Saralangan satrlar
Jonivorlar haqida, jumladan, ot haqida yozilgan asarlar talaygina. Ernest Seton-Tompsonning “Yovvoyi yo‘rg‘a”, Lev Tolstoy “Xolstomer”i, Chingiz Aytmatovning “Alvido, Gulsari”, Tog‘ay Murodning “Ot kishnagan oqshom” asarlarida tulporlar bilan bog‘liq ajoyib manzaralar, otning insonga chinakam yo‘ldosh bo‘la olishiga guvoh bo‘lish mumkin.
Bugun “Alvido, Gulsari” haqida so‘z yuritsak. Atoqli qirg‘iz adibi bu asarda Ikkinchi jahon urushidan keyingi og‘ir yillarda yilqichi va cho‘ponlarning mashaqqatli hayoti haqida hikoya qiladi. Asar 1966-yilda, sovet tuzumining qilichi qayralgan damlarda yozilgan bo‘lishiga qaramay, mavjud tuzumga qarshi kayfiyat aniq ko‘rinib turadi. Byurokratlar, nomiga ishlaydigan vallomatlar, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan oddiy kishilar haqidagi chizgilar kitobxonni befarq qoldirmaydi.
Asarda taqdiri oldidagi yolg‘iz inson va jamiyat qarshisida yakkalanib qolgan kishilar siymosi bo‘y ko‘rsatadi. Keksayib qolgan Tanaboy va uning keksa oti Gulsaridan davr o‘tgan, endi ular uchun o‘lim yo‘llari tobora yaqin, ammo bir vaqtlar ular dovruq solib yashagan, kishilar qalbini titratganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi, balki ibrat, o‘rnak arzigulik narsalar ham yo‘q emasdir?!
“Alvido, Gulsari” qissasida muallif tarafkashlik qilmaydi, amaldorlarga qora chaplab, oddiy odamlarni ko‘kka ko‘tarmaydi, borini boricha tasvirlaydi – o‘quvchining o‘zi yaxshini yomondan ajratib olaveradi. Yaxshi kitob mutolaasidan chetda turmang…
* * *
Ot boshiga ish tushsa, suvlug‘i bilan suv ichar, er boshiga ish tushsa, etigi bilan suv kechar, deganlaricha bor ekan.
* * *
Go‘zal qizlar kabi yo‘rg‘aning ham xushtori ko‘p bo‘ladi. Qiz taqdiri shundayki, yaxshi odamga tushsa, ochilib ketadi, ko‘z ko‘rib quvonadi, biron ahmoqning qo‘liga tushsa, qizni ko‘rib xafa bo‘lib ketasan. Yordam ham bera olmaysan. Yaxshi ot ham xuddi shunday bo‘ladi. Nobud qilib qo‘yish hech gap emas uni. Poygada qoqilib yiqiladi.
* * *
Biz hammamiz mana shunaqamiz. Umrimizning oxirida, birortamiz og‘ir kasal bo‘lib qolganimizda yoki dunyodan o‘tayotganimizda bir-birimizni eslaymiz. Ana shunda kimni yo‘qotganimiz, u qanday odam bo‘lganligi, nimasi bilan dong chiqarganligi, qanday ishlar qilganligi birdan hammamizga ayon bo‘lib qoladi.
* * *
Uchqur otning dovrug‘i futbolchining dovrug‘iga o‘xshash bo‘ladi. Ko‘cha-ko‘yda koptok tepib yurgan kechagi bola birdan hammaning arzandasi bo‘ladi-qoladi, bilimdonlarning og‘ziga tushadi, olomonning zavq-shavqiga sabab bo‘ladi. Darvozaga to‘p kiritib yurgan mahalda uning dovrug‘i oshib boradi. So‘ng u asta-sekin diqqat markazidan tusha borib, keyinchalik butunlay unutiladi. Hammadan ham ortiq zavqlangan kishilarning o‘zlari birinchi bo‘lib uni eslaridan chiqarib yuborishadi. Buyuk futbolchining o‘rnini boshqasi egallaydi. Uchqur ot dovrug‘ining qismati ham xuddi shunday. Musobaqalarda g‘olib chiqaverar ekan, uning shuhrati osha boradi. Oralaridagi farq shundaki, otga hech kim hasad qilmaydi. Otlar hasad qilishni bilmaydi, odamlar esa, xudoga shukur, otlarga hasad qilishni hali o‘rgatganlaricha yo‘q. Lekin gapning ochig‘i hasad aql bovar qilmaydigan narsalarga ham qodir, shunday hodisalar ham bo‘lganki, hasadgo‘ylar odamga yomonlik qilish uchun ot tuyog‘iga mix qoqishgan. Oh, bu mash’um hasad! Ha, mayli, jin ursin ularni…
* * *
Ular shiddat bilan chopib borayotib ot ustida kurash boshlashdi. Bitta o‘ljaga tashlangan burgutlardek uloqqa mahkam yopishib olishib, bir-birlariga o‘shqirishar, xirillashar va bir-birlarini qo‘rqitish uchun yirtqichlardek bo‘kirishar edi, qo‘llari bir-birlarinikiga chirmashib ketgan, tirnoqlari ostidan qon sizib oqar edi. Chavandozlari yakkama-yakka kurashayotganlarida tiqilishib yonma-yon ketayotgan otlar esa qirmizi quyoshni quvib yetish uchun shoshilar, ko‘zlari qonga to‘lgan edi.
Shunday mardona o‘yinlarni bizga qoldirgan ajdodlarimizga ofarin!
* * *
Qish bosib keladi – oq tuyasida chopib keladi va tog‘dami, cho‘ldami, qayerda bo‘lmasin, cho‘ponni izlab topadi hamda unga o‘z hunarini ko‘rsatadi. Vaqtincha unutilgan hamma narsani esga tushiradi u. Yigirmanchi asrda ham qish qishligini qiladi…
* * *
Cho‘pon ko‘p bolali onaga o‘xshaydi – doim tashvishda bo‘ladi, ayniqsa kuz va ko‘klamda tashvishi juda ko‘p bo‘ladi. Mol mashina emaski, murvatini burab ketaversang.
* * *
Yo‘rg‘a ot dong chiqarsa, oqibati uning uchun yaxshi ham bo‘lishi mumkin, yomon ham. Tevarak-atrofga uning dovrug‘i qanchalik ko‘p tarqalsa, boshliqlar unga shuncha ko‘p ko‘z olaytirishadi.
* * *
U vaqtlarda yig‘ilish nimaga qaror qilsa – shu qonun edi. Qonunni o‘zlari qabul qilishgan va uni bajarish kerakligini bilishardi. Endi esa yig‘ilish quruq gapdan iborat bo‘lib qoldi. Sen bilan hech kimning ishi yo‘q. Kolxozni go‘yo kolxozchilarning o‘zlari emas, kimdir tashqaridan boshqarayotgandek. Go‘yo nima qilish, qanday ishlash, xo‘jalikni qanday olib borish kerakligi sirtdan yaxshiroq ko‘rinadigandek. Xo‘jalikni goh unday, goh bunday aylantirib ko‘rishadi, lekin hech qanday natija yo‘q. Odamlar bilan yuzma-yuz bo‘lgani ham qo‘rqasan. “Qani ayt-chi, sen partiya a’zosisan, kolxoz tuza boshlaganimizda hammadan ko‘p sen vaysagansan, bu narsalar qanday yuz berayotganligini bizga tushuntirib ber-chi?” deb so‘rab qolishlari mumkin. Nima deysan ularga? Loaqal odamlarni bir joyga yig‘ib, nimalar bo‘layotganligini so‘zlab berishsa ham mayli edi. Kimning ko‘nglidan nimalar kechayotganligini, qanaqa fikrlari, qanaqa tashvishlari borligini so‘rashsa edi.
* * *
Bezbetga qoshiq bersang, bir marta o‘rniga, besh marta osh oladi.
* * *
Hayot, urushdan keyin, bir mahallar odamlar o‘ylaganidek, hech qachon o‘z-o‘zidan yurishib ketmaydi. O‘zing tirik ekansan, uni doim yelkang bilan itarib yurishing lozim. Faqat u har gal o‘tkir qirralari bilan o‘girilib qoladi, yelkalarimizning hamma yeri yag‘ir bo‘lib ketdi. Qilayotgan ishingdan, boshqalarning ishidan ko‘ngling to‘lsa, bu ishlar baxt keltirsa-ku mayli edi-ya…
* * *
Eh, Tanaboy, Tanaboy! Soddasan, hayot seni hech narsaga o‘rgatmabdi. Sen hech narsani bilmaysan ham, payqamaysan ham. Yoshligingda qanday bo‘lsang, shundayligingcha qolibsan. Hamma narsani shartta-shartta qilsang. Zamon bo‘lsa hozir boshqacha. Endi hammadan ham muhimi, qanday gapirishni, kimning oldida nima deyishni bilish, so‘zing barcha odamlarniki singari zamon ruhida jaranglashi, boshqalarnikidan ajralib turmasligi, xuddi yozib qo‘yilgandek silliq bo‘lishi kerak. Shunda hamma narsa joyida bo‘ladi.
* * *
Umrning yarmi orzu-xayol bilan o‘tadi, shuning uchun ham, ehtimol, hayot shunchalik lazzatli, orzu qilganlarining hamma-hammasi ham ro‘yobga chiqavermaganligi uchun azizdir. U tog‘ va osmonga tikilib turib, hamma odamlarning ham bir xilda baxtli bo‘lishi qiyin, deb o‘ylardi. Har kimning o‘z taqdiri-qismati bor. Bir tog‘da bir paytning o‘zida ham yorug‘lik, ham qorong‘ilik bo‘lganidek, har bir taqdirning o‘z quvonchlari, o‘z g‘amu g‘ussalari bo‘ladi. Hayot shular bilan to‘la-to‘kis…
* * *
Ular, boshqa odamlar bu yerda qordan bo‘lak hech narsa yo‘q, deb qo‘l siltab ketadigan joylardan suruvlarga yem-xashak izlab topib berishardi. Shuning uchun ham ularni cho‘pon deyishardi-da… Ba’zan biron boshliq kelib qarab turardi-da, uni-buni surishtiradi, bir dunyo narsani va’da qiladi va darhol jo‘nab qoladi. Cho‘pon bo‘lsa yana tanho qish bilan yuzma-yuz qoladi.
* * *
Nega endi hamma ishdan bunchalik putur ketyapti? Balki boshqa yo‘ldan ketishgandir? Ehtimol yanglishishgandir? Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas! Tanlangan yo‘l – to‘g‘ri yo‘l edi. Bo‘lmasa nega bundoq bo‘ldi? Adashib qolishdimikin? Yo‘ldan ozishdimikin? Qachon va qanday yuz berdi bu ahvol? Mana endi musobaqa ham boshqacha bo‘lib ketdi – majburiyat yozishadiyu, vassalom, ahvoling nima kechdi, senga nima bo‘ldi, nima qo‘ydi, bu bilan hech kimning ishi yo‘q. Ilgari qizil, qora doskalar bo‘lardi, har kuni qancha gap-so‘z, qancha bahslashuvlar bo‘lardi: kimni qizil doskaga, kimni qora doskaga yozishardi, kishilar uchun bu muhim edi. Endi bo‘lsa bularning hammasi eskirgan, vaqti o‘tib ketgan narsalar emish. Xo‘sh, ular nima bilan almashdi? Quruq gap, va’dabozlik bilan. Amalda esa hech narsa yo‘q. Nega shunday? Bularning hammasiga kim aybdor?..
* * *
U kunlari va yillari qanday o‘tganini payqamay qoldi. Hash-pash deguncha mehnat bilan, tashvish bilan o‘tib ketdi. Uning kutgan narsasining hammasi ro‘yobga chiqmadi, hamma narsa u istagancha bo‘lmadi. Harakat qildi, kurashdi, biroq mushkuldan qutulish uchun, yurish bunchalik xatarli bo‘lmasin uchun, chetlab o‘tish uchun allaqayerlarda chekindi ham. Ammo ularni chetlab o‘tolmadi. U to‘qnash kelib qolishdan qo‘rqib yurgan kuch uni boshi berk ko‘chaga siqib qo‘ygan edi, endi chekinishi mumkin emasdi, yo‘l tamom bo‘lgandi. Eh, agar u o‘z xatosini ertaroq tushunganda, hayot ko‘ziga tik qarashga o‘zini vaqtliroq majbur etganda edi. Hayot achchiq va alamli tomchilar singari tomib tugab borayotgandi.
* * *
Odam keksaligidan, o‘zining qarib borayotganligi, davri o‘tib ketganligi, endi faqat bundan buyongi umrini bir amallab o‘tkazishgina qolganini his etishdan ham qariydi.
* * *
Odatda arzimagan narsa uchun kishini xafa qiladigan, haqorat qiladigan, faqat o‘zini yuqori tutib, so‘zini o‘tkazadigan odamlar ham bo‘ladi.
BEKZOD tayyorladi.