Hindistonda bir necha yil avval mahalliy hokimiyat tomonidan xatolik tufayli «vafot etgan» deb qayd etilgan 101 yoshli Nadar Singx mustaqillik uchun kurash ishtirokchilariga to‘lanadigan pensiyani rasmiylashtirishga harakat qilmoqda. Bu haqda NDTV manbasi xabar bergan.
Qariya Xijravan-Kalan qishlog‘ida yashaydi, o‘zining aytishicha, u Hindiston milliy armiyasi safida xizmat qilgan. Biroq uning shaxsini va xizmatlarini tasdiqlovchi hujjatlari yong‘inda yo‘q bo‘lib ketgan.
Oila a’zolarining so‘zlariga ko‘ra, shu sababli Nadar Singx ko‘p yillar davomida qonuniy ravishda qo‘liga tegishi kerak bo‘lgan pensiyani rasmiylashtira olmagan. Taxminan uch yil avval vaziyat yanada murakkablashgan: mahalliy ma’muriyat uni rasman vafot etganlar ro‘yxatiga kiritgan. Keyinchalik bu xatolik tuzatilgan bo‘lsa-da, pensiya to‘lovlari bilan bog‘liq muammolar bartaraf etilmagan.
Bundan tashqari, mustaqillik munosabati bilan qishloqda o‘rnatilgan xotira yodgorligida uning ismi yoniga «vafot etgan» degan izoh ham tushirilgan. Oila shikoyat qilganidan so‘ng esa ushbu yozuv olib tashlangan.
