Ta’lim va islohot
Qarshi shahridagi nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi «Iqtidorli xalqaro maktabi» MCHJ qo‘shma korxonasi tashkil etgan «Iqtidor» maktabi «CIS Member School» xalqaro sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tarqatgan xabarga ko‘ra, u O‘zbekistondagi xususiy maktablar orasida ilk ushbu xalqaro e’tirofga erishgan nodavlat ta’lim tashkiloti bo‘ldi.
– Ayni paytda maktabimizda 110 nafar o‘g‘il-qiz 17 nafar mahoratli pedagog xodimdan sifatli saboq olmoqda, – deydi ta’lim tashkiloti direktori Sardor Sodiqov. – Ishimizda sifat, maqsad, natija uyg‘unligini ta’minlashga qaratilgan sa’y-harakatlarimiz xalqaro e’tirofga erishishimizga zamin hozirladi. O‘quvchilarimiz ingliz tili va matematika yo‘nalishlarida o‘tkazilayotgan turli fan olimpiadalarida yuksak natijalar qayd etayotgani ham kelajak avlodga zamonaviy ta’lim berish borasidagi izchil mehnatlarimiz samarasini ko‘rsatayapti.
Ushbu sertifikat maktab professional faoliyatining xalqaro ta’lim sohasida yuqori darajada ekanligi va doimiy yuksalishga intilishini tasdiqlaydi. Shu paytgacha bizda bunday e’tirofga faqat Prezident maktablari erishgan.
O‘z muxbirimiz