Vardanzi – Buxorodagi qadimiy qishloq, Varganza – Kitobdagi shaharcha maqomi berilgan hudud ekanini yaxshi bilasiz. Ikki hudud nomidagi o‘xshashlik nimani anglatadi?
«O‘zbekiston joy nomlarining izohli lug‘ati»ga ko‘ra, forscha «var» so‘zi aholi yashaydigan va chorva mollarini saqlash uchun chor atrofi devor bilan o‘ralgan qadimgi istehkomni anglatadi. Shunga binoan, Vardanzi – podshohlarning maxsus qarorgohi, qo‘rg‘oni demakdir.
Mamlakatimizda bundan 3 ming yil avval bino qilingan katta shahar hamda turar joy qoldiqlari «var» so‘zi bilan aloqador bo‘lib, Dalvarzin, Varaxsha, Vardani, Varag‘zon kabi nomlar ham shu asosda izohlanadi.
Varganza esa dastlab vodiy, soylik nomi sifatida shakllangan. Rudakiy asarlarida «varg‘» – to‘g‘on, band ma’nosida qo‘llangan. X-XIX asr tojik tili manbalarida varg‘ – band, to‘sib to‘plangan suv havzasi ma’nolarida qayd etilgan.
Yangi sug‘d tili sifatida qayd etilgan yag‘nob tilida esa varg‘ – dalaning yuqori tomoni, zoy – joy, maydon, ekinzor deganidir.
Umumiy ma’noda Varganza – suv bandi yonidagi joy, deya izohlanadi.
