qondur», ma’nosida o‘ziga nisbat topishiga hech qanday asos yo‘q. Ularda imkoniyat katta, sharoitlar yaratilgan. Faqat til o‘rganishga hafsala, ishtiyoq bo‘lsa bas.

O‘z muxbirimiz

Jamshid NORQOBILOV olgan suratlar. 

Exit mobile version