Qashqadaryo gazetasi Ilm-fan VILOYATDAN QANCHA AKADEMIK YETISHIB CHIQQAN?
Ilm-fan

VILOYATDAN QANCHA AKADEMIK YETISHIB CHIQQAN?

Qashqadaryo – noyob tabiiy boyliklari, ulkan sanoat salohiyati bilan yurtimizning bugungi ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga beqiyos hissa qo‘shib kelayotgani barchamizga ma’lum. O‘z o‘rnida, tarixi bir necha ming yilliklarga tutash bu voha buyuk ijodkorlar, ma’rifatparvar allomalar, el e’zozidagi fidoyi insonlar, dovruq taratgan turli kasb egalariga beshik ekanligi bilan ham e’tiborga molik. Zero, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, «Qashqadaryo – qadimiy va tabarruk zamin, mard va bag‘rikeng, mehnatkash va lafzi halol, g‘ururi baland insonlar yurtidir».

Yangi rukn: Qashqadaryoga oid

Binobarin, gazetamizda Qashqadaryoga oid muhim faktlar, dalillar, vohaning fidoyi farzandlari haqida ma’lumotlar berib borishni maqsad qildik. Ishonamizki, mazkur ruknda e’lon qilinayotgan ma’lumotlar ko‘pchilik uchun manfaatli bo‘ladi.

Dastavval ilm-fan namoyandalari, xususan, Qashqadaryodan yetishib chiqqan akademiklar haqida to‘xtalmoqchimiz. To‘g‘ri, bugun turfa «akademiya»lar tomonidan ilm-fanga aytarli aloqasi bo‘lmagan, tayinli hissa qo‘shmagan turli kishilarga nedir manfaat evaziga «akademik» degan rutba qo‘shqo‘llab topshirilayotgani bor gap. Biz ular emas, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan haqiqiy akademik unvoniga loyiq ko‘rilgan va ilm-fanning chinakam zahmatkashlari xususida so‘z yuritamiz.

Qashqadaryodan yetishib chiqqan akademiklar 6 nafar bo‘lib, ular: Karim Shoniyozov, To‘lqin Bekmurodov, Asqar Xolmurodov, Qahramon Davronov, Qalandar Abdurahmonov, Anatoliy Sagdullayevdir.

Tug‘ilgan yilidan kelib chiqsak, akademiklarimizning eng yoshi ulug‘i etnograf olim Karim Shoniyozov (1924-2000) sanaladi. Olim Koson  tumanidagi Qarluq qishlog‘ida dehqon oilasida  tug‘ilgan. Ikkinchi jahon urushida qatnashgan,  O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik vazirligi xodimi bo‘lib ishlagan. So‘ng sobiq ittifoq Fanlar akademiyasi Etnografiya institutining Leningrad filialiga aspiranturaga o‘qishga kirib, hayotini ilm yo‘liga bag‘ishlagan.

Karim Shoniyozov «O‘zbek xalqining etnik tarixi haqida» mavzusida doktorlik dissertatsiyasi olib borgan. «Qang‘ va Qang‘iylar davlati», «Qarluqlar va qarluqlar davlati», «O‘zbek xalqining shakllanish jarayoni» kabi fundamental asarlar muallifi sanaladi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi To‘lqin Bekmurodov (1935-2021) O‘zbekistonga kompyuter texnologiyalari, informatika, avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlarini olib kirgan olimlardan biri. Uning otasi Fayzi Bekmurodov Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lib ishlagan.

Asqar Xolmurodov (1939-1997) Yakkabog‘da tug‘ilgan. U fundamental biokimyo va biotexnologiya sohasida xalqaro miqyosda e’tirof etilgan olimdir.

Qahramon Davronov 1945-yilda Qamashi tumanidagi Qorabog‘ qishlog‘ida tug‘ilgan. Hozirgi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi mikrobiologiya ilmiy tadqiqot instituti direktori. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, biologiya fanlari doktori, professor.

1995-1998-yillarda Qashqadaryo viloyati hokimi lavozimida ishlagan Ozod Parmonov Qahramon Davronovning ukasi sanaladi.

Iqtisod fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademigi, Indoneziyaning Gunadarma universiteti faxriy professori, Rossiya Tabiiy fanlar akademiyasi akademigi, Xalqaro geografik ittifoq a’zosi, Nyu-York Fanlar akademiyasi akademigi, Rossiya Gumanitar fanlar akademiyasi akademigi Qalandar Abdurahmonov 1946 yilda Chiroqchi tumanida tug‘ilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi haqiqiy a’zosi, akademik Anatoliy Sagdullayev esa 1951-yilda Kitob tumanida tug‘ilgan. Anatoliy Sagdullayev O‘rta Osiyo arxeologiyasi va davlatchiligi tarixi bo‘yicha o‘z maktabini yaratgan tarixchi olimdir. Uning «Qadimgi Kesh – Shahrisabz tarixidan lavhalar» (1998), «Shahrisabz. Ming yilliklar merosi» (2002) monografiyalari YUNESKO va jahon ilmiy hamjamiyati tomonidan tan olingan. 2000-2010-yillarda Rossiya Federatsiyasi Davlat arxivi bilan hamkorlikda Rossiya arxivlaridagi O‘zbekiston tarixining XX asr 20-80- yillariga doir noyob materiallarning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish ishlarida bosh-qosh bo‘lgan.

B.SAYFIYEV

Exit mobile version