Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan muxolifatdagi «Kuchli Armaniston» fraksiyasi deputati Edgar Kazaryan ustidan fuqarolik da’vosi bilan sudga murojaat qildi. Bu haqda Factor nashri yozgan.
Da’voga xalq vakilining 27-sentabr kuni OAVga bergan intervyusi sabab bo‘lgan. Deputat o‘shanda Nikol Pashinyan Xonkendi (Stepanakert)dagi qo‘mondonlik-shtab punktida bo‘lib o‘tgan yig‘ilish davomida olingan ma’lumotlarni Ozarbayjon tomoniga yetkazgani va shu orqali Qorabog‘ning Boku nazorati ostiga o‘tishiga ko‘maklashganini aytgan.
Pashinyan suddan Edgar Kazaryanni ushbu bayonotlarni oshkora rad etishga majburlashni so‘ramoqda. Nashr keltirgan da’vo matniga ko‘ra, deputat tarqatgan ma’lumotlari «butunlay yolg‘on, haqiqatga mos kelmaydigan va bosh vazirning sha’ni, qadr-qimmatiga putur yetkazuvchi» ekanini ochiq e’tirof etishi kerak.
Raddiya «Nyus Ay Em» kompaniyasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri efiri orqali, maxsus sarlavha ostida o‘qib eshittirilishi lozim. Bunda Edgar Kazaryanning o‘zi yoki uchinchi shaxslar tomonidan qo‘shimcha izohlar berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.
Bundan tashqari, bosh vazir deputatdan 6 million arman drami, ya’ni qariyb 195 million so‘m miqdorida kompensatsiya undirishni so‘ragan. Da’vo Yerevan shahrining umumiy yurisdiksiyaga ega birinchi instansiya sudiga berilgan. Ish sudya Marina Tashchyanga biriktirilgan.