Qashqadaryo gazetasi Iqtisodiyot Yakkabog‘da yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi qanday loyihalar amalga oshiriladi?
Iqtisodiyot

Yakkabog‘da yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi qanday loyihalar amalga oshiriladi?

Rivojlanish strategiyasi

Yakkabog‘ tumanini 2025-2026 yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturi doirasida Oqtosh mahallasida 432 ta xonadondan iborat 12 ta ko‘p qavatli uy, zamonaviy savdo va servis obyektlari hamda 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti quriladi. Tatar mahallasi va unga borish yo‘lida 70 ta zamonaviy «yashil» uy-mehmonxona ochiladi. Istirohat bog‘ida «Yoshlar mikrohududi» paydo bo‘ladi.

Yakkabog‘ va yurtimizdagi yana 15 ta shahar va tumanni yaqin ikki yil ichida jadal kompleks rivojlantirish dasturlari mamlakatimiz Prezidentining joriy yil 1 apreldagi qarori bilan tasdiqlanib, mazkur hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sishga turtki beruvchi ijtimoiy va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirish uchun davlat budjetidan 1 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan.

Tatarda turistik zona tashkil etiladi, Oqtosh ko‘chasi esa tunu kun 24/7 rejimida ishlaydi

Ma’lumotlarga ko‘ra, Yakkabog‘ tumanini 2025-2026 yillarda jadal kompleks rivojlantirish dasturi beshta tarkibiy qism – sanoat, xizmatlar, qurilish va qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish hamda «yashil» tamoyil va yondashuvlarni joriy etish kichik dasturlaridan iborat. Xususan, hududning industrial jihatdan taraqqiy etishiga erishish uchun «Choydari» kichik sanoat zonasi va tumandagi yana ikkita kichik va bitta yoshlar sanoat zonalarida bo‘sh turgan yer maydonlaridan samarali foydalanish, ya’ni ularni elektron onlayn auksionga joylashtirib, mahalliy va xorijiy tadbirkorlarni jalb qilish va sanoat yo‘nalishidagi loyihalar amalga oshirilishini ta’minlash nazarda tutilgan.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish kichik  dasturining kattagina qismi esa Tatar mahallasi bilan bog‘liq loyihalar hissasiga to‘g‘ri keladi. Bu mahallaga tashrif buyuradigan turistlar uchun qulay sharoitlar yaratish maqsadida Xalq banki va «Mikrokreditbank» mas’ulligida Tatar mahallasining o‘zida 40 ta, Kengguzar mahallasidan Tatargacha bo‘lgan yo‘nalishda esa yana 30 ta «yashil» uy mehmonxonasini ochish mo‘ljallanmoqda. Bundan tashqari, sayyohlar o‘rtasida allaqachon mashhur bo‘lib ulgurgan Tatar mahallasida turizm yo‘nalishidagi istiqbolli loyihalarni hayotga tatbiq etish uchun uning hududidagi O‘rmon xo‘jaligi agentligiga tegishli 3,5 gektar yer maydonini dastlab tuman hokimligi zaxirasiga o‘tkazish, keyin esa u yerda turistik zonani tashkil etish maqsadida ushbu maydonlarni auksion savdolariga chiqarish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu kichik dasturga Tatar mahallasiga olib boruvchi yo‘l bo‘yida barcha turdagi xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchalaridan iborat «Servis point» loyihalarini ishga tushirish va «Tourism information center», ya’ni   turizm axborot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq chora-tadbirlar ham kiritilgan.

Tumanda xizmat ko‘rsatish turlarini ko‘paytirish va hajmini oshirish uchun Ayg‘irko‘l va Oqtosh mahallalari o‘rtasidan o‘tadigan Oqtosh ko‘chasi tunu kun 24/7 rejimida ishlaydigan ko‘ngilochar ko‘chaga aylantiriladi.

2,5 mingta mikro va kichik loyihaga 45 milliard so‘m yo‘naltiriladi

Qurilishni rivojlantirish kichik dasturi doirasida Yakkabog‘da yuqorida tilga olingan Oqtosh mahallasidagi ko‘p qavatli uy-joylardan tashqari, Jaychi mahallasida davlat-xususiy sheriklik asosida zamonaviy mahalla binosini barpo etish hamda ko‘plab ijtimoiy obyektlarni rekonstruksiya qilish, kapital va joriy ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Masalan, tumandagi O‘rta mahallasi  Yangiobod qishlog‘idagi maktabning quvvati 160 o‘rinni tashkil etsada, unda bugungi kunda 283 nafar o‘quvchi tahsil oladi. Shu bois mazkur maktab uchun 250 o‘rinli yangi bino qurish mo‘ljal qilingan. Tatar mahallasida esa bir yo‘la ikkita qishloq – Tatar va Kaltaqo‘ldagi maktablarda qo‘shimcha o‘quv korpuslari hamda faollar zallari va oshxonalar quriladi.

Ishkent mahallasida 496 nafar 3-7 yoshli boladan atigi 150 nafari 6 ta nodavlat oilaviy MTTda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olingan. Qolganlari uchun ham bog‘chaga borish imkoniyatini yaratish uchun hududda davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish choralari ko‘rilmoqda. Ayni paytda Bog‘zor mahallasida mavjud bolalar bog‘chasini joriy ta’mirlash, Qo‘shchinor mahallasidagi MTTni esa kapital ta’mirlashga respublika budjetidan tegishli ravishda 1,5 milliard va 4,3 milliard so‘m ajratiladi.

Tumanda joriy yilda 5,1 ming nafar aholi bandligini ta’minlash uchun har bir mahallada 40 tadan, jami 2,5 mingta mikro va kichik loyiha amalga oshirilishi belgilangan ekan, ularni moliyalashtirishga umumiy hisobda 45 milliard so‘m, shundan 18 milliard so‘m tashabbuskorlarning o‘z mablag‘i va 27 milliard so‘m bank kreditlari yo‘naltirilishi ko‘rsatib o‘tilgan.

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan  934 gektar yer maydonlarida ahvol o‘nglanadi

Yakkabog‘da yaqin ikki yil ichida qishloq xo‘jaligi sohasida ham ko‘plab keng qamrovli loyihalar ro‘yobga chiqariladi. Misol uchun, 800 gektar iqtisodiy jihatdan samarasiz va kam hosil beradigan bog‘ va tokzorlar o‘rnida intensiv bog‘lar barpo etiladi, yana 100 gektar maydonda yangi pista va bodom bog‘lari tashkil qilinib, agroturizm yo‘lga qo‘yiladi, Jambul mahallasidagi 10 gektar maydonda esa ko‘chatchilik rivojlantiriladi. O‘z navbatida suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan  934 gektar yer maydonlarida ahvolni yaxshilash uchun yangi nasos agregatlari o‘rnatish, lotok tarmoqlarini qurish, artezian quduqlar qazish, irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

Tumanda hisori naslli qo‘ychilikni rivojlantirish xo‘jaligini tashkil etish uchun tashabbuskorni aniqlab, 5 ming gektar yer maydonini ajratish va nasldor qo‘ylarni olib kelish choralari ham belgilangan. «Bir kontur – bir mahsulot» tamoyili asosida har biri 10 gektardan maydonda to‘rtta namunali loyiha va 15 gektar maydonda bitta «super» loyihani amalga oshirish mo‘ljallanmoqda.

«Yashil» tamoyil va yondashuvlarni joriy etish kichik dasturi doirasida Ayg‘irko‘l, Yangiobod va Cho‘mich mahallalaridagi 9 ta ikki qavatli uylarning tom qismi, fasadi va kirish yo‘laklarini «yashil» tamoyillar asosida kapital ta’mirlashga 4,1 milliard so‘m yo‘naltirish hamda tumandagi qarovsiz qolgan qabristonlarni obodonlashtirish va talab darajasiga keltirish nazarda tutilgan.

Hududni jadal kompleks rivojlantirish dasturining amalga oshirilishi natijasida Yakkabog‘ tumanida joriy yilda o‘sish sur’atlari sanoatda 106,7 foiz, bozor xizmatlari sohasida 114,5 foiz, qishloq xo‘jaligida 104,3 foizni tashkil etishi, ishsizlik va kambag‘allik darajalari esa  tegishli ravishda  5,4 va 7,1 foizgacha qisqarishi kutilmoqda.

Temur NIZOMOV tayyorladi.

Exit mobile version