Noma’lum mamlakatda noma’lum sababga ko‘ra ko‘rlik epidemiyasi tarqaladi. Ya’ni, ko‘rga ko‘zi tushgan kishi borki, bu dardga mubtalo bo‘ladi. Odatda basirlik qop-qora zulmat bo‘lsa, bunisi oqlik, shundan boshqa hech narsa yo‘q. Dastavval kasallangan va gumon qilinganlar uchun alohida karantin zonasi tashkil etilib, jamiyatdan uzib qo‘yilgan bo‘lsa, borib-borib, butun shahar aholisi ko‘rga aylanadi. Natijada hamma narsa izdan va ishdan chiqadi: korxona, tashkilotlar ishdan to‘xtaydi, elektr uziladi, savdo, oldi-berdilar yo‘q – odamlarning bor-yo‘q tashvishi yashab qolish, demakki, oziq-ovqat topishdan iborat. Shunday holda hammayam insonligini, o‘zligini saqlab qola oladimi va bu qanchalik zarur? Aslida ko‘zi ochiq deyayotganlarimizning aksari ko‘p narsadan g‘ofil – ko‘r emasmi?
1998-yilda adabiyot sohasida Nobel mukofotiga loyiq ko‘rilgan Portugaliya adibi Joze Saramago “Ko‘rlik” romanida shu haqda yozadi. Ishonavering, bu kabi asarni avval o‘qimagansiz. Yozuvchi biror qahramoniga nom qo‘ymaydi, dialoglarni izma-iz qalashtirib ketaveradi, biror tushunuksiz holatga izoh berib o‘tirmaydi, shunga qaramasdan voqealar oqimida go‘yoki suzib borasiz. Insoniyatning naqadar vahshiy va tubanligi, ayni paytda yuksak va zoti sharif ekaniga amin bo‘lasiz. Asarda barcha qahramonlar, voqea, syujet ramzlar asosiga qurilgan, ochqich kalitni topgan kishiga roman ko‘p sirlarini namoyon qiladi.
Roman intellektual kitobxonlarga – fikrlashni istaydigan, zo‘riqqan fikrlar aro yangi qarashlarga ega bo‘lishni istaydigan mutolaa ixlosmand-lariga mo‘ljallagan.
Saralangan satrlar
* * *
G‘am bilan shodlik suv va yog‘dan farqli o‘laroq bir-biriga qorishib keta oladi.
* * *
Qiladigan har bir harakatimizdan oldin jiddiy o‘ylashni boshlasak, oqibatlarini avvaldan aniqlashga urinsak, dastlab aniq oqibatlarini, keyin ehtimoliy, keyin esa kamdan-kam yuz berishi mumkin bo‘lgan, so‘ng hatto xayolimizga ham kelmaydigan oqibatlari to‘g‘risida bosh qotirsak, turgan joyimizdan hech qayerga jilolmay qolgan bo‘lardik. So‘zlarimiz va amallarimizning yaxshiyu yomon oqibatlari, hech shubhasiz, kelgusi hayotimizga, hatto bizda bu oqibatlarni to‘g‘rilash, o‘zimizni qutlash yoxud boshqalardan uzr so‘rash imkoniyati bo‘lmaydigan – dunyodan o‘tib ketgan kunlarimizga ham teng va muvozanatli ravishda taqsimlanadi, ayrim insonlar bu holat abadiylikning ayni o‘zi ekanini ilgari suradi.
* * *
Yomonlik – dunyodagi eng oson ishlardan biri.
* * *
Barchamizning ham ojiz qolgan paytlarimiz bo‘ladi, baxtimizga yig‘lash xislatimiz bor, ko‘zyoshlar ko‘p hollarda bizning najotimizga aylanadi, ba’zan yig‘lay olmaganimizda, o‘lib qoladigandek bo‘lamiz.
* * *
Ko‘rlar mamlakatida bir ko‘zli odam shoh bo‘ladi.
* * *
Qiyin damlar do‘stlarni saralab beradi.
* * *
Aslida kunning qaysi vaqtini ko‘rsatayotgani soatning o‘ziga baribir, millari birdan boshlab o‘n ikkigacha aylanadi, xolos, qolganini esa odamlarning o‘zlari o‘ylab topadi.
* * *
Dunyo shunday yaratilganki, haqiqat o‘zini namoyon etishi uchun aksariyat hollarda yolg‘on libosiga burkanishi lozim.
* * *
Hammaga ma’lum, ko‘rlik balosi odamning kasbiyu martabasiga qarab o‘tirmaydi.
* * *
Oxir-oqibat bu dunyoda hech narsaga mutlaq egalik qilolmaymiz.
* * *
Musibat hamda yovuzlikning sira oxiri yo‘q.
* * *
Umuman olganda, birovni qurol bilan qo‘rqitish unga hujum qilish bilan barobar.
* * *
Hatto eng og‘ir musibatlardan ham ana shu uqubatlarga sabr bilan chidash uchun yetadigan yaxshilik topish mumkin.
* * *
Odamlar “ko‘zi ko‘r” deb ataydigan sevgining ham o‘z tovushi mavjud.
* * *
Inson aqli va aqlsizligi hamma joyda bir xil.
* * *
Har kim o‘z axloqiy tamoyillariga muvofiq ish ko‘radi.
* * *
Har narsaning vaqt-soati bor, hammadan erta uyg‘onganingiz hammadan erta vafot etishingizni anglatmaydi.
* * *
Barchamizning go‘yoki ikkinchi qavat terimiz hisoblanmish xudbinlik tuyg‘usidan mahrum odam hali dunyoga kelmagandir, bu terimiz shunchalar qalinki, birinchi qavat terimiz nedir sabab bilan qonagan taqdirda ham, unga hech qanday zarar yetmaydi.
* * *
Shunday paytlar borki, so‘zlar hech narsaga yaramay qoladi.
* * *
Qalb pokligiga to‘xtalsak, bu har kimga ham nasib etavermasligi barchamizga ma’lum.
* * *
Tubanlik va zo‘ravonliklarning mavjudligi sir yoki odamni hayratga soladigan yangilik emas, albatta, dunyo asli shunday.
* * *
Qo‘rquv har doim ham dono maslahatchi bo‘lolmaydi.
* * *
Odam saltanat asosini tutgan bilan shoh bo‘lib qolmaydi.
* * *
Aslida ko‘rlik qisman mana shu narsa – hech qanday ilinj qolmagan dunyoda yashash.
* * *
Doim ham berilgan va’dalarning ustidan chiqilavermaydi, ba’zan zaifligimiz, ba’zan esa ixtiyorimizga bo‘ysunmaydigan kuchning majburlashi bunga sabab bo‘ladi.
* * *
Xayriyatki, yaxshiliklar falokatlarni yetaklashi haqida ko‘p gapirilmagan esa-da, falokatlarning yaxshiliklarni yetaklab kelishi ko‘p bora kuzatilgan.
* * *
Agar surunkali tomchilashda davom etsa, yumshoq suv qattiq toshni yemiradi.
* * *
Hozirgacha bizning ko‘nglimizda yashagan yoki bizni hozirgacha yashashga undagan, bizni biz qilib turgan tuyg‘ularning bari ko‘zlarimizning sharofati ila mavjud bo‘lgan, ko‘radigan ko‘zlarsiz tuyg‘ularimiz ham o‘zgaradi.
* * *
Insoniyat bir kuni ko‘rmay yashashni ham uddalay olar, lekin o‘sha kun kelganda insonligidan asar ham qolmagan bo‘ladi.
* * *
Yoshlar hayotga tez moslashadi, chunki ularning butun hayoti oldinda.
* * *
Toshyuraklarning ham qalbiga darz yetishi mumkin.
* * *
Ba’zi ayollarni tushuna oladigan odamga haykal qo‘ysa arziydi.
* * *
Qismat shunday, moychiroqlar ham, itlar ham, insonlar ham, ya’ni hech birimiz yoki hech narsaning dunyoga qanday maqsadda kelganini birinchi kundanoq bilib bo‘lmaydi.
* * *
To‘g‘ri va yanglish degan tushunchalar o‘zimizga bo‘lgan munosabatimizni emas, qarshimizdagi odam bilan munosabatimizni turli shaklda tushunishimizdan kelib chiqadi.
* * *
Barchamizning ichimizda o‘zimiz nomini bilmaydigan nimadir bor, ana o‘sha bizning mohiyatimiz.
* * *
Tabiatda hech narsa yo‘q bo‘lib ketmaydi, hamma narsa evriladi, deyishadi-ku, hayotda ham shunday.
* * *
Kun kelib o‘lib ketishimizni o‘ylab yashashdan shunchalik qo‘rqamizki, vafot etganlarning qilmishlarini kechirishga urinamiz, o‘zimizga navbat kelganida bizni ham kechirishlarini istarmiz, ehtimol.
* * *
Inson tanasida ham o‘ziga xos tartib mavjud, shu tartib saqlanib tursa, yashashda davom etadi, o‘lim ana shu tartibning buzilishi oqibatidir.
* * *
So‘qirlar jamiyati zavolga yuz tutmaslik uchun qanday tartib o‘rnatishi mumkin? Buni har kim o‘zini tuzatishdan boshlashi kerak, o‘zini tuzatish, qaysidir ma’noda, ko‘ra olish deganidir.
* * *
Eng yomon so‘qir ko‘rishni istamaydigan so‘qirdir, desak, eng buyuk haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
* * *
Marhumlarning yonidan ularni ko‘rmay o‘tib ketish insoniyatga xos qadimiy ko‘nikma.
* * *
Odamlar bilan yashash emas, ularni tushunish juda qiyin.
* * *
Dunyoda to‘xtovsiz aylanib qaytib keladigan, qayta-qayta murojaat qilinadigan narsa, hech shubhasiz, so‘zlar bo‘lsa kerak.
* * *
Shunday umidlar borki, telbalikdan boshqa narsa emas.
* * *
Yoshi ulg‘aygan sayin odamning o‘z zimmasiga olgan gunohlari ro‘yxati shu qadar qalinlashib ketadiki, tasavvur qilish qiyin.
* * *
Odamlar nimaga qodirligini oldindan bilolmaysiz, kutish, hammasini vaqt hukmiga qoldirish darkor, vaqt qimor stolida qarshimizda o‘tirgan qimorbozdir, barcha qartalar uning qo‘lida, biz faqatgina hayotimizni o‘rtaga tikib, bu stoldan nimalirdir yutib olamiz, o‘z hayotimiz evaziga.
B.SAYFIYEV tayyorladi.