Buyuk Britaniyalik turist Marokashda tilanchi bolalarga pul berib, bu jarayonni videoga olgani uchun mahalliy qamoqxonaga tushdi. Bu haqda The Sun manbasi xabar tarqatgan.
Ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli Sem Rashton akasi Jek bilan ushbu mamlakatga dam olish uchun kelgan. O‘sha kunlarda ko‘cha aylanib, 15 yoshlar atrofidagi tilanchi bolalarga duch kelgan. O‘smirlar undan oziq-ovqat sotib olish uchun pul berishini so‘rashgan. Shundan so‘ng turist ijtimoiy tarmoqlar orqali tilanchi bolalarga asosiy ehtiyoj mahsulotlari sotib olish maqsadida mablag‘ yig‘ishni boshlagan.
Sem Rashton yig‘ilgan pullarni haqiqatan ham so‘ralgan yordam uchun sarflaganini isbotlash maqsadida xayriya tarqatish jarayonini videoga olgan. Natijada mahalliy politsiya uni mamlakat obro‘siga putur yetkazuvchi materiallarni tarqatish, shuningdek, bolalarni ularning roziligisiz suratga olish ayblovi bilan hibsga olgan. Turist bir necha soat qamoqda saqlangan. Uning pasporti va telefoni olib qo‘yilib, xabar qilinishicha, bir necha kundan keyin egasiga qaytarilgan.
Britaniyalik yurtiga qaytish ruxsatini olish uchun to‘qqiz kun kutgan. Bu vaqt ichida bir nechta mehmonxonada tunagan va yakunda vataniga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.