Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat TIRIKCHILIK KO‘YIDAGI BOLALAR
Ma’naviyat

TIRIKCHILIK KO‘YIDAGI BOLALAR

Aytgim keldi

– Amaki, ro‘molcha oling, 10 ming so‘m.

Qizaloqning mo‘ltirab turgan umidvor ko‘zlariga boqaman. Bir ko‘nglim, «ol», deydi, bir fikrimdan qaytgim keladi. U norasidani savollarga tuta boshlayman.

– Ota-onang bormi?

– Dadam yo‘q, – deydi u va yasama g‘amgin qiyofaga kiradi. Bu holati bilan ko‘nglimda unga nisbatan rahmdillik tuyg‘ularini uyg‘otmoqchi bo‘ladi. Yonimdagi do‘stim esa uning necha yoshligi, nechanchi sinfda o‘qishini so‘rab qoladi.

To‘qqiz yoshli qizaloqni, 2-sinf o‘quvchisini ko‘chaga yetaklab chiqqan tashvish nima? Chindan ham otasi yo‘qmi, onasi og‘ir xastami? Boshqacha bo‘lsa-chi? Bir-biriga qarama-qarshi savollar qarshisida qolaman.

O‘z farzandining orzu-umidlarga to‘la, unutilmas davri bo‘lgan bolaligini qurbon qilgan, murg‘ak jonni tirikchilik ko‘yiga tashlab qo‘ygan kimsalar oramizda borligi, afsuski, haqiqat. O‘zini Diyora deb tanishtirgan bu qizaloqning «dugona»lari, tengqurlari atrofimizda uchrab turadi.

Avvallari poytaxtda bolalarning shu kabi «tadbirkor»ligini ko‘p kuzatar edik. Toshkent katta shahar. U yerda ijrada yashovchi, zo‘rg‘a kun ko‘rib yurgan odamlar topiladi va bu holat rivojlanish bosqichidagi tabiiy jarayonlardan biridir. Lekin endilikda viloyat markazlarida, hatto tuman-shaharlarda ham bunday holatlar kuzatilayotgani ham bor gap.

Bundan yigirma yillar avval chet elda ota-ona va bola o‘rtasidagi munosabatlar sharqona qadriyatlarimizdan butkul farq qilishi, ota-onalar bolalarini, millioner bo‘lgan taqdirda ham, moddiy ta’minlamasligi, bolalar ko‘cha chetlarida avtoulovlarni yuvib, ballonlarini qoraytirib pul ishlashi haqida gaplar ommalashib qolgan edi. Lekin bizda ham ahyon-ahyonda kuzatiladigan bunday holatlarga g‘arbona tajriba sifatida qaramaslik, har bir bola taqdiriga millatning, vatanning taqdiri sifatida qarash o‘giti bor. Bola huquqlarini himoya qilish, ularning manfaatlarini, orzu-umidlarini qadrlash, bilim olishi, kasb-hunarga qiziqishini rag‘batlantirish qadriyatimizga aylanib ketgan ekanki, o‘zbek farzandlari orasidan Olimpiya chempionlari, xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblari chiqayotgani har birimizga g‘urur bag‘ishlaydi. Lekin oq matoga tekkan birgina dog‘  ham ko‘zga tashlanadi. Shunday ekan, noqobil o‘sgan farzandning qilg‘ilig‘i ham vatan va millat sha’niga qora dog‘ bo‘lib tushishi mumkin.

Xalqimizda bir gap bor. Yosh bolaning onggi yozilmagan varaqdek gap. Unga nima yozish esa atrofidagilarga bog‘liq. Bugun «tirikchilik ko‘yidagi bolalar» ko‘chama-ko‘cha tentirab, tamaddixonalaru, istirohat bog‘larida, gavjum yo‘laklarda, svetafor tagida turib olib, turli mahsulotlar sotishiga yoki tilanchilik qilishiga nahot ota-onalar, keng jamoatchilik befarq qarasa? Ertaga ularning yovuz niyatli kimsalar uchun tayyor o‘lja bo‘lib qolmasligiga kim kafolat beradi?

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan bolalar ombudsmani tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda ko‘chama-ko‘cha tirikchilik vajida umrini o‘tkazib yurgan yosh bolalarni aniqlash, ularning oila va turmush sharoitini o‘rganish, bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi yo‘lida jonbozlik ko‘rsatish masalalariga yanada qat’iyroq yondashsa, nur ustiga nur bo‘lar edi.

Bahodir HALIMOV

Exit mobile version