Qashqadaryo gazetasi Jamiyat ULARNI BAXTLI ETING!
Jamiyat

ULARNI BAXTLI ETING!

Bolaning shaxsi sog‘lom va har tomonlama uyg‘unlashgan holda kamoloti uchun u oila g‘amxo‘rligida, baxt, mehr-muhabbat va ongli tushunish vaziyatida o‘sishi zarur. Bola jamiyatda mustaqil hayotga to‘la tayyorlanishi va, ayniqsa, tinchlik, qadr-qimmat, sabr, erkinlik, tenglik va birdamlik ruhida tarbiyalanishi lozim.

1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni

Bu insoniy qadriyatlarga asoslangan yondashuv O‘zbekiston Respublikasi 1992-yilda qo‘shilgan Bola huquqlari to‘g‘risida Konvensiyada e’tirof qilingan. Ushbu xalqaro hujjat ishtirokchi-davlatlari unda nazarda tutilgan bola huquqlari va ularni ta’minlashga oid sa’y-harakatlarni amalga oshirish mas’uliyatini zimmasiga olgan.

Aslida millat azalidan bola tarbiyasiga hayot-momot masalasi sifatida qarab kelgan xalqimiz uchun ular huquqlarini nazarda tutuvchi xalqaro normalarda aks ettirilgan aksar talablar notanish emas. Ularning sharqona ifodasini oddiy hayotiy qadriyatlarimizdan ham ko‘plab topish mumkin. Biroq, qadriyatlarga qat’iy amal qilish ko‘proq ma’naviy burch ekanligini hisobga olsak, shiddat bilan o‘zgarib borayotgan dunyo uchun bola huquqlarining qonun hujjatlarida mustahkamlab qo‘yilishi hayotiy zaruratga aylanganini tushunamiz.

Shunga hamohang, mamlakatimiz qonunchiligida ham bola huquqlari va ularni ta’minlashga oid muhim huquqiy normalar belgilangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 78-moddasida: «Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir», deya qayd etiladi.

Qonunchilik palatasi tomonidan 2007-yil 23-noyabrda qabul qilingan va Senat tomonidan 2007-yil 1-dekabrda ma’qullangan «Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonun esa, aytish mumkinki,  yurtimizda o‘sayotgan har bir farzandning baxtli bolalik tamoyillarini o‘zida his etishiga qaratilgan.

Unda e’tirof etilganidek, bola (bolalar) – o‘n sakkiz yoshga to‘lgunga (voyaga yetgunga) qadar bo‘lgan shaxs (shaxslar) hisoblanadi. Qonunning 4-moddasida bola huquqlarini himoya qilish bo‘yicha davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari aniq qayd etib qo‘yilgan bo‘lib, ular: bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash; hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish; kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik; sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish; huquqlari va imkoniyatlarining tengligini ta’minlash;  huquqlari kafolatlarining huquqiy asoslarini takomillashtirish; huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishini ta’minlash; huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish bo‘yicha davlat organlari va ularning mansabdor shaxslari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini ta’minlash; jismoniy, intellektual, ma’naviy va axloqiy kamol topishiga ko‘maklashish; huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi  kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash; bolalarda vatanparvarlik, fuqarolik, bag‘rikenglik va tinchliksevarlik tuyg‘ularini tarbiyalash; O‘zbekiston xalqining tarixiy va milliy an’analari, ma’naviy qadriyatlari hamda jahon madaniyati yutuqlari bilan tanishtirish; shaxsini, uning ilmiy, texnikaviy va badiiy ijodkorligini rivojlantirish; tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash; huquqiy ong va huquqiy madaniyatni shakllantirish; huquqlarini ta’minlash maqsadida davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida hamkorlik qilish; huquqlarini himoya qilish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni rivojlantirish; bolalarning ijtimoiy ko‘nikmasiga, voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarni kamaytirishga ko‘maklashishdan iborat.

Shu o‘rinda Prezidentning 2019-yil 22-apreldagi «Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) o‘rinbosari – Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimi joriy etilishi natijasida mamlakatimizda bola huquqlari himoyasining tashkiliy va institutsional asoslari yanada mustahkamlanganini ham alohida e’tirof etish joiz. Inchunin, BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini bajarish strategiyasini va bola huquqlari masalalari bo‘yicha boshqa hujjatlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etish;

o‘z vakolati doirasida bola huquqlari va erkinliklari xalqaro standartlarini qonun hujjatlariga tatbiq etishni hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning faoliyatida bola huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish;

bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish kabilar bola huquqlari bo‘yicha vakilning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilangan.

O‘zaro muloqotlarda tez-tez bolani o‘sib kelayotgan niholga o‘xshatamiz. Yosh nihol esa yot ta’sirlarga himoyasiz, e’tibortalab bo‘ladi va alohida parvarishga muhtoj. Ana shu omillarni hisobga olib, o‘stirilgan daraxt navqiron bo‘ladi.

Bola ham xuddi shunday. Ko‘rgan tarbiyasi, yon-atrofdagilarning unga munosabati asosida ongini o‘stiradi, dunyoqarashi, xarakteri shakllanadi. Uning yorqin kelajagi uchun shart-sharoit hozirlash esa kattalar, avvalo ota-ona va bolaning yaqinlari zimmasida. Qolaversa, yurtimizda o‘sayotgan har bir bola e’tiborda bo‘lib, ularning qonuniy manfaatlarini ta’minlash masalasida jamiyat, davlat o‘z zimmasiga mas’uliyat olgan. Zero, bugunning bolalarini baxtli etib, ular negizida yurt ertasini ta’minlashga qodir sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash har birimizning Vatan, millat oldidagi burchimizdir.

O‘z muxbirimiz  

Exit mobile version