Qashqadaryo – buyuk ijodkorlar, iste’dodli shoiru adiblar barobarida ovozi qalblarni larzaga soluvchi baxshilar yurti hamdir. Voha baxshilarining dovrug‘i chegara bilmaydi, dunyo sahnalarida yangragan do‘mbira sadolari ming yillar silsilasidan bizgacha yetib kelayotgan bebaho san’atga nisbatan minglab, millionlab kishilar yuragida hurmat-ehtirom tuyg‘ularini yuksaltirib kelayotir.
Binobarin, betakror san’at rivojiga hissa qo‘shgan mohir baxshilarni yodga olishni niyat qildik.
Qashqadaryoga oid
Azim shoir
Azim shoir 1929-yilda Chiyalining To‘qmor qishlog‘ida tug‘ilgan. U «Alpomish», «Go‘ro‘g‘li», «Ahmadxon va Yusufxon» kabi juda ko‘p dostonlarni kuylagan, terma to‘qishda nihoyatda hozirjavob baxshi bo‘lganligi ko‘pchilik tomonidan tan olingan. Azim shoir termalarining mavzusi rang-barang. Azim shoir yurt kezib xalq sayillarida, to‘y-ma’rakalarida, choyxonalarda dostonlar aytgan, hozirjavob termalarida olijanoblikni, mehr-muhabbatni, oqibatni jo‘shib kuylagan. Munofiqlar, ko‘zbo‘yamachilar, hasadchi va g‘arazgo‘ylarni achchiq hajv qamchisi ostiga olgan.
Azim shoirning «Chiyal madhiyasi», «Ko‘kdalam», «Yaxshi va yomon xotin», «Ferma mudiri» termalarida mehnat ilg‘orlari ulug‘lanadi, o‘z yurtiga nisbatan bo‘lgan mehr-muhabbati, o‘tkir nigohi va niyati barq urib turadi. Azim shoir o‘zining ustozi, ulkan xalq oqini Abdulla shoirning «Do‘mbiram» termasini va boshqa asarlarini ham qiyomiga yetkazib ijro etgan.
1988-yilning aprel oyida Kitob tumanida Abdulla shoirning 110 yilligi munosabati bilan viloyat baxshi-shoirlarining ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi. Unda turli joylardan ellikka yaqin baxshi ishtirok etib, bellashadilar. Birinchi o‘rin Qahhor baxshiga berilgan bo‘lsa, ikkinchi o‘rin Azim shoirga, uchinchi o‘rin kitoblik O‘sar baxshi Erkayevga va chiroqchilik Narzullo baxshi Xolmo‘minovga beriladi. Umuman, Azim shoir yuksak ijrochilik mahorati uchun ko‘plab mukofotlar bilan taqdirlangan.
O‘sha paytlarda Qashqadaryo viloyati rahbari bo‘lgan Ro‘zmet G‘oyipov Azim shoirni katta bir yig‘inda yengil mashina bilan taqdirlaganini haligacha eslashadi.
Shomurod baxshi
O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod Mahmanov (Shomurod baxshi) 1932-yil Chiroqchi tumanining Arabbandi qishlog‘ida tavallud topgan. 2000-yil «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni bilan taqdirlangan.
Shomurod baxshi nomdor dostonchi-shoirlar avlodidan. Bu dostonchilik maktabining boshida XVIII asrning ikkinchi yarmi va XIX asr boshlarida yashagan bobokaloni Rasul shoir turadi. Rasul shoirning katta o‘g‘li Mahman shoir bo‘lgan. Mahman shoir otasining davomchisi sifatida qo‘liga do‘mbira olgan, ko‘pkarini xush ko‘rgan. Yigitlik davrida kuch-quvvati taniga sig‘magan, tinib-tinchimas Mahman Xitoy tomonga ketib, 9 oyda ham qaytib kelmagan. Qarindosh-urug‘lari o‘ldi, deb umid uzishganida to‘satdan uyga kirib kelgan.
Mahman shoirning katta o‘g‘li Mardon, ikkinchi o‘g‘li Tog‘ay ham ota-bobosining sehrli do‘mbirasi ta’siriga berilib, dostonchi baxshi bo‘lib yetishganlar. Ayniqsa Mardon shoir (1871-1915) 44 yil umr ko‘rgan bo‘lsa-da, dostonchilikda dovrug‘i olamga ketib, Turkman, Qoraqalpoq, Xorazm tomonlarga, hatto Xitoyga ham borib terma va dostonlar kuylagan. «Go‘ro‘g‘li» turkumidagi dostonlarning 100 tasini yod olib aytib yurgan. U «Alpomish» dostonini yetti kechayu-kunduz davomida ijro etganini aytishadi.
Tog‘ay shoir 1893-yilda tug‘ilib, 1976-yilda 84 yoshida vafot etgan. Uning qismati ancha og‘ir kechgan. 1930-yilda Shimoliy Qozog‘istonning Sibir yerlari bilan chegaradosh joylariga surgun qilinadi. 1932-yilda yurtiga qochib keladi. Shundan so‘ng yana bandi qilinib, endi butun oila a’zolari bilan Sibirga surgun qilinadi. Ochlik, sarson-sargardonliklarda qolgan Tog‘ay shoir oila a’zolarining yettitasidan to‘rt nafari begona yurtlarda ko‘z yumadi. 50-yillar oxirida Tog‘ay shoir boshqa ko‘plab qatag‘on qurbonlari singari oqlanadi va unga yurtga qaytishga ruxsat beriladi. Tog‘ay shoir 17 yoshli o‘g‘li Shomurod bilan Vatanga qaytadi.
Shomurod shoir qatag‘on yillarining zo‘ravonliklari, adolatsizlik, diyonatsizlik hamda ba’zi amaldorlarning hayvoniy his-tuyg‘ularga mukkasidan ketishlarini «Mekkamchol» termasida aks ettirgan. Shuningdek, «Tinchlik», «Qarshi qo‘shig‘i», «Sut sog‘uvchi Tunuqoy», «Cho‘lquvar», «Aytaymi?» singari qator termalari ham mashhur.
Shomurod baxshi «Chambil ohanglari» ko‘rik-tanlovida birinchi, Islom shoir Nazar o‘g‘lining 120 yilligiga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlovda ham eng faxrli o‘rinni egallagan. Bir paytlar «Ostankino» televideniyesida u haqida bir nechta ko‘rsatuvlar tayyorlangan, 1985-yilda esa Qozog‘iston televideniyesi tashkil etgan baxshilarning «Aytis» tanlovida «Yuksak ijrochilik mahorati uchun» oltin medali bilan mukofotlangan.
Qodir baxshi Rahimov
«Qashqadaryo Homeri» deya e’tirof etilgan Qodir baxshi Rahimov 1937-yilda Dehqonobod tumanining Chaliqa qishlog‘ida dunyoga kelgan. Otasi Rahim Jabborov ziyoli, shoirtabiat bo‘lganligi uchun ham Qodirning yoshlikdan bilim olishiga katta e’tibor beradi. Qodir yoshlikdan do‘mbira chertib, termalar kuylashga qiziqqan. U o‘z bilimi va mahoratini Buxoro pedagogika institutida o‘qish jarayonida yanada oshirgan. O‘qituvchilik qilgan va dostonchilik mahoratini tinmasdan oshira borgan.
Qodirga baxshilik, dostonlar kuylash ona avlodidan meros. Uning bobolari Turob va Normurod, hatto ularning ota-bobolari ham elga tanilgan baxshilar bo‘lishgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Qodir baxshi Rahimov qisqa umr ko‘rib, yigirma besh yildan ortiqroq ijod qilgan bo‘lsa-da, Qashqadaryo va Surxondaryo baxshilarini birlashtirgan SHerobod dostonchilik maktabi rivojiga katta hissa qo‘shgan.
Qodir baxshi Rahimov II, III, IV, V va VI jumhuriyat xalq baxshilari ko‘riklarining birinchi darajali diplomlari bilan taqdirlangan. 1974-yilda Moskvada bo‘lgan baxshilar tanlovi laureati, 1979-yili Parij shahrida o‘tgan III jahon xalq ijodiyoti ko‘rigi sovrindori bo‘lgan. 1980- va 1982- yillarda Toshkent va Olmaota shaharlarida bo‘lib o‘tgan jahon miqyosidagi xalq ijodkorlari anjumanlarining g‘olibi deb topilgan.
Qodir baxshi kamolot bobida Ergash Jumanbulbul o‘g‘li, Islom shoir Nazar o‘g‘li, Po‘lkan shoir, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li, Abdulla shoir Nurali o‘g‘li, Umir baxshi Safar o‘g‘li kabi mashhur xalq oqinlaridan keyin o‘zbek xalq doston ijrochiligi davomiyligini ta’minlab, ko‘plab shogirdlar yetishtirgan ustoz san’atkor darajasiga ko‘tarilgan.
Qodir baxshi 70 dan ortiq dostonlarni yod bilgan, o‘zi o‘ndan ortiq doston ijod qilgan, yuzdan ortiq zamonaviy termalar yaratib, ularni xalqimiz ma’naviy mulkiga aylantirgan ijodkor. 1965-yilda ilk marta Qodir baxshi tomonidan ijro qilingan «Norguloy», «Oysha», «Eshqora bilan Do‘stqora», «Oychinor» kabi zamonaviy va tarixiy dostonlar, ko‘plab termalar yozib olingan.
Qodir baxshi o‘tgan asr 60-yillari boshida Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari va Turkmaniston, Tojikiston mamlakatlarini boshdan-oyoq kezib chiqadi. Mazkur hududlarni qamrab olgan Sherobod dostonchilik maktabi asoschisi SHerna baxshi an’analarini davom ettirayotgan atoqli xalq baxshilaridan saboq oladi.
Qodir baxshi 80-yillar boshida ijodda kamolot bosqichiga ko‘tarilganda uning repertuarida «Nurali», «Kuntug‘mish», «Bolhuvon», «Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi», «Go‘ro‘g‘li Yunus va Misqolni Bog‘i Eramdan olib kelishi», «Shirin va Shakar», «Asqad», «Qosimjon», «Avazning Uzumko‘zni olib kelishi», «Norguloy», «Oysha», «Eshqora bilan Do‘stqora», «Oychinor» kabi 60 dan ortiq dostonlar bor edi.
Hozir Qodir baxshining yo‘lini uning o‘g‘illari Abduqahhor va Abdimurod hamda Shodmon, Boborahim, Xurram, Ro‘zi, Hojimurod kabi yigirmadan ortiq shogirdlari davom ettirmoqdalar.
Chori baxshi Umirov
Chori baxshi Umirov 1938-yil Dehqonobod tumanidagi Yetimquduq qishlog‘ida, baxshi shoir oilasida dunyoga kelgan. U Sherobod dostonchilik maktabining yirik vakili hisoblanadi. Ushbu maktabning asoschisi esa Sherna nomi bilan mashhur Shernazar Berdinazar o‘g‘lidir. Chori baxshining otasi Umir shoir Safarov o‘z vaqtida Shernazar Berdinazar o‘g‘lining shogirdi bo‘lgan. Chori baxshi ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotimizda o‘chmas iz qoldirgan ulug‘ allomalar, tarixiy shaxslar haqida rivoyatu afsonalar, xususan, «Amir Temurning tug‘ilishi va yoshligi», «Ulug‘ Sohibqiron» dostonlarini yaratdi.
Chori baxshi otasidan o‘rgangan «Alpomish», «Bolhuvon», «Oyparcha», «Avazxon», «Sanamgavhar», «Malla savdogar» dostonlarini mahorat bilan ijro etgan. Uning o‘zidan esa 21 ta doston yozib olingan. Baxshining o‘zbek dostonchiligidagi ulkan xizmatlari o‘n sakkiz ming misradan iborat. «Tarkibadaxshon», «G‘oyibnoma yoki Go‘ro‘g‘lining tug‘ilishi» dostonlari ayniqsa mashhur.
Xalqimizning an’anaviy baxshichilik san’atini qayta tiklash va keng targ‘ib etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ushbu noyob san’at sirlarini o‘rgatish, kelajak avlodlarga o‘zining yaratgan dostonlarini meros qilib koldirish yuzasidan olib borgan xizmatlari uchun 2017-yilda davlatimiz tomonidan Chori baxshi Umirovga «O‘zbekiston xalq baxshisi» unvoni berilgan.
B.SAYFIYEV tayyorladi.