Fuqarolik jamiyati institutlari, shu jumladan jamoat birlashmalari va boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ommaviy axborot vositalari fuqarolik jamiyatining asosini tashkil etadi.
Fuqarolik jamiyati institutlarining faoliyati qonunga muvofiq amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 69-modda
Mahalliy Kengashlarda
Qashqadaryoda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar natijasida joriy yilning to‘qqiz oyi davomida viloyatdagi 776 ta mahallaning 727 tasi yoki 93,7 foizida kriminogen vaziyat barqarorligi ta’minlandi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i A.Ismoilovning hisobotida keltirilgan ushbu raqamlar xalq deputatlari viloyat Kengashining shu yil 24-noyabrdagi tegishli qarorida aks ettirilgan. Hujjatda ko‘rsatilganidek, hisobot davrida viloyatdagi mahallalarning 474 tasi (kriminogen vaziyat bo‘yicha «yashil» toifa) yoki 61 foizida oldini olish mumkin bo‘lgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan, yana 253 tasi («sariq» toifa) yoki qariyb 33 foizida jinoyatlar kamayishiga erishildi. Jinoyat soni oshgan («qizil» toifadagi) mahallalar soni 49 tani, salmog‘i esa 6,3 foizni tashkil etib, ushbu ko‘rsatgich o‘tgan yilning mos davridagi raqamga (101 ta) nisbatan sezilarli darajada, ya’ni 52 taga yoki 51 foizga kamaygan.
Qarorda qayd etilishicha, yil boshida viloyatdagi kriminogen vaziyati og‘ir 91 ta mahallaga shahar va tuman rahbarlari, ichki ishlar boshqarmalari boshliqlarining o‘rinbosarlari hamda qo‘riqlash xizmati boshliqlari biriktirilib, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish bo‘yicha tizimli ishlar bajarildi. Tegishli «yo‘l xarita»lari ishlab chiqilib, ijrosi bo‘yicha aniq chora-tadbirlar olib borilmoqda. Shuningdek, kriminogen vaziyati og‘ir mahallalarga qo‘shimcha 1 nafardan profilaktika inspektorlari ajratildi va 2 nafar xodimdan iborat PPX avtoekipaji naryadi xizmatga jalb etildi. Ayni paytda biriktirilgan mas’ullar va mahallalarda tashkil etilgan ishchi guruh a’zolari ishtirokida 4 ming 471 ta xonadon birma-bir xatlovdan o‘tkazildi. Natijada uchinchi chorak yakuni bo‘yicha ushbu 91 ta mahallaning 47 tasida («yashil» toifa) birorta ham jinoyat sodir etilmadi, 33 tasida («sariq» toifa) esa vaziyat barqarorlashdi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hisobotiga ko‘ra, viloyatda shu yil 9 oyda jami sodir etilgan 5 ming 876 ta jinoyatdan 20,6 foizi (1 ming 210 tasi) aniqlanadigan, 28,7 foizi (1 ming 689 ta) oldini olish mumkin bo‘lgan va 50,7 foizi (2 ming 977 tasi) axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlardir. Shaxslar jinoyatlari tahliliga to‘xtalsak, joriy yil 9 oyida mastlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 30,8 foizga (65 tadan 45 tagacha), ishsizlar jinoyatlari 29,3 foizga (75/53), ayollar jinoyatlari 20,8 foizga (159/126), yoshlar jinoyatlari 18,5 foizga (546/445), voyaga yetmaganlar jinoyatlari 10 foizga (111/100) va muqaddam sudlanganlar jinoyatlari 6,8 foizga (118/110) kamayishiga erishilgan.
Hisobotda viloyatda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jamoat xavfsizligini ta’minlash, mahallalarni jinoyatdan xoli hududga aylantirish maqsadida qilingan boshqa ishlar yuzasidan ham batafsil ma’lumotlar keltirildi. Masalan, viloyat hududida jami 14 ming 164 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilgani ta’kidlanib, ulardan 9 ming 723 tasi aholi gavjum joylar va ko‘chalar, 312 tasi ko‘p qavatli uylarning hovlilari, 1 ming 174 tasi maktab va maktabgacha ta’lim muassasalariga kirish va chiqish joylari, 565 ta maktablar ochiq sport maydonlari, yana 2 ming 28 tasi (yuzni va avtoraqamlarni tanib oluvchi kameralar) mahallalarning asosiy kirish va chiqish joylari, shulardan tag‘in 362 tasi savdo markazlari va bozorlarda joylashtirilgani alohida qayd etildi. E’tiborlisi, o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarining 3 ming 856 tasi viloyat IIB «Situatsion markazi»ning «Qalqon» platformasiga integratsiya qilindi.
Xalq deputatlari viloyat Kengashi viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i hisobotini eshitar ekanlar, IIBga qonunchilik hujjatlari bilan yuklangan vazifalarning ijro etilishi holatini qoniqarli deb topdi va mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi. Misol uchun, birorta ham jinoyat sodir etilmagan mahallalar faoliyatini viloyat bo‘yicha ommalashtirish zarurligi qayd etilib, jinoyat soni oshgan «qizil» toifadagi mahallalar bilan alohida tartibda ishlash, faollar bilan birgalikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish orqali bunday mahallalar salmog‘ini yanada kamaytirish choralarini ko‘rish vazifasi qo‘yildi.
O‘z muxbirimiz