Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat TUSHUNARLI VA QONUNLARGA BO‘YSUNADIGAN DUNYO TOBORA  PARCHALANIB BORMOQDA
Ma’naviyat

TUSHUNARLI VA QONUNLARGA BO‘YSUNADIGAN DUNYO TOBORA  PARCHALANIB BORMOQDA

Saralangan satrlar

Ingliz yozuvchisi, 1983-yilda adabiyot sohasida Nobel mukofoti bilan taqdirlangan Uilyam Golding qalamiga mansub “Pashshalar hukmdori” romani o‘z davrida taqiqlangan asarlar ro‘yxatiga kiritilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, asar dastlab yigirma bir nashriyot tomonidan rad qilinib, juz’iy qisqartirishlar bilan nashr etilgandan so‘ng ham u qadar ommalashmagan. Ammo o‘tgan asr 60-yillari boshida u eng ko‘p sotiladigan kitoblardan biriga aylanadi. “Pashshalar hukmdori” ingliz tilidagi 100 ta eng yaxshi roman, XX asrning munozarali kitoblari ro‘yxatiga kiritiladi.

Xo‘sh, asarning bu qadar shuhrat qozonishiga sabab nima? Nega u dastlab e’tirof etilmadi-yu, vaqt o‘tib adabiyot sohasidagi eng nufuzli mukofotga munosib ko‘rildi?

Romanda samolyot halokatidan so‘ng kimsasiz orolga tushib qolgan bir guruh bolalar haqida hikoya qilinadi. Dastlab ular o‘zlariga sardor saylashadi, o‘ziga xos qonun-qoidalar joriy etiladi. Gulxan yoqib, ishora berish va shu orqali kattalarning qutqarishini kutishadi. Ammo ma’lum vaqtdan so‘ng bolalar o‘rtasida bo‘linish yuz berib, ovchilar guruhi ajralib chiqadi va avvalgi sardorni o‘ldirishga qaror qilishadi.

Golding romanda inson tabiati, yaxshilik va yovuzlik, sivilizatsiya va vahshiylik, qo‘rquv hamda hokimiyat masalalariga e’tibor qaratadi. Asar to‘laligicha ramziy ma’noda bo‘lib, har bir qahramon, har bir buyum (burg‘u, maxluq, quyosh, dengiz, qoya va hokazo) ramziy ifoda kasb etadi.

Golding Ikkinchi jahon urushida qatnashib, insoniyatning bemisl vahshiyliklariga guvoh bo‘lgan, adibning xulosa qilishicha, yovuzlik hatto bolalarga ham begona emas. Binobarin, asarda so‘yilgan to‘ng‘iz boshi uchun Saymon ismli bolani qurbon qilinsa, so‘ng boshqalardan ko‘ra aqlli bo‘lgan Piggining ustidan tosh yumalatib qatl qilinadi.

Roman asosida bir necha bor badiiy fil’mlar suratga olingan.

Jahon adabiyotining eng sara namunalaridan biri bo‘lmish “Pashshalar hukmdori”ni Siz ham o‘qib ko‘ring.

*  *  *

Bu shunchaki hissiyot, xolos. Lekin ov qilmayotgandek, aksincha, seni ovlashayotgandek sezasan o‘zingni. Chakalakzorda kimdir ortingdan poylayotgandek tuyuladi…

*  *  *

Qoq tushda g‘aroyib voqealar boshlanadi. Mavj urgan dengiz sathi ko‘tarilib, daf’atan tasavvurga sig‘mas darajada qoq o‘rtadan ajraladi; marjon riflari turgan joyidan yuksalib, o‘rmon chetidagi do‘nglikda o‘sgan pastak palmalar esa ildizidan sug‘uriladi va osmonga ko‘tariladi; ular simda titrab turgan yomg‘ir tomchilaridek yoxud qalashib yotgan ko‘zgulardagi g‘alati tasvirdek osmonda muallaq suzib yuradi. Yer bo‘lmagan joylarda endi yer ko‘rinar, baayni sovun pufagidek bolalar ko‘z o‘ngida bir zum ko‘rinish berardi.

Piggi ko‘p narsani bilardi, u ushbu hodisalarning shunchaki sarob ekanini tushuntirib berdi.

*  *  *

Rojer engashib, toshlardan birini oldi-da, Henriga otdi. Biroq mo‘ljalga tekkizolmadi. Yillar shamolida ko‘karib, sinib ketgan tosh Henridan chamasi bir yarim metrcha narida suvga shaloplab tushdi. Rojer yana tosh to‘plab, birma-bir ota boshladi. Biroq ularni Henri o‘ynayotgan joyga yaqin otishga yuragi betlamasdi.

Chunki uni hamon ko‘zga ko‘rinmas, biroq kuchini sira yo‘qotmagan eski hayotning taqiqlari o‘z izmida tutib turardi. Cho‘nqayib o‘tirgan bola ota-ona, maktab, polisiya va qonun himoyasida edi. Rojerning qo‘llari esa uning mavjudligidan bexabar va ayni damda vayron bo‘lgan tamaddun qoidalari tomonidan boshqarilayotgandi.

*  *  *

Qo‘lida qonli pichoq tutgan Jak o‘rnidan turdi. Bular ikkovi yuzma-yuz turib qoldi. Ov, taktika, hayajon, mahoratning yaltiroq dunyosi bilan sog‘inch, armon hamda sog‘lom fikr dunyosi to‘qnashdi.

*  *  *

Agar ustidan yoxud ostidan nur tushishiga qarab odamning yuzi o‘zgarib ketadigan bo‘lsa, unda yuzning mohiyati nima? Aslida, narsalarning mohiyati nimadan iborat o‘zi?

*  *  *

Sardor bo‘lganingdan keyin fikrlay olishing, oqil-u dono bo‘lishing kerak. To‘g‘ri qaror qabul qilmasang, imkoniyatni bir zumda boy berasan. Bu xavf esa seni o‘ylashga majbur qiladi. Fikr – qimmatli narsa, chunki u natija beradi.

*  *  *

Muhim gaping bo‘lsa, uni hamma tushunishi uchun kamida ikki marotaba takrorlashing lozim.

*  *  *

Har dardning davosi bor, hatto ongingiz ichida ham. Biz mudom nimadandir qo‘rqib yashashimiz kerak emas. Hayot ilmiy jarayondir.

*  *  *

Bir muddat sayhontosh bahs-munozara hamda qimirlayotgan soyalar makoniga aylandi. Sardor g‘o‘lasida indamay o‘tirgan Ralfning nazarida, bu ommaviy aqldan ozishning alomati edi. Qo‘rquv, maxluq, gulxanning ahamiyatini tushunmaslik… Kimdir biror muammoni hal qilmoqchi bo‘lsa, bahs boshlanib ketadi va boshqa bir yangi, yanada yoqimsiz muammo oshkor bo‘ladi.

*  *  *

Tushunarli va qonunlarga bo‘ysu-nadigan dunyo tobora parchalanib bormoqda edi.

*  *  *

Biz kimmiz o‘zi? Odammi? Hayvonmi? Yovvoyilar to‘dasimi? Kattalar oldida nima degan odam bo‘lamiz? Daydib, to‘ng‘iz ovlab, o‘rmonga o‘t qo‘yib… Xo‘sh, endi-chi?

*  *  *

Kimdandir qo‘rqsang, uni yomon ko‘rasan, lekin u haqda o‘ylashni bas qilolmaysan.

*  *  *

To‘lqinlarning uzunligi bir necha milga cho‘zilib ketgan, aftidan, sohil bo‘yidagi sayozlikka qadar ular hech qanday to‘siqqa uchramaydi. Ular orol tomon shiddat bilan bostirib kelayotgan bo‘lsa ham, go‘yo uni mensimayotgandek, boshqa muhim ish bilan banddek ko‘rinardi.

Aslida, bu uzundan-uzoq va doimiy jarayon ummonning ulug‘vor ko‘tarilishi va pastlashi edi. Mana, hozir, katta to‘lqin ortga qaytgan zahoti suv sathi birdan pasayib, orqaga oqa boshlagan suvdan girdob va shovvalar paydo bo‘ladi. Va ular birdan ochilib qolgan yalang‘och toshlarga yaltiroq suvo‘tlarini qiz bolaning sochidek qilib yopishtiradi. Keyin xarsanglar ortiga singib ketadi.

So‘ng o‘sha yerda bir zum tin olib, to‘planib, kuch to‘plab, gumburlab, birdaniga toshlar orasidan yuqoriga otilib chiqadi; to‘lqinning eng baland uchi alvastining barmoqlariday cho‘zilib, kichik qoyaga o‘rlaydi va so‘nggi nafasda mayda tomchilarga, yo‘q, zarralarga aylanib ketadi.

To‘lqin ketidan to‘lqin kelishini tomosha qilib o‘tirgan Ralfning miyasi dengizning loqayd va muntazam berahmligidan karaxt holga keldi.

*  *  *

Bu yer – ularni olamdan ajratib turgan to‘siq. Kun tikka kelganda sarob paydo bo‘ladigan, sokin ko‘rfaz himoyalab turgan narigi sohilda o‘tirib kattalar qutqarishi haqida orzu qilish mumkin. Bu qirg‘oqda esa ummonning shafqatsiz bema’niligi bilan yuzma-yuz kelasan, olamdan seni minglab mil masofa ajratib turganini anglaysan va o‘zingni qopqonga tushib qolgandek his qilasan. Najotsiz mahkum…

*  *  *

Eng buyuk g‘oyalar eng sodda g‘oyalardir.

*  *  *

Niqob ostida uyat va vijdon azobidan qo‘rqmasa ham bo‘laveradi.

*  *  *

Uning xayoli yovvoyilik butunlay taqiqlangan madaniyatli shaharcha masalasiga ko‘chdi. Chiroqlar va g‘ildiraklar to‘lib-toshgan avtobus bekatidan ham bexavotir joy bormi?

*  *  *

Shart turib, ularning oldiga borsa, yarashgani keldim deb yengil kulib, ular bilan birga uxlasa nima bo‘ladi? Ularni oddiy bolalar, xo‘p bo‘ladi, ustoz, deydigan, boshlariga qalpoq kiyadigan maktab o‘quvchilaridek tasavvur qilsa-chi? Kunduzi bu savolga ha degan javob bo‘lishi mumkin edi, ammo zulmat va o‘lim dahshati hozir yo‘q degan javobni berdi. Tun zulmati ichra yolg‘iz yotar ekan, o‘zining haydalgan odam ekanini his qildi.

– Bunga sabab – men esimni yeganim yo‘q.

*  *  *

Orolda dastlabki paytlarda hukm surgan g‘alati ko‘tarinkilik xayolida gavdalandi. Endi bo‘lsa orol yonib bitgan gulxanni eslatardi. Saymon o‘ldi, Jak uni… Ralfning ko‘zlaridan shashqator yosh oqa boshladi, yelkalari silkindi.

Orolga kelganidan buyon birinchi marta ko‘zyoshlarini tiyib o‘tirmadi. Qayg‘uning ulkan, titroq to‘lqinlari butun vujudini yemirayotgandi. Uning yig‘isi orol uzra taralib, tutun qoplagan osmonga yoyildi. Bundan ta’sirlangan boshqa bolalar ham ho‘ngrab yig‘lashga tushishdi.

Ularning o‘rtasida turgan, badani kir-chir, sochlari paxmaygan, burni oqib ketgan Ralf boy berilgan poklik, inson qalbidagi zulmat, haqiqatning inqiroziga, Piggi ismli donishmand do‘stiga motam tutayotgandi.

B.SAYFIYEV tayyorladi.

Exit mobile version