Qashqadaryo gazetasi Jamiyat Viloyatimizda 208 ta mahallaning haliyam o‘z binosi yo‘q
Jamiyat

Viloyatimizda 208 ta mahallaning haliyam o‘z binosi yo‘q

Bugungi kunda viloyatimizdagi 828 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 208 tasi, ya’ni 25 foizi o‘z binosiga ega emas. Shu bois viloyat hokimi Murotjon Azimov qaror qabul qilib, tegishli tuman va shahar hokimlari hamda Davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyat hududiy boshqarmasiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda o‘z binosiga ega bo‘lmagan har bir MFYga amaldagi qonunchilik talablari asosida bino va inshootlar ajratilishini ta’minlash bo‘yicha aniq topshiriq berdi.

Qaror va mohiyat

Shuningdek, viloyat hokimining joriy yil 3 fevraldagi mazkur qaroriga asosan tumanlar va shaharlar hokimlari va O‘zbekiston mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasiga vohamizdagi 620 ta MFYga tegishli hamda ularning foydalanishida bo‘lgan yer, bino va inshootlarni mahalla fuqarolar yig‘inlari nomiga davlat ro‘yxatidan o‘tkazish choralarini ko‘rish topshirilgan.

Hujjatning tegishli ilovasida qayd etilganidek, hozirgi paytda viloyatimiz hududlaridan faqat Muborak (jami mahallalar soni 25 ta) va Ko‘kdala (37 ta) tumanlarida barcha mahallalar o‘z binosiga ega. Shu bilan birga Qarshi shahrida 3 ta, Koson tumanida 4 ta, Kasbi tumanida 6 ta, Nishon tumanida 8 ta, Shahrisabz shahrida 11 ta, Shahrisabz tumanida 13 ta, G‘uzor tumanida 15 ta, Mirishkor va Kitob tumanlarida 18 tadan, Dehqonobod tumanida 19 ta, Qarshi tumanida 20 ta, Qamashi va Chiroqchi tumanlarida 23 tadan, Yakkabog‘ tumanida esa 27 ta MFYning o‘z binosi yo‘q.

Eslatish joizki, mamlakat Prezidentining 2023-yil 21-dekabrdagi qarori bilan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi zimmasiga Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda turli manbalar hisobidan o‘z binosiga ega bo‘lmagan mahallalarda uch yil muddatda namunaviy mahalla binolarini bosqichma-bosqich moliyalashtirish orqali, qurib topshirilishini ta’minlash vazifasi yuklatilgan.

T.NIZOMOV

Exit mobile version