Qashqadaryo gazetasi Jarayon Xalqaro qurultoy nufuzi va qamrovi yildan-yilga oshmoqda
Jarayon

Xalqaro qurultoy nufuzi va qamrovi yildan-yilga oshmoqda

11-16–avgust kunlari Shahrisabz tumanidagi «Lochin» oromgohida o‘tkazilayotgan «Yoshlar – kelajak bunyodkorlari!» IV ekologiya va  turizm xalqaro qurultoyida respublikamizning barcha hududlari, shuningdek, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston va ilk bor Rossiya Federatsiyasi hamda Belarusdan kelgan mingga yaqin yoshlar qatnashmoqda.

Yoshlar va davr

Tadbir tashkilotchilari – Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, uning huzuridagi Turizm qo‘mitasi va Qashqadaryo viloyati hokimligi vakillarining qayd etishicha, xalqaro qurultoyning asosiy maqsadi yoshlarning ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi faolligini oshirish, ularni turizm sohasiga keng jalb etish hamda ekologiya va turizm sohasidagi istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishdan iboratdir.

Yetti mamlakat yoshlarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirgan forumning tantanali ochilishi «Miraki» turizm markazida bo‘lib o‘tdi. Marosimda so‘zga chiqqan viloyat hokimi Murotjon Azimov qurultoy  ishtirokchilarini qutlar ekan, bu nufuzli tadbirga yaqindagina muhtaram Prezidentimiz tomonidan ochib berilgan «Miraki» turizm markazida start berilayotganida ulkan ramziy ma’no borligini ta’kidlab o‘tdi. Zero, mazkur markaz o‘ziga xos turizm drayveriga aylanib, tadbirkorlarimizni yangi loyihalarni amalga oshirishga ilhomlantirmoqda.

Shu kunlarda «Lochin» oromgohida turli mavzularda seminar va anjumanlar, uchrashuv va suhbatlar, tanlov va intellektual o‘yinlar, plogging (tabiat qo‘ynida faol harakatlangan holda chiqindi terish) bellashuvlari, sport va kibersport musobaqalari o‘tkazilmoqda. Misol uchun, kuni kecha ishtirokchilar o‘z hududlariga xos an’ana va urf-odatlarni aks ettiruvchi ekspozitsiya va chiqishlarni namoyish qilib, mintaqa va davlatlar  turistik salohiyati va ekologik muammolarni bartaraf etish borasidagi ilg‘or tajribalar taqdimotini uyushtirishdi. Atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatmaydigan va ikkilamchi xom ashyoni qayta ishlash natijasida hosil bo‘lgan materiallardan yaratilgan libos va aksessuarlar  ko‘rgazmasi esa «EcoFashion» deb nomlandi.

Xalqaro qurultoy doirasida, shuningdek, «Yosh ekologlar» harakati hamda Yosh turizm elchilari Kengashi a’zoligiga saylovlar, Shahrisabz shahri hamda «Miraki» turistik markazidagi obyektlarga sayohatlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.

O‘z muxbirimiz

Exit mobile version