Agar siz o‘qigan kitob dunyoqarashingizni o‘zgartirmasa, yangi fikr bermasa, o‘zingizda bor fikrlarni shunchaki tasdiqlasa yoki vaqt o‘tkazishgagina yarasa, bunday kitoblar uchun bir daqiqa ham sarflab o‘tirmang. Bu hayotdagi eng bebaho ne’mat – vaqtni sara kitoblar mutolaasiga yo‘naltiring – toki har bir asardan keyin yangi insonga aylaning, tafakkuringiz ko‘lami kengaysin, dunyoni yanada balanddan turib kuzatish imkoniga ega bo‘ling.
Tabiiyki, fikrni o‘zgartiradigan asarlar og‘ir o‘qiladi, unga hammayam dosh beravermaydi, qolaversa, asar mag‘zini chaqish-da hazilakam mashaqqat talab etmaydi – bu yo‘lda goh chalkashib, goh qahramonlar ruhiyatiga tushib, yaxshi-yomon kechinmalarni boshdan kechirish, aqlni charxlashga to‘g‘ri keladi. Tabiiyki, charxlangan aql sizni hayotdagi turli katta-kichik xatolardan qutqaradi, yaxshi yashashingizga yo‘l ochadi. Yaxshi kitoblar ana shunday qudratga ega!
Amerikalik yozuvchi Pol Oster qalamiga mansub “Nyu-York trilogiyasi” romani odatiy asarlarga o‘xshamaydi. Kitob “Shisha shahar”, “Sharpalar”, “Qulflangan xona” kabi mustaqil va bir-birini o‘zaro to‘ldiradigan, joyi kelganda, mohiyatini ochib beradigan uch romandan tarkib topgan. Voqealar detektiv asarlarga xos shaklda zamonaviy Nyu-Yorkda kechadi, ayrim o‘rinlarda roviy odamzodning paydo bo‘lishiyu Amerikaning kashf etilishi haqida uzundan-uzoq fikrlar yuritadi, bir qarasangiz, Don Kixot haqidagi asarni Servantes yozmagan bo‘lib chiqadi, yana qarasangiz, mo‘ljaldagi odamni kuzatayotgan kishi aslida o‘zi mo‘ljalda – kuzatilayotgan bo‘lib chiqadi. Xullas, sahifalar aro chalkash-chulkash yo‘llardan yurib, yakunda shunday manzilga yetasizki, hayratingizni yashirmasdan turolmaysiz.
“Zabarjad media” nashriyotida chiqqan ushbu asar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ingliz tilidan o‘girilgani ham ahamiyatga molik.
Ayni damda postmodernizm yo‘nalishidagi asardan ayrim lavhalar e’tiboringizga havola etilmoqda.
Saralangan satrlar
* * *
Har bir harakat ongli ravishda bajarilganidagina haqiqatga aylanadi va sababchi bo‘lgan avvalgi harakatning davomi hisoblanadi. Shu zaylda o‘z tabiiyligi va ongliligini saqlab qoladi.
* * *
Qayerdadir yuzning eng o‘zgarmas qismi ko‘zlar ekanini o‘qigandi. Go‘daklikdan to keksalikka qadar chindan o‘zgarmaydi ular, buning isbotini ko‘rmoqchi bo‘lganlar bir odamning bolalikdagi surati bilan keksalikdagi suratini solishtirganida, darrov yuqoridagi haqiqatga guvoh bo‘lishi shubhasiz.
* * *
Tadqiqotu tajribalar qanchalik mukammal bo‘lsa, natijalar ham shunchalik muvaffaqiyatli bo‘ladi. Insonning harakatlarini tushunib olish qiyinmas. Qo‘l harakatlari, odatlari va jimjitliklaridan iborat cheksiz sahnning ostida hech yo‘q qandaydir mantiq, tartib va sabab topilishi aniq.
* * *
Eng yomon ehtimolni avvaldan o‘zi yaratmasa, ertaga kichkinagina muvaffaqiyatsizlik ham uni esankiratib qo‘yishi hech gap emas.
* * *
Haqiqat uchun qancha aziyat cheksangiz oz. Hech qaysi fidokorlik haqiqat qarshisida yetarli bo‘lolmaydi.
* * *
Xotirjamlik izlanishlarning eng katta dushmanidir.
* * *
Dunyo hali parchalarga ajralmagan davrlarda ularni so‘zlarimiz bilan ifodalashimiz mumkin edi. Biroq o‘sha ulug‘vor parchalanishdan so‘ng dunyo chor tarafga sochilib ketdi, tanib bo‘lmas holga kelib, maydaliklar aro chirpirak bo‘la boshladi. Faqat so‘zlarimiz muqim qoldi, xolos. Ular dunyoning yangi, tilkalangan voqeligiga moslasholmadi. Shu sabab qachonki o‘zimiz ko‘rgan narsalar haqida gapirmoqchi bo‘lsak, noto‘g‘ri ifodalarni ishlatamiz, ta’riflashni istagan narsamizning mohiyatini beixtiyor aynitamiz.
* * *
Mavjudmiz, biroq qismatimizda bitilgan shaklga hamon kirolganimizcha yo‘q. Boshdan-oyoq ehtimollardan iboratmiz, hali yaratilmagan, nozil bo‘lmagan ashyoning bir namunasimiz. Boisi, inson quvilgan maxluqot va buni muqaddas kitoblar orqali bilib olganmiz.
* * *
Kolumb undan bir tuxumni qanday tik tutishi mumkinligini so‘rashgan payt tuxumning ostiga astagina urib qo‘ydiyu, po‘stloqni biroz yorib, tekisladi. Tuxum esa yorilgach, tekislanib qolgan po‘stlog‘i uzra tik turishga muvaffaq bo‘ldi.
Kolumb dahoning o‘zi edi. U butun umr Jannatni izlab o‘tdi va biloxir Yangi Dunyoni kashf qildi.
* * *
Bu xotira deganlari Xudoning bizga qilgan eng katta tortiqlaridan biri.
* * *
Vaqt bizni qaritadi, shu bilan birga kun va tunni ham tortiq qiladi. Biz o‘lganimizda esa o‘rnimizni to‘ldiradigan boshqa bir kishi doim topiladi.
* * *
Chin ekaniga qalban ishongan gaplaringni hech qachon ovoz chiqarib aytma.
* * *
Jorj Vashington daraxtni kesdi, keyin esa tangani otib yubordi. Tushunyapsanmi? U bu harakati bilan bir haqiqatni oshkor qilgandi. Ya’ni pul deganlari daraxtda o‘sadigan narsa emas.
* * *
Qaysidir buyuk faylasuf qadim zamonlarda aytganidek, pastga tushish yuqori chiqish bilan bir xil ma’no kasb etadi.
* * *
Bodler shunday degandi: “O‘ylashimcha, men baxtli bo‘la oladigan yagona joy bu o‘zim bo‘lmagan joydir”. Aniqrog‘i shuki, men yo‘q joy o‘zligim topilishi mumkin bo‘lgan yagona makondir. Yanada soddaroq aytadigan bo‘lsak, dunyodan tashqaridagi har qanday makon o‘zligimizning mavjudiyatini ta’minlashi mumkin.
* * *
Bilim o‘ta sekin o‘zlashtiriladi, o‘zlashtirilganida esa juda katta shaxsiy qurbonliklarga sabab bo‘ladi.
* * *
Eng ahamiyatli muammo o‘sha muammoning shaklini to‘liq ko‘rolmaslikdir.
* * *
Yozish yolg‘izlikni talab qiladi. Odamning hayotini butkul ishg‘ol qiladigan kuch u. Qaysidir ma’noda hech qaysi yozuvchining faqat o‘ziniki bo‘lgan yagona hayoti yo‘q. Bordek ko‘rinsa ham, aslida mavjud bo‘lmaydi.
* * *
Hamma kasb ham kundalik yumushga aylangach, siyqasi chiqib, zerikarli bo‘ladi.
* * *
O‘z botiniga g‘arq bo‘lgan har qanday odam uchun yozuvchilik majburiyatdir.
* * *
Har bir hayot sababi noma’lum sezgilar majmuasidan, tasodifiy to‘qnashuvlar, bevaqt hodisalar, o‘z bemaqsadliklaridan boshqa hech narsani namoyon qilmaydigan silliqqina voqealar tizimidan iborat emasmi?
* * *
Bir erkakning qalbini dunyoga ochishini faqat zulmatgina ta’minlashi mumkin.
* * *
Fikrlash odamdan sezishni ham talab qiladigan hodisa. U o‘z-o‘zicha ro‘y bermaydi.
* * *
Barchamiz hikoyalar tinglashni istaymiz, xuddi bolalar kabi, faqat naqllargagina quloq tutamiz. Asl hikoyani so‘zlar ichkarisida turib tasavvur qilamiz, buni bajarish uchun hikoyadagi odamning o‘rniga o‘zimizni qo‘yamiz, o‘zimizni tushunganimiz uchun uni ham tushungandek bo‘lamiz. Bu aslida tovlamachilikdan boshqa narsa emas. O‘zimiz uchun mavjuddirmiz, balki, vaqti-vaqti bilan kim ekanimizni ham tushunib qolarmiz, lekin hech qachon bunga ishonch hosil qilolmaymiz. Hayotimiz davom eta turib, o‘zimizga nisbatan tobora shaffoflashamiz, o‘z mavhumotimizni anglaymiz. Hech kim bu boshqalik chegarasidan o‘tolmaydi, sababi esa oddiy: hech kim o‘z cho‘qqisiga tirmasholmaydi.
* * *
Hayotda yashab-yashab anglagan haqiqatimiz uning qanchalar o‘zgaruvchan bo‘lishi mumkinligi, xolos. Boshingga tushganlarga ko‘nolmaysan ba’zan. Hatto taxmin ham qilolmaysan.
* * *
Odam hayotida bir nuqtaga kelgach, hech qanday o‘zgarish qilolmaydigan darajada kechikkanini tushunib qolarkan.
* * *
Mashhur Antarktika ekspeditori Grenlandiya shimolida bo‘ri to‘dasiga qanday tutilib qolganini hikoya qiladi. Yolg‘iz o‘zi, yegulik zaxirasining ham tagi ko‘rinib qolgan, o‘ziga qordan o‘tov qurib, bo‘ron tinishini kutishga qaror qiladi. Oradan kunlar o‘tadi. Baridan avval bo‘rilar hujumiga uchrashdan qo‘rqqan ekspeditor har ikki soatda o‘tovidan chiqib, ularni qo‘rqitish uchun bor ovozi bilan hayqiradi, baqirib qo‘shiq kuylaydi. Lekin shamol shu qadar shiddat bilan esayotirki, qancha baland ovozda baqirmasin, quloqqa chalingan yagona tovush shamolning g‘uvullashi bo‘lib qolaveradi. Garchi bu dolzarb muammo bo‘lsa-da, o‘tovning o‘zi yanada dahshatliroq muammoga aylanib boradi. Chunki Froyxen kichik boshpanasining devorlari tobora o‘zi tomon torayayotganini sezadi. Tashqaridagi sovuq havo sharoiti bois olgan nafasi devorlarni muzlatadi, har nafas olishida devorlar yanada qalinlashaveradi, shu ko‘yi o‘tov kichrayadi, oxiri Froyxen o‘tovga sig‘may ham qoladi. Bir odam o‘zi olib chiqargan nafasi bilan o‘zini muz tobutga asir qilishi haqida o‘ylash kishini dahshatga soladi.
* * *
Xotiralar insonning ichiga in quradigan o‘rgimchaklarga o‘xshaydi.
* * *
“Har narsa”ning kuchi bo‘ladi. Chunki har narsa bo‘lishi mumkin bo‘lgan lahzada so‘zlar yetmay qoladi.
* * *
Bu Amerika deganlari g‘aroyib mamlakat. Nomining jaranglashiyoq sillangni quritishga yetib ortadi.
B.SAYFIYEV tayyorladi.
