Qashqadaryo viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha tuman va shahar sudlari tomonidan 2025-yilning to‘qqiz oyi davomida korruptsiya bilan bog‘liq 580 shaxsga nisbatan 388 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan shaxslar soni 82 nafarga yoki 16,4 foizga, ishlar soni 74 taga yoki 25,8 foizga ko‘paygan.
Bu haqda Qashqadaryo viloyati sudida 9-dekabr – Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurash kuni munosabati bilan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni”da ma’lum qilindi.
Tadbirda viloyat sudi raisi Abduqayum Mahkamov va viloyat ma’muriy sudi raisi G‘olibjon Davlatov bugungi kunda sudlar tomonidan korruptsiyaga qarshi qat’iy kurashish, sudga murojaat qilgan har bir fuqaroga nisbatan adolatni ta’minlash, pirovardida fuqarolarning sudlarga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash uchun ko‘rilayotgan zarur choralar haqida keng ma’lumotlar berishdi.
– Korruptsiya bilan bog‘liq jinoyat ishlari bo‘yicha sudlanganlarning 202 (o‘tgan yilning mos davrida – 195) nafari yoki 40,6 (45,5) foiziga axloq tuzatish ishlari, 110 (54) nafariga yoki 22,1 (12,6) foiziga ozodlikni cheklash, 100 (97) nafariga yoki 20,1 (22,6) foiziga jarima, 84 (81) nafariga yoki 16,9 (18,9) foiziga ozodlikdan mahrum qilish hamda 1 nafariga muayyan huquqdan mahrum qilish jazolari tayinlangan, – dedi Abduqayum Mahkamov. – Sudlangan shaxslarning 276 (149) nafariga yoki 55,5 (34,8) foiziga JKning 45-moddasi qo‘llanilib, qo‘shimcha jazo tariqasida muayyan huquqdan mahrum qilish jazosi qo‘llanilgan.
“Ochiq eshiklar kuni” tadbirlari doirasida ommaviy axborot vositalari xodimlari jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga tashrif buyurishib, sud majlisi zallari, sud jarayonining prosessual qoidalari, sudyalar va sud apparati xodimlarining xizmat vazifalari bilan tanishishdi. Tashrif davomida ishtirokchilarga sud binosining xizmat xonalari, jinoyat ishlari bo‘yicha ish yuritish tartibi, hujjatlarning rasmiylashtirilishi va sud-huquq tizimida qonuniylikning ta’minlanishiga oid amaliy jarayonlar tushuntirildi.
OAV vakillari mutaxassislardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.
Shohista BOZOROVA