Qashqadaryo gazetasi Jarayon Tor va ta’mirtalab yo‘l rekonstruksiya qilinib,  zamonaviy to‘rt tasmali magistral qurilmoqda
Jarayon

Tor va ta’mirtalab yo‘l rekonstruksiya qilinib,  zamonaviy to‘rt tasmali magistral qurilmoqda

«M-39 «Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz» avtomobil yo‘lining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasi doirasida viloyatimizning G‘uzor va Dehqonobod tumanlari hududida tor va ta’mirtalab yo‘l tubdan qayta qurilib, xalqaro talab va standartlarga mos zamonaviy to‘rt tasmali sement-beton qoplamali magistral barpo etilmoqda.

Investitsiya loyihalari

Xabaringiz bor: o‘tgan yilning aprel oyi boshida davlatimiz rahbari xalqaro ahamiyatdagi M-39 avtomobil yo‘lning 60 kilometrlik qismini qayta qurishga oid reja taqdimoti bilan tanishgan edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, 2024-yil 15-aprel kuni Prezident qarori qabul qilinib, unda Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida «M-39 «Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz» avtomobil yo‘lining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Hujjatda qayd etilganidek, 2024-2029-yillarda hayotga tatbiq etiladigan mazkur loyihaning umumiy qiymati 195,5 million AQSH dollarini tashkil qiladi. Islom taraqqiyot banki tomonidan 106,7 million AQSH dollari, OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan 47,2 million AQSH dollari miqdorida qarz ajratilgan, O‘zbekiston Respublikasining soliq va bojxona imtiyozlarini taqdim etish hamda moliyaviy boshqa xarajatlarni qoplash ko‘rinishidagi hissasi esa 41,5 million AQSH dollariga teng.

– Loyiha doirasida 60 kilometr avtomobil yo‘li xalqaro andazalarga mos ravishda rekonstruksiya qilinib, jumladan, Dehqonobod tumani markazini aylanib o‘tuvchi 17 kilometrlik yangi yo‘l quriladi, 8 ta ko‘prik barpo etiladi va ta’mirlanadi, shuningdek, 6 ta ikki sathli qayrilib olish va 6 ta yer osti piyodalar o‘tish joylari hamda 13 ta chorva mollarini olib o‘tish joyi qad rostlaydi, – deydi «Islom taraqqiyot banki va Arab muvofiqlashtirish guruhi loyihalarini amalga oshirish guruhi» davlat muassasasi direktori Usmonjon Rasulov. – Qurilish jarayonida bir qator innovatsion texnologiyalar va materiallardan keng foydalaniladi. Masalan, respublikamizda ilk bor yo‘lning aholi yashaydigan hududdan o‘tgan qismida shovqinni qaytaruvchi to‘siqlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, tungi paytda qarama-qarshi harakatlanuvchi avtotransport vositalarining yoritish tizimlari haydovchilarning ko‘zini olmasligi uchun trassaning butun uzunligi bo‘ylab yorug‘likni qaytaruvchi panellar ham o‘rnatiladi va avtomobillar xavfsiz harakatlanishini ta’minlovchi boshqa ko‘plab yechimlar qo‘llaniladi. Sirasini aytganda, M-39 avtomobil yo‘lining shu qismi rekonstruksiya qilingach, undan bir sutkada o‘tadigan avtotransport vositalarining o‘rtacha soni 17 mingtadan 35 mingtagacha ortib, yo‘ldan foydalanuvchilarga har tomonlama – ham ijtimoiy, ham iqtisodiy jihatdan, ham ekologik nuqtai nazardan qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi.

Muhim loyihani amalga oshirish jarayonida konsultant sifatida Turkiyaning  «TEMELSU International Engineering Services Inc.» kompaniyasi, pudratchilar  sifatida esa Xitoy Xalq Respublikasining «China Road and Bridge Corporation» kompaniyasi (birinchi va ikkinchi lot) hamda «Dineshchandra- New-Tech-Tekar» xalqaro konsorsiumi (uchinchi lot) ishtirok etmoqda. Bugungi kungacha ular tomonidan 1 million kub metrdan ortiq hajmdagi yer ishlari, 600 kvadrat metr sathda yo‘l poyi ko‘tarma ishlari, 8 ming kvadrat metr sathda mavjud asfalt-beton qoplamani demontaj qilish, 32,6 pogonometr drenaj ishlari bajarilgan. Hozirgi paytda yo‘l rekonstruksiyasiga jami 300 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy ishchi va mutaxassis hamda 140 dan ortiq maxsus texnika va mexanizmlar jalb etilgan.

Yanada bir e’tiborli tomoni: «M-39 «Olmaota-Bishkek-Toshkent-Shahrisabz-Termiz» avtomobil yo‘lining 1255-1315 km (60 km) qismini rekonstruksiya qilish» loyihasi doirasida maqbullashtiriladigan va iqtisod qilinadigan mablag‘lar hisobiga respublikamizning 11 ta hududida 22 ta vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish punktlarini qurish nazarda tutilgan.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version