Qashqadaryo gazetasi Ma’naviyat U TENGSIZ BAXT, BIROQ BAXT HAQIDA GAP KETGANDA, HECH KIM UNI TILGA OLMAYDI
Ma’naviyat

U TENGSIZ BAXT, BIROQ BAXT HAQIDA GAP KETGANDA, HECH KIM UNI TILGA OLMAYDI

Saralangan satrlar

Yurtimizning mashhur faylasuflaridan biri Viktor Alimasov kitoblarini o‘qirkansiz, ko‘hna donishmandlarning qarashlariyu, olam va odam xususidagi teran fikrlarni ko‘p uchratasiz. Ayrim fikrlar qarshisida o‘quvchining dabdurustdan dovdirab qolishi-da bor gap. Qolaversa, muallif falon donishmand aytgan ekan, deb uning fikrlariga ko‘r-ko‘rona ergashib ketavermaydi, o‘z qarashini, qarichini ifoda etadi. O‘quvchini-da o‘ylashga, fikr yuritishga undaydi. Fikrlayotgan odamgina odamdir, degan haqiqat aks etib turadi uning bitiklarida.

Aslida hammayam fikrlaydi, nimaningdir o‘yida yuradi. Hamma gap, muammo shundaki, kim nimani o‘ylayapti? Kim nimaning dardida yuribdi? Kimdir amal, boylik, mansab dardida talvasaga tushgan bo‘lsa, kimdir o‘zgalarga o‘zini ko‘rsatish vasvasasiga uchragan. Yana kimdir ilm qayg‘usida, boshqa birov dunyo va oxirat g‘amida kunlarini o‘tkazayotir. Ana shu o‘y, maslak insonning kimligini, borar manzilini ko‘rsatib beradi, desak, aslo mubolag‘a emas.

Bugun e’tiboringizga Viktor Alimasovning “Falsafa yoxud fikrlash lazzati” kitobidan iqtiboslar keltiramizki, asarni to‘la mutolaa etishga va dunyoni yangi nazarda ko‘rishga intilishingizga umid qilamiz.

* * *

Odam zoti aslida qarzdor bo‘lib tug‘ilgan. Yuragingizni sevinch yoki o‘kinchga to‘ldirib tomirlaringizda oqayotgan qon ham, dilingizni to‘ldirgan ilohiy yoki ilhodiy shuur ham, tilingizni anis yoki anif, qaddingizni alif yo dol etuvchi quvvat ham qarzga berilgan. Nima o‘zingizniki-yu, nima o‘zganiki – topolmaysiz. Aqli zoyillar bu tilsimot haqida o‘ylamaydi, bu – ularning zakiyligi; aqli qoyillar esa zamiriga yetolmaydi, bu – ularning zaifligi. Ammo ikki toifa ham tavba deb tan oladi: umrning o‘zi qarzga berilgan.

* * *

Ikki o‘rinda inson aqli lol: birinchisi – kelmish oldida, ikkinchisi – ketmish oldida. Odam yig‘lab keladi va yig‘lab ketadi, go‘yoki, u kimlarningdir qarzlarini ko‘z yoshlarim bilan uzaman, deb bu dunyoga kelganday…

* * *

O‘tganlarni yodlamoq o‘tganlar uchun emas, qolganlar uchun zarur. O‘tganlardan ustoz topolmagan – qolganlardan ham topolmaydi.

* * *

Seneka: “Ko‘p umr ko‘rishingiz – taqdir qo‘lida, qarzsiz yashashingiz – o‘z ixtiyoringizda. Yiqqanlaringiz emas, sochganlaringiz boqiydir”, deydi. Qalbingizdagini sochib, qalbingizni topasiz, umringizdan kechib umringizni. Ammo hech kim sizdan bunday fidoyilikni talab qilmaydi. Taqdirning g‘aroyib fazilati shundaki, hamma sochgan va kechganlaringizga qarab hukm chiqaradi. Yaratgan ham. Boqiy makoningiz jannatmi-do‘zax ekani sochgan va kechganlaringizga bog‘liq.

* * *

Olmon faylasufi Shopengauyer bunday degan ekan: “Kishi qirq yoshigacha roman yozadi, qirqidan keyin esa unga izohlar”. Bu gapga qo‘shilmay iloj yo‘q, lekin ko‘ngilni bir narsa o‘rtaydi: qolgan umr izoh yozishga yetarmikin?..

* * *

Kishilar o‘ziga ishonchni yo‘qotganlaridan so‘ng soxta daholar ketidan ergashishga majbur bo‘ladilar. Shubhasiz, davr soxta daholarni ko‘zgu yuzidagi g‘ubordek supurib tashlaydi, biroq ular qoldirgan asoratlar beiz ketmaydi. Bu asoratlar moziy tokchalarida payt poylab yotadi. Qulay fursat kelishi bilan qayta jonlanadi va soddadil kishilar ongini qaytadan zaharlab, ularni baxtiqarolikka giriftor etadi. Kishilar haqni aytishga, haqni sevishga, haq uchun kurashishga intilmaguncha o‘z kuchiga ishonch hosil qilmaydi, demak, soxta daholar ularni bebaxtlik sari yetaklayveradi.

* * *

Uyqu ham umr. Ming afsuski, unda baxt ko‘pmi yoki badbaxtlik – hech kimsa aytib berolmaydi. Syurrealist Byunyuel esa bunday degan ekan: “Uyqusida baxtiyor bo‘lolmagan odam uyg‘oqligida ham baxtiyor emas”. Qiziq, uyqudagi baxtning mezoni qanday ekan?

* * *

Freyd, o‘zini o‘zi o‘ldirishga jazm qilgan kishi bir paytlar kimgadir o‘lim tilagan bo‘ladi, degan. Buning qanchalik to‘g‘ri ekanini bilmadimu, ammo baxtiqarolarning qachonlardir birovga baxtiqarolik tilagani bor gap.

* * *

Shu paytgacha vaqtning qadriga yetganni ham, baxtning qadriga yetganni ham uchratmadim. Eh-he, odam umrini nelarga sarf etmaydi?! Agar barini hisob-kitob qilib chiqsangiz bormi, eng aqlli zot – inson degan naqlga ishonmay qo‘yasiz.

* * *

Tiriklikning o‘zi tengsiz baxt, biroq baxt to‘g‘risida gap ketganda uni hech kim tilga olmaydi.

* * *

Kamolot cho‘qqisi nazokatu nafosatdami? Mussolini va Gitler ham go‘zallikka befarq qarashmagan. Bepoyon samo va bahuzur sabo, ko‘m-ko‘k yastangan adir va hil-hil yetilgan samar, go‘dak nigohidagi saodat va soliha chehrasidagi sabohat, hatto tiriklikning, yashashning o‘zi bebaho nazokatu nafosat emasmi? Bo‘lmasa nega, Mussolini va Gitlerni qo‘ya turaylik, zamini bir, e’tiqodi bir, eli bir, hatto millati, tili bir aqrabolar bir-birini beayov mahv etgani etgan? Yo‘q, “go‘zallikning olamni qutqarishiga” hali erta. Erta. Odamni qutqarishiga ham. Aksincha, uning o‘zi xaloskorga muhtoj.

* * *

Kecha axloqimiz negizi “mehnat qildim” edi, bugun esa “pul qildim”. Kecha mehnat qilganlar qabulimiz to‘rida va qalbimiz qo‘rida edi, bugun – pul qilganlar. Zamonga qarab turlanadigan besabot axloq esa kamolotga eltolmaydi.

* * *

Odam o‘z “men”ini kasb-korda, jamiyatdagi munosabatlarida va botiniy izlanishlarida topadi.

Hozir dunyoda o‘ttiz mingdan ziyod kasb-kor bor. Ular ustiga har yili besh yuzga yaqini qo‘shiladi. Xo‘sh, ulardan qaysi biri odamga “men”ini topishga yordam beradi? Aniq javob yo‘q. Chunki har kimning iqtidori boshqa. Hayotiy maslagi boshqa. Ammo bir narsa aniq: sevmagan kasb bilan shug‘ullanish sevmagan ayol bilan bir umr yashashdek azob. Kishi hayot talabini o‘z maslagi sifatida qabul qilsagina, jamiyat bilan shaxs, shaxs bilan kasb-kor o‘rtasida murattablik yuzaga keladi.

* * *

Parvardigor odamga uch xislatni – shukur, zikr va fikrni ato etgan. Zero, Sharq har doim ruhiy kamolot va jasoratga intilgani bois to hozirga qadar moddiy dunyoga sig‘inadigan G‘arb uchun mavhum, “nozik masala” bo‘lib keladi.

* * *

Komil insonga xos fazilatlarni kimdir vatanparvarlikda, adolatparvarlik va xalqparvarlikda, kimdir mehnatsevarlikda, yaxshi xulq-atvorda, yana kimdir el-yurt tashvishi bilan yashashda, kattani hurmat, kichikni izzat qilishda, mehr-oqibatli, ilm-ma’rifatli bo‘lishda, deb biladi. Shubhasiz, barkamol inson uchun bu xislatlarning barchasi muhim. Bu jamiki xalqlarning uzoq tarixiy tajribasidan kelib chiqqan haqiqat. F.Nisshe shuni nazarda tutib: “Biz o‘tmishga zanjirbandmiz, qayerga chopsak, tarix zanjiri ham biz bilan birga chopadi”, – degan edi. Nyutondan: “Siz ajoyib kashfiyotlarga qanday erishdingiz?”, deb so‘rashganida, u: “Men buyuk ajdodlar yelkasida o‘tirgandim”, deb javob bergan ekan.

* * *

Go‘zallik – noyob narsa. Uning qadrlovchilari kam, ammo istovchilari ko‘p. Qadrlovchilarda u havas uyg‘otadi, istovchilarda – hasad. Havas ijodga undaydi, hasad – nafratga.

* * *

Barcha daholarga bir xislat xos, yo olamni, yo odamni qutqarish o‘yi bilan yashash. Ular nazarida dunyo teskari qurilgan, shu bois odam qilmishlarida gunoh ko‘p, nido ko‘p. Lekin ulardan qutulish yo‘llari mavjud, u – xaloskorning yuragi va tilagida.

* * *

Shoir zoti yozilgan va yozilmagan misralar, topilgan va topilmagan qofiyalar o‘rtasida sarson yashaydi. U, Garsia Lorka iborasi bilan aytganda, har bir qofiyani yurak qa’ridan sitib olguncha qidiradi, hukmni esa boshqalar chiqaradi.

* * *

O‘kinch – iztirob, dard. Kishining ro‘yobga chiqmagan orzulari, dilidan o‘chmagan istaklari, tubiga yetolmagan fikrlari bois uyg‘onadigan dard. Bu dardning qanotlari temirdan. Tomirlari ham. Kun chiqaveradi va botaveradi. Hayot, umr o‘taveradi. Ular kishining orzulariga, fikru xayollariga befarq, ammo ushalmagan orzular, ular qoldirgan asorat beiz o‘tmaydi. Ularning o‘kinchi o‘tmaydi. Ular temir qanotlariga o‘rab umr bo‘yi ezadi odamni. Agar bir kun 1440 daqiqadan iborat bo‘lsa, uning 40 daqiqasi sevinchniki, qolganlari o‘kinchniki. Bu ruhshunos olimlarning hisob-kitobi. Nega shunday? Odamning ushalmaydigan orzulari ko‘pmi? Hamma orzulari ham ushalavermaydi, odam buni yaxshi biladi. Odamning imkoni, qudrati kammi? Aksincha, sayyorada undan o‘zga qudratli mavjudot yo‘q. Aqli qisqami yoki xayoli? Yo‘q, u aqli tufayli olamga hukmron, xayoli tufayli kelajakka. Bo‘lmasa nega odam umriga o‘kinch hukmron? Odam hali nafosatni tuyishni, muhabbatni suyishni odat qilmadi. O‘rganmadi. Qodiri mutlaq o‘z vujudidan Ruhni, odam ruhini ajratgan, unga nafosatni, muhabbatni va suyish xislatini ato etgan. Uning nazarida odam o‘kinch orqali nafosat va muhabbatga yetishi zarur edi. Ming afsuski, odam o‘kinchni yengib o‘tolmadi, unga bandi bo‘lib qoldi.

* * *

Tabiiyki, hammaga ma’lum sirdan noma’lum sirni, hammaga ma’lum maqsaddan noma’lum maqsadni izlashga moyil qalb uchun tanholikdan, sukutdan o‘zga qulay najot yo‘q. Ammo gap tanholikning, sukutning o‘zida emas. Gap – tanholikdagi, sukutdagi izlanishda. Izlanishning o‘zi – sir, izlanishning o‘zi maqsad. Tanholik va sukut unga barqaror makon. Sirga, maqsadga aylangan ijod qalbga orom bermaydi, bemaqsad umrni maqsad bilan, bemaslak dilni maslak bilan, befikr xayolni fikr bilan to‘ldiradi; u odamni borliqdan ham boqiyroq, kenglikdan ham kengroq, qodirdan ham qodirroq bir iqdni topishga undaydi. Aks holda, menga ayting-chi, toju saltanatlar poyida yotsa ham, butun mavjudot uning hukmiga ilhaq bo‘lsa ham odam tag‘in kimlarnidir istashini qanday fahm etsa bo‘ladi?

* * *

Faylasuf ko‘cha tozalayotgan farroshga debdi:

– Senga achinaman, ishing juda qiyin va iflos.

– Rahmat, afandim, – debdi tavoze bilan farrosh. – Siz o‘zingiz nima bilan shug‘ullanasiz?

– Men faylasufman. Odamlar tafakkurini, qalbini tozalayman.

Farrosh iljayib debdi:

– Men sizga achinaman…

Achchiq so‘zlar. Ammo ochiq so‘zlar. Ular tagida donishmandning qismati yashiringan. Donishmandning sevinch va o‘kinchlari ham.

BEKZOD tayyorladi.

Exit mobile version